O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoevning Bishkekka sentabrning birinchi haftasida davlat tashrifi bilan kelishi to‘g‘risidagi xabarni jamoatchilikka Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambaev O‘zganga qilgan tashrifi paytida bildirdi.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Atambaev o‘z so‘zida bu tashrif davomida ikki davlat vatandoshlari uchun eng dolzarb muammo bo‘lib turgan chegaralarni ochish masalasi ham muhokama etilishini sha’ma qildi.
-Men bilaman, 26 yildan beri Qirg‘iziston uchun chegara masalasi eng katta masala bo‘lib turibdi. Keyingi haftada, Xudo xohlasa, O‘zbekiston prezidenti keladi. U kishi bilan munosabatlarimiz juda yaxshi. Xabaringiz bor, yaqindaO‘zbekiston va Qirg‘iziston bosh vazirlari Bishkekda uchrashib chegara masalasini muhokama qilishdi va chegaralarning 84 foizi to‘g‘risidagi bitim tuzildi. 26 yildan beri O‘zbekiston bosh vaziri birinchi marta Qirg‘izistonga keldi, -dedi Atambaev.
Qirg‘iziston prezidentining bu bayonoti odamlar orasida 2005 yildan beri yopiq qolayotgan chegaralarning bira-to‘la ochilishiga umid uyg‘otdi.
Mirziyoev hokimiyatga kelishi ortidan 2016 yilning oktabridan chegaradagi “Do‘stlik” o‘tkazish punkti qisman ochilgan edi. Bu chegara punktidan chaqiruvchi tomon to‘yga yoki janoza marosimiga taklif qilib telegramma jo‘natsa o‘tish mumkin bo‘lib qolgandi. Qolgan o‘ndan ortiq chegara punktlari esa hamon yopiqligicha qolmoqda.
Jalolobodlik Chinnixon aya Shavkat Mirziyoevning Bishkekka kelishini televizor orqali eshitib, bu tashrifni umid bilan kutmoqda. U Mirziyoevning safari ortidan chegaralar ochilsa, Andijonga borib 5 yildan beri ko‘rishmagan qizini ko‘rib kelmoqchi.
-Bir qizimning pasporti yo‘q. 5 yildan beri u bilan ko‘risha olmaymiz. Yaxshi hukumat telefon chiqarib qo‘ygan ekan, telefon orqali sog‘lig‘ini bilib turibmiz. O‘zbekistonning yangi bo‘lgan prezidentlari jindak Qirg‘iziston bilan bordi-keldini yaxshi qilib, yo‘llarin ochib, bordi-keldini ochib bersa yaxshi bo‘lardi, -dedi Chinnixon aya.
Qirg‘iziston bosh vazirining sobiq o‘rinbosari Abdurahman Mamataliev esa "ikki davlat o‘rtasidagi bordi-keldini tiklash faqat chegaralarning ochilishi bilangina o‘z qolipiga qaytishini anglatmaydi, buning uchun yana juda ko‘p masalalarni hal qilish lozim", deb fikr bildirdi.
-Andijon voqeasidan keyin O‘zbekiston chegarani bir tomonlama yopgan edi. Shundan keyin ikki davlat o‘rtasida avtomobil qatnovi ham to‘xtatildi. Avval O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida 28 yo‘nalishda avtobus qatnardi. Temir yo‘l qatnovi mutlaqo to‘xtatib qo‘yildi, aviaqatnovlar soni keskin qisqardi. Bordi-keldini avvalgi holiga keltirish uchun mana shu masalalarni ham birinchi galda hal qilish lozim, -dedi Abdurahman Mamataliev.
16 avgust kuni O‘zbekiston va Qirg‘iziston bosh vazirlarining Bishkekda bo‘lib o‘tgan uchrashuvida chegaraning 84 foizi aniqlanib bo‘lingani to‘g‘risidagi oraliq bitim imzolangan edi. Mazkur bitim asosida tuziladigan shartnomani esa prezident Atambaevning sentabr oyida Toshkentga qiladigan tashrifi doirasida imzolash rejalashtirilayotgani xabar qilingandi.
Keyinroq Shavkat Mirziyoev ham Qirg‘izistonga borishi to‘g‘risida xabar berilgan, biroq bu tashrif qachon amalga oshirilishi to‘g‘risida aniq ma’lumot aytilmagan edi.
O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi chegaraning uzunligi 1378 kilometrni tashkil qiladi. 16 avgustgacha bu hududning 320 chaqirimi aniqlanmagani va bahsli bo‘lib qolayotgani aytilib kelingan.
Chegaraning 84 foizi, ya’ni 1170 kilometri aniqlanib bo‘lingani to‘g‘risidagi oraliq bitim imzolanganidan so‘ng 208 kilometrga yaqin bahsli hudud qolgani rasman xabar qilindi.