Rossiya Federal xavfsizlik xizmati Moskvada Peterburg metrosidagi portlashni uyushtirganlikda gumonlanib qo‘lga olingan Abror Azimovning akasi Akrom Azimov ham ushlanganini ma’lum qildi. Azimovlarning yaqinlariga ko‘ra, Akrom Azimov O‘shda jarrohlik amaliyotidan o‘tgan va u operatsiya qilingan kunning ertasiga og‘ir avholda qo‘lga olinib, Rossiyaga deportatsiya qilingan.
Peterburg metrosidagi portlash uyushtiruvchisi sifatida 17 aprel kuni qo‘lga olingan Akbarjon Azimovning akasi Akromjon Azimov Moskva yaqinida ushlangani to‘g‘risida Federal xavfsizlik xizmati 19 aprel kuni rasman ma’lumot berdi.
“19 aprel kuni Moskovskiy posyolkasida tergov qilinayotgan jinoyat tashkilotchisi Abror Azimovning akasi -1988 yilda tug‘ilgan Akrom Azimov qo‘lga olindi”, deyiladi rasmiy ma’lumotda.
Federal xavfsizlik xizmatining iddao qilishicha, “Akrom Azimov terrorchilik harakatini tayyorlash uchun ishlatilgan mablag‘larni jo‘natishda, shuningdek, xalqaro terror tashkilotlari emissarlari bilan aloqa kanalini tashkil etishda ko‘mak ko‘rsatgan”.
Azimovlarning ukasi Biloljon Ozodlik radiosi muxbiriga boshidagi o‘simtasini jarrohlik yo‘li bilan oldirgan Akrom Azimov operatsiyadan bir kun o‘tib og‘ir ahvolda O‘shdan Rossiyaga deportatsiya qilinganini ma’lum qildi:
-Mening akam Azimov Akrom O‘shdagi “Hosiyat” klinikasida davolanayotgan edi. U kasalxonaga 12 aprel kuni yotgan. 14 aprel kuni operatsiya qilingan.15 aprel kuni uni kasalxonadan operatsiyadan keyingi og‘ir holatda olib chiqib ketishgan. Uning yonida puli ham, pasporti ham bo‘lmagan. Shundan keyin uyimizga organ xodimlari kelib, uning hujjatlarini olib ketishgan. Bundan havotirlangan buvim uni izlab O‘shga ketgan va advokat yollagan. Akamning daragi shu kungacha chiqmagan edi. Biz uning Rossiya vatandoshi ekanidan kelib chiqib, Rossiyaga deportatsiya qilishgan deb tahmin qilayotgan edik. Keyingi voqealarni yangiliklardan bildik, - dedi Biloljon Azimov.
Kelib chiqishi Qirg‘izistonning Jalolobod shahridan bo‘lgan Abror Azimov 17 aprel kuni Moskvaning Odintsovo tumanida qo‘lga olingan edi.
Maxsus xizmatlar terror hujumini amalga oshirgani iddao qilinayotgan Rossiya vatandoshi Akbarjon Jalilovni aynan Abror Azimov tayyorgarlikdan o‘tkazgan, deb gumon qilmoqda. Abror Azimov o‘ziga bildirilgan ayblovni tan olmayotgani xabar qilingan.
Azimovlarning onasi Vazira Mirzaxmedova Jalolobod shahrida jurnalistlarga bergan suhbatida o‘g‘illarining terrorchi ekaniga ishonmaslignini aytdi:
-Men hech qachon bunga ishonmayman. Mening bolalarim, hatto, bir-birlari bilan ham janjallashgan emas. Bu bir “podstava” ekaniga va o‘g‘lim tez orada oqlanib, ozod etilishiga ishonaman,- dedi Vazira Mirzaxemdova.
3 aprel kuni Peterburg metrosida sodir etilgan portlashda 14 odam halok bo‘lgan, 50 odam yaralangan edi.
Mazkur portlash ortidan Moskva Peterburgda kelib chiqishi markaziy osiyolik bo‘lgan 10 odam qamoqqa olindi.
Rossiya Federal xavfsizlik xizmati Vladimir viloyatida19 aprel kuni o‘tkazilgan aksilterror amaliyoti paytida biri 1991 yilda, yana biri 1987 yilda tug‘ilgan markaziy osiyolik ikki odam otishma paytida otib o‘ldirilganini ham bildirgan.