Qo‘shxotinlilikning oldini oluvchi qonun loyihasi ishlab chiqilmoqda

Bu haqda O‘zbekiston prezidenti 15 iyun kuni diniy xizmatchilar bilan o‘tkazilgan selektor majlisida ma’lum qilgani to‘g‘risida mahalliy nashrlar xabar qildi.

Aytilishicha, Prezident Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organidan o‘tmasdan turib, pul evaziga yashirincha shar’iy nikoh o‘qitish, xotin ustiga xotin olish holatlarini keskin tanqid qilgan.

“Bir paytlar hayotning o‘zi rad etgan kundoshlik, qo‘shxotinlik balosi qanday xunuk oqibatlarga olib kelishi barchani tashvishga solishi kerak.

Tegishli davlat idorasida qonuniy qayd etilmagan “nikoh”dan tug‘ilgan farzandlarning taqdiri, kelajagi ertaga nima bo‘ladi? Tabiiyki, davlat qonunlari bo‘yicha ular ko‘pgina huquqlardan mahrum bo‘lib qoladi. Xususan, otalikni belgilash, tug‘ilganlik to‘g‘risida guvohnoma olish, meros huquqi, o‘sib-ulg‘ayganidan keyin bog‘chaga, ta’lim muassasalariga qabul qilish masalalarida qanchadan-qancha muammolar paydo bo‘ladi.

Eng yomoni, bunday bolalar ruhan majruh bo‘lib, turli ma’naviy nuqsonlar bilan voyaga yetadi. Ular o‘zini jamiyatning to‘laqonli a’zosi deb his etolmaydi.

Hurmatli imom-xatiblar, sizlar Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organidan berilgan hujjatni ko‘rmasdan turib, turli boyvachchalarga shar’iy nikoh o‘qib berayotganingizda mana shunday ishingiz oilalarga qanday baxtsizlik, jamiyatga qanday katta muammo olib kelayotganini loaqal tasavvur qilasizlarmi o‘zi?!", - degan davlat rahbari.

Mirziyoevning qayd etishicha, ana shunday xunuk, yaramas holatlarga chek qo‘yish maqsadida alohida qonun loyihasi ishlab chiqilmoqda. Bu qonunda Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organidan berilgan hujjatga ega bo‘lmagan shaxslarga shar’iy nikoh o‘qigan har qanday mullaga, agar u vallomat bo‘lsayam, jinoiy jazo berish ko‘zda tutiladi.