O‘sh shahar sudi Qirg‘izistondagi o‘zbek jamoasi yetakchilari Qodirjon Botirov va Inomjon Abdurasulovlarni 2010 yildagi qonli voqealarga aloqadorlikda ayblab, umrbod qamoq jazosiga hukm qildi. 23 oktabr kuni bo‘lgan mahkama haqida Bosh prokuratura 4-noyabr kuni ma‘lumot tarqatdi. Bunga qadar Botirov Jalolobod sudida umrbod qamoqqa hukm qilingan edi.
Qirg‘izistondagi o‘zbeklar yetakchilari ustidan sud hukmi sirtdan e‘lon qilingani haqidagi ma‘lumotni 4-noyabr kuni Qirg‘iziston Bosh prokuroturasi jamoatchilikka ma‘lum qildi.
Rasmiy xabarda aytilishicha, mahkama 23 oktabr kuni O‘sh shahar sudida ochiq tarzda o‘tkazilgan.
Prokuratura matbuot kotibi Seyitjon Apishev bu borada Ozodlikka mana bularni ma‘lum qildi:
- O‘sh shahar sudining 2014 yil 23 oktabr kungi qarori bilan 2010 yilning iyunida O‘sh shahri, O‘sh va Jalolobod viloyatlarida sodir bo‘lgan ommaviy tartibsizliklar tashkilotchilari Qodirjon Botirov va Inomjon Abdurasulov umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi. Karomat Abdullayeva 16 yilga ozodlikdan mahrum qilindi, - dedi Seyitjon Apishev.
O‘zbek yetakchilari sud tomonidan milliy nizo hamda o‘zbeklar va qirg‘izlar o‘rtasida zo‘ravonliklar keltirib chiqarganlikda aybdor, deb topilgan.
Bunga qadar ayni ayblanuvchilar 2010 yilda Jalolobodda bo‘lgan qonli voqealarga aloqadorlikda ayblanib, sudlangan edi. 2011 yilda Jalolobod viloyat sudi Qodirjon Botirov va Inomjon Abdurasulovni umrbod, Karomat Abdullayevaga esa 16 yillik qamoq jazosini bergan edi.
Ammo, Jaloloboddagi mahkamaga taqdim qilingan tergov materiallari va sud hukmi matni bilan to‘liq tanishish imkoni berilmagan qirg‘izistonlik huquq faoli Aziza Abdurasulova taxminicha, o‘zbek liderlari O‘sh va Jalolobod viloyatlari hududida sodir bo‘lgan voqealar yuzasidan alohida-alohida sudlangan.
- Jalolobodda 17-20 mayida tartibsizlik bo‘lib, o‘sha yerda ham 5-6 odam vafot etgan, 50-60 odam yaralangan. Jalolobod sudi, shu ishni qaragan bo‘lsa kerak. Hozirgi mahkama esa O‘shda sodir bo‘lgan voqealar yuzasidan o‘tgan bo‘lsa kerak, - deydi Aziza Abdurasulova.
2010 yildagi O‘sh va Jalolobod voqealarida nohaq ayblanib, hibsga olingan ko‘plab o‘zbeklarni ozod qilishga muvaffaq bo‘lgan faol Aziza Abdurasulova o‘zbek yetakchilari ustidan borayotgan so‘nggi mahkamalardan xabarsiz ekanini aytdi.
Ayni paytda, Shvetsiyada yashayotgan Qodirjon Botirov O‘sh shahar sudi qarorini 2015 yilgi saylovlarga tayyorgarlik, deb baholadi.
- Birinchidan, Qirg‘iziston o‘zining o‘zbeklar va ularning yetakchilariga nisbatan olib borgan siyosatini hech kimdan sir tutmayapti. Menimcha, buning asosiy sababi, 2015 yilda parlament saylovi bo‘ladi, kimdir qirg‘iz xalqining milliy qahramoni, yana kidir dushmani bo‘lishi kerak. Amaldagi qirg‘iz hukumati shunday tayyorgarlik ko‘rayapti, - dedi Qodirjon Botirov.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Shuningdek, Qodirjon Botirov 2010 yilgi O‘sh voqealari yuzasidan Qirg‘izistonda o‘tayotgan mahkamalarda uning huquqini himoya qilayotgan advokat yo‘qligini, mahalliy advokatlar turli bosimlardan qo‘rqib, Botirovni himoya qilishga rozi bo‘lmayotganini aytdi.
- Qirg‘izistondagi advokatlar bizni himoya qilishga qo‘rqqanidan rozi bo‘lmayapti. Xalqaro tashkilotlarga huquqiy yordam so‘rab, qilgan murojaatlarimizga haliyam javob yo‘q, - dedi Botirov.
2010 yilda Qirg‘iziston janubida etnik nizolar asosida yuzaga chiqqan zo‘ravonliklar, buning ortidan 4 kun — 10 iyundan 14 iyunga qadar davom etgan qonli voqealar chog‘ida hukumat hisobicha, 450 odam o‘lgan, minglab odam yaralangan, yana minglab odam uyini tashlab qochishga majbur bo‘lgan.
O‘sh va Jaloloboddagi huquq faollari hamda o‘zbeklar jamoalari yetakchilari hisobicha, qurbonlar hamda jabrlanganlarning aksariyatini o‘zbek millatiga mansub fuqarolar tashkil etadi.