Apple 5,5 dyuymli iPhone chiqarmoqchimi?

Apple shirkatining sentabr oyida e'lon qilinishi kutilayotgan iPhone 6 smartfoni 5,5 dyuymli ekranga ega bo'lishi mumkin. Internetda yangi iPhonega tegishli ekani iddao qilingan telefon orqa panelining videosi paydo bo'ldi.

Eslatamiz, o'tgan yili sotuvga chiqarilgan iPhone 5S smartfonlari 4 dyuymli ekran bilan jihozlangan.

Apple Insider nashri ma'lumotiga ko'ra, "tishlangan olma" shirkati 9 sentabrga belgilangan taqdimot marosimida o'tgan yilgi kabi birdaniga ikkita yangi smartfonni namoyish etadi.

Biroq bu safar qurilmalar panelida ishlatilgan materillar bilan emas, balki ekranining kattaligi bilan farq qilishi aytilmoqda - smartfonlar 4,7 va 5,5 dyuymli ekranga ega bo'ladi. Birinchisi shu yilning sentabr oyi ohiriga qadar sotuvga chiqsa, ikkinchisi kelasi yili bozorga chiqishi mumkin.

Fransiyalik hakerlar tomonidan qo'yilgani aytilayotgan ushbu videoda ekranining diagonali 16 santimetr (5,5 dyuym) bo'lgan va yangi iPhone smartfoniga tegishli ekani iddao qilingan telefon orqa panel ko'rsatilgan.

Lenta.ru nashrining yozishicha, Apple shirkating 5,5 dyuym ekranli smartfoni iPhone Air yoki iPhone 6L nomi ostida chiqishi mumkin.

Boshqa xabarlarga ko'ra, yangi iPhone smartfonlari tashqi ta'sirga mustahkam sapfirdan yasalgan ekranga ega bo'ladi. Shuningdek, yangi qurilmalarning batareyasi oldingilariga solishtirganda quvvatliroq bo'lishi hamda ichki xotirasi 128 gigabaytgacha bo'lishi aytilmoqda.