Rossiya politsiyasi Aleksey Navalniy yordamchisiga hujum qilgan shaxsni qidirmoqda

Mosvka politsiyasi rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniyning yordamchisiga metall quvur bilan hujum qilgan shaxsni qidirmoqda. Rasmiylarning bildirishicha, Nikolay Lyaskinga hujum qilgan noma’lum shaxs “bezorilikda” ayblanmoqda.

Moskva shahar politsiyasi matbuot kotibi 16 sentabr kuni “Interfaks” agentligi bilan suhbatda 15 sentabr kuni sodir bo‘lgan hodisa bo‘yicha ish qo‘zg‘alganini bildirdi.

Hujum natijasida Lyaskinning miyasi chayqalib, lat yegan.

Keyingi paytda Navalniy tarafdorlari Rossiya bo‘ylab hujum va tahqirlarga uchramoqda. Navalniyning o‘ziga aprel oyida ko‘kdori bilan hujum qilingan edi.

Navalniyning ko‘zini ko‘r qilib qo‘yayozgan hujum ishini politsiya hech bir izohsiz iyun oyida yopib qo‘ydi.

Navalniy 2018 yilgi prezidentlik saylovlarida o‘z nomzodini qo‘yish istagini izhor qilgan. Ammo rasmiylar u moliyaviy jinoyatlarda aybdor, deb topilgani uchun, siyosiy lavozimlardan chetlatilganini aytib kelishadi.

Joriy prezident Vladimir Putin saylovda ishtirok etish-etmasligini hali e’lon qilgani yo‘q. Ammo ko‘pchilik u to‘rtinchi marotaba prezidet bo‘lish istagida ekanligiga ishonadi.

O‘tgan haftada Human Rights Watch tashkiloti “radikal millatchi hamda putinparast guruhlar Navalniy kampaniyasi a’zolariga hujum qilib, ularni qo‘rqitib kelayotganini”, bu holatlar bo‘yicha rasmiy tergovlar “samarali ravishda o‘tkazilmayotganini” ta’kidladi.

Tashkilot bildiruvida yana Navalniyning prezidentlik saylovda ishtirok etishga qaratilgan urinishlariga Rossiya politsiyasi sistematik tarzda uning ofislarini tintuv qilib, kampaniya ko‘ngillilarini qo‘lga olib hamda boshqa yo‘llar bilan halal berayotgani aytiladi.

Navalniyning huquqshunosi Ivan Jdanov Twitterda “Tabiiyki, Nikolay Laskinga qilingan hujum politsiya avvalroq bu kabi hujumlarni amalga oshirgan tubanlarga qarshi chora ko‘rmayotganining natijasidir”, deb yozdi.

Navalniyning o‘zi esa “Bu suiqasd qilish urunishidan boshqa nima?” deb yozdi va qo‘llanilgan qurol suratini tirkadi.