Xitoylik o‘nlab tadbirkorlar bugungi kunda eshak izlab Qirg‘iziston qishloqlarini kezmoqda. Qirg‘iz rasmiylariga ko‘ra, eshak eksporti bo‘yicha ikki davlat o‘rtasida tegishli shartnomalar imzolangan. Shu kungacha 2 minga yaqin eshak Xitoyga eksport qilingan. Qirg‘iz jamoatchiligi esa xitoyliklarning “eshak biznesiga” norozilik bildirayapti.
Xitoylik tadbirkorlar vakili Samara Alievaning aytishicha, eshak terisidan Xitoyda qimmatbaho dorilar tayyorlanadi. Shu sababli xitoylik tadbirkorlar Qirg‘izistondan yiliga minglab eshak sotib olish bilan band.
- Xitoyda chegaradosh davlatlardan eshak sotib olish uchun katta miqdorda pul ajratgan. Avvallari Xitoyning o‘zida eshak ko‘p edi. Hozir u yerda eshak soni ozaygan. Shu sababli qo‘shni davlatlardan sotib olish kerak bo‘lib qoldi. Biroq Qirg‘izistonda kerakli miqdorda eshak topilmayapti. Agarda maxsus fermalar bo‘lsa, o‘sha fermalar bilan hamkorlik qilsak yaxshi bo‘lardi, - deydi Samara Alieva.
Qirg‘iz hukumati vakillari Xitoyga eshak eksport qilinishi qonuniy ekanini aytishadi. Veterinariya va fitosanitariya xavfsizligi bo‘yicha davlat inspeksiyasi rahbari Qalisbek Jumakanovning aytishicha, qirg‘iz-xitoy hukumatlari o‘rtasida tegishli hujjatlar imzolangan. Bungacha eshak eksport qilish bo‘yicha ikki kompaniyaga ruxsat berilgan:
- Bu bo‘yicha qirg‘iz-xitoy hukumatilari 2008 yildayoq shartnoma imzolagan. Undan keyin protokol tuzilib, 2015 yili imzolangan. Eshak va xachirlarni eksport qilish uchun bungacha bizdan ikki kompaniya ruxsat so‘ragan, ruxsat berganmiz. Jami 1700 boshga ruxsat berganmiz. Olib ketishgan. Faqatgina so‘yib olib ketishga ruxsat bermadik. “Tiriklayin olib ketamiz” deyishsa, biz ruxsat beraveramiz, - deydi Qalisbek Jumakanov.
Ma’lum bo‘lishicha, Qirg‘izistonda eshak boqib, uni eksport qilish bilan shug‘ullangan uch firma bor. Undan ikkisi xitoy tadbirkorlariga tegishli. Qirg‘izistondagi ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar birlashmasi rahbari Jirg‘albek Sag‘inbaev fikricha, jamoatchilikka to‘g‘ri tushuntirib, bu biznesni qo‘llash kerak.
- Bizning ekologiyamiz juda toza. Shu sababli bizda boqilgan ekashlar ham toza. Bu ham mol-qo‘y kabi jonivor. Faqat so‘yib, terisini shilib, go‘shtini yo‘lga tashlab qo‘ygan holatlardan odamlar norozi. Kattaroq ferma qurib, boqtirib, barchasini Xitoyga olib ketilsa hech qanday muammo bo‘lmaydi. Savdo-sotiq sohasiga kirganidan keyin bu oddiy maxsulot bo‘ladi. Shu sababli olayotgan odamga ham to‘g‘ri tushuntirib, olib ketaman deyishsa hech kim qarshi bo‘lmaydi. Faqatgina jamoatchilik fikrini ayrim chala mullalar buzayapti, -deydi Jirg‘albek Sag‘inbaev.
Eshak sotib undan foyda topish fikrini akademik Jamin Akimaliev ham qo‘llaydi. Uning aytishicha, sobiq sovet ittifoqi davrida Qirg‘iziston Yevropaga eshak eksport qilgan.
Ayni paytda eshak biznesini harom deguvchilar ham bor. O‘tgan yili parlamentning o‘sha davrdagi deputatlari Nurkamil Madaliev va Tursunboy Bakir o‘g‘li eshak so‘yganlarni jazolash to‘g‘risida qonun loyihasini tayyorlab, jamoatchilik muhokamasiga qo‘ygandi.
- Ma’naviy jihatdan olganda ham bu yaxshi emas. O‘zimiz harom deb hisoblagan xayvonni sotish o‘zimizga yaxshilik olib kelmaydi. Shu kriteriy bilan qaralganda buni to‘xtatish kerak. Qorinni boshqa yo‘l bilan ham to‘ydirsa bo‘ladi. Bizda eshak sotib boyib ketadigan darajada ham ko‘p emas. Olloh ham qaysi hayvonni qanday berishni bilsa kerak. Masalan, it ko‘p tuqqani bilan qo‘ychalik ko‘paymaydi. Qo‘yni esa kunda so‘yib eymiz. Shu sababli eshak sotib boyib ketamiz deyishdan yiroq bo‘lishimiz kerak, -deydi Nurkamil Madaliev.
Qirg‘izistonda eshak go‘shtiga bog‘liq bir qator janjallar yuz bergan. O‘tgan yili Bishkek chekkasida eshak so‘yiluvchi qasobxona borligi ham ma’lum bo‘lgan. “Eshak go‘shti umumiy ovqatlanish joylariga beriladi”, degan gaplar ham tarqalgan. Qasobxona egalarining “Eshak go‘shti chet davlatlarga eksport qilinadi”, degan tushuntirishlari ko‘pchilikda ishon hosil qilmagan.
O‘shda esa aholi eshak boqiluvchi fermalarga qarshi chiqqani ortidan eshak fermalari boshqa yerga ko‘chirilgan.