29 avgust kuni Eron prezidenti Hasan Ruhoniy AQShning BMT yadroviy nazoratchilari Tehron harbiy bazalariga borishi kerak, degan talabini rad etdi. Boshqa Eron rasmiylari esa Vashingtonning bu talabini “xom xayol” deya ta’rifladi.
Ruhoniy BMTning Xalqaro atom energiyasi agentligi (XAEA) bunday tashrifga rozi bo‘lmasligini aytdi.
“XAEA bilan aloqalarmizni qoidalar belgilaydi, AQSh emas. XAEA bunday tintuv qilish chaqirig‘iga rozi bo‘lmaydi, deb o‘ylayman. Ular rozi bo‘lgan taqdirda ham, biz rozi bo‘lmaymiz”, dedi prezident.
Ruhoniy, agar AQSh Eron va qudratli davlatlar o‘rtasida 2015 yil erishilgan kelishuvdan voz kechadigan bo‘lsa, uni hamkorlari qo‘llamasligini aytdi.
“Amerikaning hamkori bo‘lmish 28 [Yevropa Ittifoqiga a’zo] davlat biz kelishuv shartlarini bajarayotganimizni aytib keladi”, dedi u.
Avvalroq Fransiya prezidenti Emmanuel Makron yadoroviy kelishuvdan boshqa alternativ yechim yo‘q, deb hisoblashini ta’kidlagan edi.
O‘tgan haftada AQShning BMTdagi elchisi Nikki Xeyli XAEAni Tehron yashirin tarzda yadroviy amaliyotlarni amalga oshirmayotganiga amin bo‘lish uchun mamlakatning harbiy bazalarini tekshirishga chaqirgan edi.
2015 yilning yakunida Eron va dunyoning qudratli davlatlari o‘rtasida uzoq yillar davom etgan muzokaralar ortidan Tehronga qarshi xalqaro sanktsiyalar bekor qilingan, evaziga Eron o‘z yadroviy dasturini qisqartirish majburiyatini zimmasiga olgan edi. Kelishuvga binoan, XAEA Tehron kelishuvga amal qilayotgani yoki yo‘qligini nazorat qilib turadi.
Eron rasmiylari o‘z harbiy inshootlariga nazoratchi kiritishdan bosh tortib keladi. Shunday bo‘lsa-da, 2015 yilgi kelishuvga binioan XAEAda shubha tug‘iladigan bo‘lsa, tashkilot Tehrondan tegishli inshootni tekshirishni so‘rashi mumkin.
2015 yildan beri XAEA Eron o‘z majburiyatlarini bajarib kelayotganini ta’kidlab keladi.
Ruhoniy 29 avgust kuni qilgan chiqishidan avval Eron hukumati matbuot kotibi Muhammad Baqer Nobaxt Tehronda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida mamlakatning harbiy inshootlariga hech kim kiritilmasligini aytgan edi.
“Mazkur ob’ektlar haqidagi barcha ma’lumot maxfiydir. Eron hech qachon bunday tashriflarga izn bermaydi. Xom xayoldan boshqa narsa bo‘lmagan bunday sharhlarga e’tibor bermang”, dedi kotib.
Eron Oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiyning to‘ng‘ich maslahatchici Ali Akbar Viloyatiy ham bunday tashrifga yo‘l qo‘yilmasligini aytdi.
“Amerikaliklar bizning harbiy va nozik ob’ektlarimizga tashrif buyurish orzularini go‘rlariga olib ketadilar. ... Hech qachon bunday bo‘lmaydi”, dedi Viloyatiy.
Eron o‘z harbiy inshootlari tekshirilishiga izn bermay keladi. Ammo 2015 yilgi yadroviy kelishuvga erishilishidan avval Tehron Parchin harbiy kompleksiga nazoratchilarni bir marta kiritdi. G‘arb mamlakatlari razvedka xizmatlari Eron aynan shu yerda o‘n yil avval yadroviy qurol ishlab chiqarishga uringan, deb hisoblaydi.
2016 yilda Tehronga qarshi sanktsiyalar bekor qilinishidan avval XAEA Eron yadroviy dasturining harbiy jihatlari haqidagi barcha savollariga javob olganini bildirgan edi.