Qamoqdagi jurnalist Abdurahmonovga 10 ming yevrolik mukofot beriladi

Solijon Abdurahmonov 10 yilga ozodlikdan mahrum qilingan.

O‘n yillik qamoq jazosini o‘tayotgan jurnalist Solijon Abdurahmonov Germaniyaning Yoxann Filipp Palm jamg‘armasining so‘z va matbuot erkinligiga bag‘ishlangan yuksak mukofotiga munosib deb topildi. Palm jamg‘armasi mukofot egasini 10 ming yevro miqdoridagi pul bilan taqdirlaydi.

Yoxann Filipp Palm jamg‘armasi kengashi, Solijon Abdurahmonovning tez orada qamoqdan ozod etilib, taqdirlash marosimida mukofotni shaxsan o‘zi qabul qilib olishiga umid bildirmoqda.

Bu haqda xabar qilgan Uznews.net ma‘lumotiga ko‘ra, 26 avgust kuni Palm jamg‘armasi 2014 yil so‘z erkinligi va matbuot sohasidagi laureatlar O‘zbekistondan jurnalist Solijon Abdurahmonov va Bahreyndan Nazixa Sayidlar ekanini ma‘lum qilgan. Taqdirlash marosimi esa 30 noyabr kuni Germaniyaning Shorndorf shahrida bo‘lib o‘tadi.

Ozodlik, Amerika Ovozi, Uznews.net kabi agentliklarning Qoraqalpog‘istondagi muxbiri bo‘lib ishlagan 63 yoshli Solijon Abdurahmonov 2008 yil iyun oyida yirik miqdorda giyohvand moddalar saqlaganlik va tarqatganlikda ayblanib, 10 yilga ozodlikdan mahrum qilingan edi.

Huquq himoyachilari jurnalistning qamalishini uning kasbiy faoliyati bilan bog‘liq ekanini ta‘kidlab keladi.

Solijon Abdurahmonov Britaniyaning Urush va Tinchlik muammolarini yoritish instituti bilan ham hamkorlik qilgan.

O‘tgan yili Xalqaro Amnistiya tashkiloti Solijon Abdurahmonovni siyosiy mahbus, deya e‘tirof etdi.

O‘tgan yilning yozida AQShning 12 senatori O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovga maktub yo‘llab, kasbiy faoliyatlari tufayli o‘zbek qamoqlarida qolayotgan ikki jurnalist - Solijon Abdurahmonov va Dilmurod Sayyid hamda huquq faoli A‘zam Turg‘unovni “darhol va hech bir shartsiz” ozod qilishga chaqirgan edi.

Chegara bilmas muxbirlar tashkiloti ham jurnalist Solijon Abdurahmonovning hayoti “katta tahlika” ostida qolayotganini aytib, uni ozod qilishga chaqirib keladi.

Shu kunda Qarshidagi 64/61-koloniyada jazo o‘tayotgan Solijon Abdurahmonovning sog‘lig‘i, yaqinlarining ta‘kidicha, vaqt o‘tgan sayin yomonlashib bormoqda.

Joriy yil 28 may kuni 64 yoshini qarshi oladigan siyosiy mahbus Solijon Abdurahmonovning yaqinlari uning ozod qilinishi bo‘yicha ko‘mak so‘rab, O‘zbekiston prezidenti Islom Karimovga murojaat qildilar.