Haj mavsumi jiddiy favqulodda hodisalarsiz yakunlandi

Saudiya Arabistoni rasmiylari joriy yilda 2 million 300 ming odam ishtirok etgan Haj ziyorati jiddiy hodisalarsiz muvaffaqiyatli yakunlanganini e’lon qildi.

Haj masalalari bo‘yicha hukumat qo‘mitasi rahbari shahzoda Holid al Faysal 3 sentabr kuni Haj ibodati yakunlanganini e’lon qilar ekan, joriy yilda ziyoratchilar soni o‘tgan yilga nisbatan 30 foizga ko‘p bo‘lganini bildirdi.

“Ikki milliondan ko‘proq musulmon islom dini arkonlaridan birini ado etish uchun bu muqaddas zaminga tashrif qildi”, deb bildirdi shahzoda Holid al Faysal.

Ziyoratchilar besh kun mobaynida Kaaba atrofini 7 marta aylanish, Arofat tog‘ida Shaytonga tosh otish kabi amallarni bajaradilar.

Shahzoda Holid al Faysal Saudiya Arabistoni Haj mavsumida ziyoratchilar xavfsizligini ta’minlash uchun jiddiy choralar ko‘rayotganini ta’kidladi. Joriy yilda ziyoratchilar xavfsizligini yuz ming politsiyachi va maxsus xizmat xodimi ta’minladi.

Holid al Faysal 30 avgust kuni boshlanib 3 sentabr kuni yakunlangan 5 kunlik Haj ibodati paytida hech qanday favqulodda hodisalar yuz bermaganini alohida ta’kidladi.

So‘nggi bir necha yil ichida Haj mavsumida ko‘plab ordamlar halok bo‘lgan tartibsizliklar, yong‘inlar va favqulodda hodislar yuz berib kelayotgan edi.

Masalan, 2015 yilning sentabrida Makkada yuz bergan izdihomda 2300dan ziyod eronlik ziyoratchining halok bo‘lgani ortidan Tehron 2016 yildagi Hajni baykot qilgan edi. Joriy yilda esa Erondan Hajga 90 ming ziyoratchi keldi.

Bundan tashqari Saudiya Arabistoni 16 avgust kuni Haj ziyoratini amalga oshirmoqchi bo‘lgan qatarliklar uchun chegarasini ham vaqtinchalik ochdi. 5 iyun kuni Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Bahrayn, Misr va boshqa mamlakatlar Qatarni terrorchilikni qo‘llab-quvvatlashda ayblab, diplomatik va iqtisodiy aloqalarini uzgan edi.

Joriy yilda 7 mingdan ziyod o‘zbekistonlik Haj ibodatini amalga oshirdi. O‘tgan yillar besh ming atrofida o‘zbekistonlik Hajga jo‘natilgan bo‘lsa, bu yil kvota oshirildi va 7350 nafar o‘zbekistonlik Hajga bordi.

O‘zbekistonlik har 49 nafar ziyoratchiga bittadan tajribali guruh rahbari biriktirildi. Shuningdek, ziyoratchilarga 35 kishidan iborat ishchi guruhi, 35 nafar shifokor va 15 nafar oshpaz xizmat ko‘rsatdi.

Haj safaridan o‘zbekistonlik ziyoratchilar 8-24 sentyabrь kunlari qaytishlari rejalashtirilgan.

Ayrim axborot agentliklarining Saudiya Arabistoni bosh statistik byurosi ma’lumotlariga tayanib xabar berishicha, joriy yilgi mavsumda asosan Misr va Jazoirdan bo‘lgan 39 ziyoratchi halok bo‘ldi. Ularning vafotiga surunkali kasalliklari avj olishi sabab bo‘lgani aytilmoqda.