Karimov davrida 15 yil qamoqda o‘tirgan Ahmadjon Odilov 92 yoshida vafot etdi (VIDEO)

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Karimov davrida 15 yil qamoqda o‘tirgan Ahmadjon Odilov tuproqqa qo‘yildi

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan paxtakor, Sotsialistik Mehnat Qahramoni Ahmadjon Odilov 92 yoshida Namangan viloyat, Pop tumanidagi o‘z uyida vafot etdi. Marhum 27 sentabr kuni G‘urumsaroyda dafn etildi. Dafn marosimida qatnashganlarning Ozodlikka xabar qilishicha, marhum bilan vidolashish uchun minglab odam kelgan. Sovet davrida “Paxta ishi” doirasida qamalgan Ahmadjon Odilov Islom Karimov davrida ham 15 yil qamoq jazosini o‘tagan. Odilov 2008 yil, 5 iyun kuni 83 yoshida qamoqdan chiqqan edi.

Sovet davrida “Paxta ishi” doirasida qamalgan Ahmadjon Odilov Islom Karimov davrida ham 15 yil qamoq jazosini o‘tagan.

O‘zbek sovet ensiklopediyasining 1976 yili chop etilgan 8-jildida Ahmadjon Odilov to‘g‘risida mana bunday ma’lumot berilgan:

“Ahmadjon Odilov.O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan paxtakor. Sotsialistik Mehnat Qahramoni. 1950 yildan KPSS a’zosi. 1966 yildan O‘zbekiston KP a’zosi. KPSSning 23, 24-s’ezdlari, O‘zbekiston kommunistik partiyasi 16, 19-s’ezdlari deputati. 8, 9-chaqiriq SSSR Sliy Soveti deputati. Kolxozlar soveti ittifoqi a’zosi. 3 marta Lenin ordeni va medallar bilan mukofotlangan”.

Ensiklopediyaga kirganidan keyingi yillarda Ahmadjon Odilovning qudrati, shuhrati yanada oshdi.

1980 yillarning o‘rtalarida “paxta ishi”, “o‘zbeklar ishi” doirasida qamaldi.

Ahmadjon Odilovning Mustaqillik davrida yana qamalgani to‘g‘risida shoir va xofiz Dadaxon Hasanov 2008 yili bunday degan edi.

“O‘sha paytda qulog‘imga har xil gaplar kelgan. Siz eshitganmisiz yoki yo‘qmi, u kishi “Temur adolati” partiyasini tuzgan, degan gapni eshitganman. 1992 yillarda. Shu paytda endi partiya zamonamizga to‘g‘ri kelmaganmi, shu gapni eshitganman, xolos. Shuning uchun u kishi qamaldi, degan gapni eshitganman”,- dedi D.Hasan.

Lekin Ahmadjon Odilov ustidan chiqarilgan hukmlarda uning partiya tuzgani to‘g‘risida gap yo‘q.

Odilov 1993 yil iyunida hibsga olindi va Qo‘qon shahri sudi 5 tonna mineral o‘g‘it o‘g‘irlashda aybdor topib, 4 yilga ozodlikdan mahrum etdi.

Qamoqdaligida A.Odilov SSSR davridagi iqtisodiy jinoyatlari uchun 10 yilga ozodlikdan mahrum etiladi.

1996 yilda uning qamoq muddati tugashi kerak edi, ammo turmadagi nazoratchilar uning buyumlari orasidan go‘yoki “narkotik modda topadi” va qamoq muddatiga qo‘yimcha muddat qo‘shildi.

1997 yilda “koloniya ma’muriyatiga bo‘ysunmagan” A.Odilov yana bir bor ozodlikdan mahrum etildi. Qarindoshlarining A.Odilovni ozod qilishni so‘rab yozgan bir necha arizalari e’tiborga olinmadi. Amnistiyaga ham tushmadi.

Va nihoyat 2008 yilning 3 iyunida Ahmadjon Odilov ozodlikka chiqqan edi.