BMT Bosh Assambleyasida 19 sentabrda nutq so‘zlagan Shavkat Mirziyoev Toshkentning yangi tashqi siyosati haqida gapirar ekan “O‘zbekiston bugungi kunda o‘zining tashqi siyosatida Markaziy Osiyo mintaqasiga ustuvor ahamiyat qaratmoqda. Bu – har tomonlama chuqur o‘ylab tanlangan yo‘ldir”, deb ma’lum qildi.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Shavkat Mirziyoev BMT Bosh Assambleyasida so‘zlagan nutqida xalqaro mavzularni ham tilga oldi. Jumladan, Mirziyoev O‘zbekiston BMTni bosqichma-bosqich isloh etilishi tarafdori ekanini bildirdi.
Jahonda terrorchilik va ekstremistlik kuchayib borayotganiga e’tbor qaratgan Mirziyoev, bu chaqiriqlarga qarshi kuch ishlatish bilan javob qaytarish o‘zini oqlamaganini ta’kidladi. Shundan kelib chiqqan holda, Mirziyoev BMTning Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyasini ishlab chiqishni hamda BMT Bosh Assambleyasining "Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik" deb nomlangan maxsus rezolyutsiyasini qabul qilishni taklif etadi.
“Ushbu rezolyutsiya bag‘rikenglik va o‘zaro hurmatni qaror toptirish, diniy erkinlikni ta’minlash, e’tiqod qiluvchilarning huquqini himoya qilish, ularning kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslikka ko‘maklashishga qaratilgan”, -dedi O‘zbekiston prezidenti.
Mirziyoev o‘z nutqida O‘zbekiston “barqaror va iqtisodiy jihatdan rivojlangan Markaziy Osiyo”ni shakllantirish ustida ishlayotganini ma’lum qildi.
Mirziyoevning aytishicha: “Tinch-osoyishta, iqtisodiy jihatdan taraqqiy etgan Markaziy Osiyo – biz intiladigan eng muhim maqsad va asosiy vazifadir”.
Prezident o‘zi hokimiyatga kelgan qisqa muddat ichida qo‘shni davlatlar bilan “siyosiy ishonch muhitini yaratishga erishilgani”ni ham ta’kidlab o‘tdi.
Mirziyoevga ko‘ra, O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida 5 sentabr kuni chegara shartnomasining imzolanishi bu maqsad yo‘lidagi “tom ma’noda muhim voqea” bo‘ldi.
-Biz Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hech istisnosiz barcha masalalar bo‘yicha oqilona murosa asosida hamkorlik qilishga tayyormiz, - dedi Mirziyoev.
O‘zbekiston prezidentining bildirishicha, noyabr oyida Samarqandda Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida "Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yo‘lidagi hamkorlik" mavzusida xalqaro anjuman o‘tkaziladi.
“Ushbu anjuman yakunida biz Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining Markaziy Osiyo davlatlarining xavfsizlikni ta’minlash va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash borasidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashga doir maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish taklifini kiritishni mo‘ljallaganmiz. Bu taklifni BMT rahbariyati va xalqaro hamjamiyat qo‘llab-quvvatlaydi, deb ishonamiz”, -dedi Mirziyoev.