BMT Bosh Assambleyasida AQSh prezidenti Donald Tramp, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron, Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambaev bilan bir qatorda birinchi marta ishtirok etgan O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoev 19 sentabrda rus tilida so‘zlagan nutqida Toshkent hukumati islohotlar orqali mamlakatning yangi qiyofasini shakllantirayotgani hamda fundamental inson huquqlari haqida gapirdi.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Prezident Shavkat Mirziyoev 19 sentabr kuni BMT Bosh Assambleyasida so‘zlagan nutqida O‘zbekiston hukumatining asosiy faoliyati bugungi kunda "mamlakatning yangi qiyofasini shakllantirishga" qaratilganini aytdi.
-Biz ajdodlarimizning donishmandlik an’analariga amal qilib, teran anglagan holda, qat’iy islohotlarni amalga oshirmoqdamiz, mamlakatimizning yangi qiyofasini shakllantirish yo‘lidan bormoqdamiz, - dedi Shavkat Mirziyoev.
O‘zbekiston rahbari bu yo‘nalishda valyuta erkin konvertatsiyasiga ruxsat berilganini, biznes uchun soliqlar miqdori kamaytirilganini, tadbirkorlar uchun kreditlar berish ko‘lami ko‘payganini, erkin iqtisodiy zonalar yaratilayotganini ta’kidladi.
“Biz oddiy bir haqiqatdan kelib chiqmoqdamiz: Xalq qancha boy bo‘lsa, davlat shuncha kuchli bo‘ladi”, -dedi Mirziyoev.
Uning aytishicha, bugungi kunda O‘zbekistonda bolalar mehnati va majburiy mehnatga barham berish bo‘yicha ta’sirchan choralar ko‘rildi hamda inson huquqlarini himoya qilish kafolatlarini mustahkamlash yuzasidan chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqildi.
-Ekstremizm g‘oyalari ta’siriga tushib qolgan, to‘g‘ri yo‘ldan adashgan fuqarolar ijtimoiy reabilitatsiya qilinmoqda, ularni sog‘lom hayotga qaytarish uchun zarur sharoitlar yaratilmoqda,-dedi prezident.
Prezident o‘z nutqida “Odamlarning erkin harakat qilishini cheklaydigan xorijga chiqish vizalari singari umrini mutlaqo o‘tab bo‘lgan o‘tmish qoldiqlari bekor qilindi”, deb bayonot berdi.
Mirziyoev “Inson huquqlarini himoya qilish masalalari bo‘yicha milliy va xalqaro nodavlat tashkilotlar bilan ochiq muloqotimiz faollashib bormoqda”, deb bildirdi.
Aytib o‘tish joizki, 18 sentabrda BMT Bosh Assambleyasida ishtirok etish uchun Nyu-Yorkka kelgan Mirziyoev 19 sentabrda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Zayd Raad al-Husayn bilan uchrashdi.
Rasmiy xabarda aytilishicha, uchrashuvda Zayd Raad al-Husayn joriy yil may oyida Toshkentga qilgan safaridan so‘ng O‘zbekiston va Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissar boshqarmasi o‘rtasidagi amaliy va ochiq muloqot yangi darajaga ko‘tarilganini bildirgan.
Uchrashuv paytida sentabr oyi oxirida BMTning din va e’tiqod erkinligi masalasi bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Ahmad Shahid O‘zbekistonga tashrif bilan kelishi ham ma’lum qilindi.