Pushkinning xotinbozligi uchun “Kelinchak”ka gap tegdi

O‘zbekiston Respublikasi matbuot va axborot agentligi 4 avgust kuni mamlakatdagi bir qator ommaviy axborot vositalariga ogohlantiruv e’lon qildi.

Bir qator gazeta va jurnallar, tele va radiostansiyalar “faoliyatidagi qator kamchilik va qonunbuzilish holatlari” “ochib tashlangan” ogohlantiruv ommaviy axborot vositalarini nazorat qilish vakolati berilgan agentlikka yangi rahbar - Laziz Tangriev tayinlanganidan bir hafta o‘tib, Prezident Mirziyoev ijod ahli bilan uchrashgan kunning ertasiga e’lon qilindi.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

O‘zbekiston Respublikasi matbuot va axborot agentligining ogohlantiruvi

Hajmi ancha katta ogohlantiruv mazmuni to‘g‘risida undan olingan mana bu parcha deyarli to‘liq tasavvur paydo qiladi:

“Teleradio dasturlari, matbuot sahifalarida, asosan, G‘arb san’atkorlarining qo‘shtirnoq ichidagi ishqiy hayotini muntazam yoritayotgan, ularda oilaviy qo‘nimsizlik, juftlarning bir-biriga xiyonati, nikohsiz turmush singari illatlarni oddiy hol sifatida tasvirlayotgan axborot vositalari afsuski yo‘q emas”, deyilgan ogohlantiruvda.

Bu fikrni dalillash uchun Agentlik “Otdoxnyom!” gazetasini, “Kelinchak” "Humo" jurnallarini ancha keng tahlil qilgan.

"Kelinchak"dagi Pushkin va yengil tabiatli ayollar

Xususan, “Kelinchak” jurnali Pushkinning hayotiga oid materialni tahrirsiz bergani uchun tanbeh olgan.

Agentlik ogohlantiruvidan parcha:

“...jurnalda «Biz bilgan va bilmagan Pushkin» sarlavhali material chop etilgan. Unda rus shoiri A.S.Pushkin va uning ayollarga nisbatan munosabati tasvirlanib, ayrim buzuqlik, xotinbozlik, nikohsiz turmush va xiyonatni targ‘ib qiluvchi sahnalar tahrirsiz e’lon qilingan. Jumladan: «...Shoirning aksariyat sarguzashtlari o‘tkinchi edi. Ammo o‘rtaga muhabbat aralashsa bormi, shoir uchun ma’shuqasiga jisman erishishi shart bo‘lar edi... Pushkin kutilmaganda jo‘sh uradigan hissiyotlarini tabiati yengil ayollar bilan qondirishga ham o‘rgangandi...”

“Kelinchak”ka bildirilganga o‘xshash e’tirozlar “Otdoxnem!” jurnaliga ham bildirildi.

Agentlik ogohlantiruvida, shuningdek, ayrim axborot vositalari mualliflik huquqi me’yorlariga rioya qilmayotgani, til qoidalarini qo‘pol ravishda buzayotgani to‘g‘risida ham aytilgan.

Ogohlantiruvda mana bu gap ham bor:

“Jurnaldagi (“Oltin asr”) aksar maqolalarda me’yoridan ziyod xushomad, madhu maqtovlar bayon etilgan, minnatdorliklar bildirilgan. Har bir sonida qariyb 10 dan ziyod maqolada qahramonlar nomidan «hojilik martabasiga ega bo‘ldim» deya o‘zini o‘zi maqtashga e’tibor qaratilgan”.

Tele va radiostansiyalar ham gap eshitdi

Surxondaryodagi «Denov-ATR», Buxorodagi «G‘ijduvon-TV», Jizzaxdagi «Jizzax TV2» telekanallari, Andijondagi «Diydor FM» radiokanali, «Taraqqiyot» telekanalini Agentlik ommaviy axborot vositalari to‘g‘risidagi bir necha qonunni qo‘pol ravishda buzganlikda ayblagan.

Agentlik o‘z ogohlantiruvini Prezident Mirziyoevning ijodkor ziyolilar bilan o‘tkazgan uchrashuvida bildirgan fikrlaridan xulosa chiqarishga chaqiradi.

Ogohlantiruv olganlar nima dedi?

“Otdoxnem!” gazetasi muharriri Anjelikaning Ozodlikka aytishicha, “Agentlik ogohlantiruvi tahririyatga, hozircha, rasman kelgani yo‘q”. Lekin muharrirning ogohlantiruv matnidan xabari bor.

Muharrir vazifasini bajaruvchi etib tayinlanganiga endigina 2 oy bo‘lganini pisanda qilgan Anjelikaning aytishicha, “Otdoxnem!”ga bildirilgan e’tirozlar juda eski materiallarga asoslangan, "lekin shunga qaramay, bu e’tirozlarni e’tiborga olamiz”, dedi muharrir.

Andijondagi “Diydor FM” radiostansiyasi direktori Abduazim Sodiqjonovning Ozodlikka aytishicha, radiostansiya jamoasi ogohlantiruv e’lon qilinganidan so‘ng, 6 avgust, yakshanba kuni o‘z dasturlarining monitoringini o‘tkazgan va Agentlik ko‘rsatib o‘tgan barcha kamchiliklarni tan olgan.

- Reklama to‘g‘risidagi qonunni buzganimizni, mahsulotni bo‘rttirib maqtaganimizni, madaniy qadriyatlarimizga sodiq qolmagan holda G‘arbga ortiqcha yondoshganimizni aniqladik, dedi,“Diydor FM” radiostansiyasi direktori Abduazim Sodiqjonov.

Agentlik tanqidiga uchraganlar yopiladimi?

Agentlik ogohlantiruvining tilga olingan tele va radiostansiyalarga oid abzatsi yakunida “mazkur ommaviy axborot vositalari faoliyatini qayta ko‘rib chiqish vaqti kelgani” aytilgan.

Xo‘sh, bu nima degani?

Bu savolni Ozodlik Agentlik matbuot kotibi Shavkat O‘runovga berdi.

- Bularga (tele va radiostansiyalarga - Ozodlik) taqdimnomalar kiritilgan, agar qonun buzilish holatlariga chek qo‘yishmasa, keyinchalik qo‘shimcha choralar ko‘rilishi mumkin.

- "Qo‘shimcha choralar" ichiga ularni yopib qo‘yish kirmaydimi?

- Agentlikning axborot vositasini yopib qo‘yish vakolati yo‘q. Yopish to‘g‘risidagi qarorni sud qabul qiladi, dedi Agentlik matbuot kotibi.

Raqsbop tarona qo‘yib bo‘lmaydimi?

Ogohlantiruvda mana bu gap ham bor:

“Agentlik tomonidan yuborilayotgan ogohlantirishlar, taqdimnomalar kor qilmasligi, yoshlarga raqsbop tarona-yu, ko‘ngilochar filmlarni (ta’kid Ozodlikniki) qo‘yib eshittirish, bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish niqobi ostida madaniyatsizlikni targ‘ib qilish, shahvoniy tuyg‘ularga erk berish kabi holatlarga tomoshabin bo‘lib qarab turib bo‘lmaydi, albatta”.

Shu gapdan kelib chiqib, matbuot kotibidan “raqsbop tarona-yu, ko‘ngilochar filmlar” qo‘yib eshittirish mumkin emas ekan, unda qanday tarona va qanday filmlar qo‘yib eshittirish mumkin, deb so‘radik.

Bu savolimizga javoban, matbuot kotibi, “ogohlantiruv matnini tayyorlagan mutaxassis bilan gaplashib, yarim soatdan keyin javob berajagini“ aytdi.

Lekin yarim soatdan keyin matbuot kotibi telefonni ko‘tarmadi.

Natijada yana bir savolimizni berolmay qoldik.

Ogohlantiruv matni mana bu jumla bilan boshlanadi:

“Ommaviy axborot vositasi - jamiyat ko‘zgusi, millatning yuzi”.

Savol: Bu fikrda ziddiyat yo‘qmi? Jamiyat ko‘zgusimi yoki Millat yuzimi? Qay biri?

P.S.

Davlat mulkini talon-taroj qilganlikda ayblanib qo‘lga olingan O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligining rahbari Omonullo Yunusov ustidan tergov yakunlangani joriy yil 16 iyunida ma’lum bo‘ldi. Ozodlikka sizdirilgan hujjatlarda, “tergov davomida Yunusov agentlik hisobchisi Dilfuza Usmonova bilan til biriktirib, O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligining mablag‘larini talon-taroj qilgani, agentlikka 229 million 534 ming 385 so‘m miqdorida ziyon etkazgan”i aniqlangani aytiladi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev qarori bilan Matbuot va axborot agentligiga Laziz Tangriev bosh direktor etib tayinlandi. Bu haqda 28 iyulda xabar qilgan mahalliy nashrlarga ko‘ra, Laziz Tangriev bu lavozimda 2013 yildan buyon direktor bo‘lgan Omonulla Yunusov o‘rnida ish boshlagan. Tangriev bungacha G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi direktori sifatida faoliyat ko‘rsatgan.