Toshkentlik imom sumalak bilan bog‘liq udumlarni tanqid qildi

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Toshkentlik imom sumalak bilan bog‘liq udumlarni tanqid qildi


Toshkentdagi “To‘xtaboy” jome masjidi imom-xatibi Ishoqjon Begmatov Navro‘z bayramining asosiy taomi bo‘lgan sumalak bilan bog‘liq udum va odatlarni qoralagan maqolani masjid saytida e’lon qildi.

O‘zbekistondagi ko‘pchilik mahalliy nashrlarda ko‘chirib bosilgan bu maqola sumalak haqidagi rasmiy matbuotda bosilaëtgan lavhalardan farq qiladi.

O‘zbekistondagi nashrlar sumalak bilan bog‘liq udumlarni maqtaëtgan bir paytda mahalliy imom sumalak atrofidagi odatlarni “isrofgarchilik”, "yong‘in hodisalari sodir qiluvchi” omil va “qorong‘uda topishadigan ma’naviy ko‘rlar”ning spirtli ichimlik ichib ishrat qilishi uchun imkoniyat ekanligini “fosh qiladi”.

Imom Isoqjon Begmatov

Oddiy taom atrofidagi "teatrning salbiy obrazlari"

Imom Isoqjon Begmatovning nazarida sumalak “barcha taomlar kabi oddiygina bahoriy taomdir. Uning boshqa taomlardan hech qanday muqaddaslik va afzallik joyi yo‘q. Chunki uning tarkibida mavjud bo‘lgan xususiyatlar boshqa taomlarda ham bor.”

Imom sumalak bilan bog‘liq to‘rtta “salbiy holat”ni o‘z maqolasida sanab o‘tdi.

Muqaddas sumalak?

Ilk muammo, imom nazarida, “sumalakni ilohiylashtirish” bilan bog‘liq muammodir. Imomga ko‘ra¸ sumalak atrofidagi odatlar “bid’at-xurofotlardir, hattoki sumalakka qarab turib fol ochish holatlari ham paydo bo‘layotgani nihoyatda achinarlidir”.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Жарқўрғонлик ҳожи она Мирзиëевга сумалакда фол очди

“Sumalakka cho‘kib o‘lish havfi”

Imom nazaridagi ikkinchi muammo isrofgarchilik va ëng‘in havfsizligi bilan bog‘liq:

“Ziyofat, o‘yin-kulgi, isrofgarchilik, dabdabavozlik, shuningdek, bu borada kimo‘zarga o‘ynash ham rivojlanib bormoqda. Ba’zi holatlarda esa beparvolik hamda loqaydlik tufayli yong‘in hodisalari sodir etilayotgani va qanchadan-qancha moddiy zararlarni keltirib chiqarayotgani-da hech kimga sir emas. Hattoki bir-ikki joyda qarov yo‘qligi va to‘s-to‘polon sababli yosh bolalarning sumalak qaynab turgan qozonga tushib ketib halok bo‘lgani ham ayni haqiqat.” deydi o‘z maqolasida Ishoqjon Begmatov.

IIB rad qildi

Ozodlik bu muammo yuzasidan Toshkent shahar IIB yong‘indan saqlanish boshqarmasi bilan bog‘langanida¸ keyingi bir yil ichida sumalak pishirish bilan bog‘liq yong‘in hodisasi qayd etilmaganligini o‘rgandi.

Sumalak aroq uchun bahonami?

Isoqjon Begmatovning yozishicha, “sumalak spirtli ichimlik ichishga “ sabab bo‘ladigan tadbir:

“Bunday fursatdan «unumli» foydalanadigan yana bir toifa kishilar borki, ular har qanday ziyofat, yig‘in, tadbir yoki o‘tirishlardan asosiy ko‘zlagan maqsadlari yagona. U ham bo‘lsa, o‘rtaga pul tashlab, mast qiluvchi ichimliklarni sotib olib, kayfu safo qilish bilan ovora bo‘lishlikdir. Albatta, bunday ichimliklar o‘zining ishini qilmay qo‘ymaydi. Natijada esa mast-alast bo‘lgan aroqxo‘rlar o‘zlarini «sher» biladilar. Qolaversa, biror janjal, to‘palon va hattoki ba’zi jinoyatlarni ham sodir etishdan qaytishmaydi”, deyiladi maqolada.

Sumalak fonidagi "sevgi va visol"

Sumalak pishirish chog‘idagi odatlar ichida imom e’tibor qaratgan va maqola sarlavhasiga chiqqan jihat – "Sumalak bahona diydor g‘animat"ligidir:

“Eng achinarlisi va eng yomoni esa «Sumalak bahona – diydor g‘animat» qabilida ish ko‘radigan tungi «ko‘rshapalaklar» yoki qorong‘ida topishadigan ma’naviy ko‘rlar uchun bu tadbirlar ayni muddao bo‘lmoqda. Keksa onaxonlar sumalak tayyorlash bilan, otaxonlar esa o‘tin yorish va uni o‘choqqa yoqish bilan ovora bo‘lib turganlarida ularning o‘g‘il-qizlari qorong‘i, pana joylarda bir-birlarining pinjiga kirib, ko‘ngilxushlik bilan mashg‘ul bo‘ladilar”, deyiladi maqolada.

Buyurtirilmagan maqola

O‘zbekistonda umumxalq bayrami sifatida rasmiy bayram tadbiri bilan nishonlanadigan Navro‘z bayrami timsoli bo‘lgan sumalak taomi bilan bog‘liq udumlarni imom Ishoqjon Begmatov o‘z tashabbusi bilan tanqid qildi¸ unga birov buyurtma bermadi¸ deydi O‘zbekiston musulmonlar idorasi fatvo bo‘limi boshlig‘i shayx Abdulaziz Mansur Ozodlik bilan suhbatda

- Ishoqjon domla Begmatov o‘z tashabbusi bilan yozdi bu maqolani. Biz tomondan undov bo‘lmadi. Bunaqa gapni zo‘r gapiradigan imomlarimiz kam o‘zi. Muammoni ham shariat nuqtai nazaridan ham¸ milliy diniy qadriyatlarimiz bilan bog‘lab tushuntiradigan imomlardan beshta bo‘lsa bittasi Isoqjon domladir. Bid’atlarga qarshi mazmunli gaplar gapirgan¸ deydi suhbatdosh.

Bizning o‘z navro‘zimiz bor!

Navro‘z katta tantanalar bilan Toshkent markazida inshonlanar ekan¸ ijtimoiy tarmoqlarda bu bayramning Islomda taqiqlanganini ta’kidlaganini aytishmoqda.

Shayx Abdulaziz Mansur bu iddaolarga ham suhbat mobaynida javob berdi:

- Endi ular gapiraveradi. Ular aytgan Navro‘z bu otashparastlarning navro‘zi. Bu fatvo kitoblarida qoralangan. Bizning Navro‘zda otashparastlik¸ olovga sig‘inish alomati yo‘q. bahor bayrami sifatida nishonlanadiku! Nahotki ular tushunmaydi?! Dinimizni qiyinlashtirib¸ chigallashtirib qborayapti o‘shalar. Million-million musulmonlarni kofirga chiqarib yuborishga tayyor ular. Yaxshilikka yo‘yish o‘rniga¸ bid’at joylarini gapirib qoralashadi. Biz otashparastlar navro‘zi demayapmizku?! deydi O‘zbekiston musulmonlar idorasi rais o‘rinbosari Shayx Abdulaziz Mansur.

Doimiy mudofaadagi ko‘hna bayram

O‘zbekistonnning yaqin o‘tmishida Navro‘z va sumalakni islomiy bayram deya taqiqlashga ham urinishlar bo‘lgan.

O‘zbekiston tarixi va an’analari bo‘yicha mutaxassis¸ antropolog olim Sergey Abashin nazarida¸ sumalak pishirish kabi Navro‘z bayrami qadriyatlari Islom dinidan oldin paydo bo‘lgan va umumiyatla islomiy hayot tarziga uyg‘un keladigan bayramdir:

-Bu bayramga nisbatan ba’zan diniy ulamolar¸ ba’zan siyosatchilar tomonidan jiddiy e’tirozlar bot-bot yangrab turadi. Ba’zi siyosatchilar bayramni ortiqcha diniy deb tamg‘alagani¸ ba’zi dindorlar esa dinga zarar beruvchi bid’at deb baholaganiga tarix guvoh. Antropolog olim sifatida bu bayram din va siyosatdan uzoq bo‘lgan tabiat bayrami ekanligini ayta olaman¸ deydi Sergey Abashin.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ Navro‘z bayrami haqida Beruniyning “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar”, Umar Xayyomning “Navro‘znoma”, Firdavsiyning “Shohnoma”, Navoiyning “Tarixi muluki Ajam” kitoblarida ma’lumot berilgan.