Surxondaryolik dehqonlar yeryong‘og‘ini tortib olish yana boshlandi

21-22 oktabrda Sariosiyo tumanida bir necha dehqonning yeryong‘oq hosili Majburiy ijro byurosi xodimlari tomonidan tortib olindi. Denov tumanida esa, hosilini yig‘ishtirib olgan dehqonlardan pul talab qilinmoqda. Ozodlik va mahalliy blogerning maqolalari ortidan o‘tgan hafta oxirida dehqonlar hosilini tortib olish to‘xtagan edi.

Bir mashina yeryong‘oqni olib ketishdi

21 oktabr kuni tushdan keyin Sariosiyo tuman, Hufar qishlog‘idagi fermer xo‘jaliklaridan biridan ijaraga yer olib, yeryong‘oq ekkan dehqon ko‘targan hosilning bir qismi - bir mashinasi Majburiy ijro byurosi xodimlari tomonidan majburan olib ketildi.

Bu haqda dehqonning voqeaga guvoh bo‘lgan qarindoshlaridan biri Ozodlikka xabar qildi:

“Majburiy ijro byurosi xodimlari bir necha mashinada kelishdi. Yeryong‘oqni o‘zlari yuk mashinasiga ortishdi. Jami hosilning beshdan birini olib ketishdi. Qarindoshimiz 70 sotix yerni fermerdan 700 ming so‘mga sotib olgandi. Bu 3-4 oyga, takroriy ekin uchun. Keyin yana qancha harajat qildi. 85 kilo urug‘ sotib olgan, 900 ming so‘mcha ketgan. Keyin yerni haydatish, kultivatsiya qilish uchun ham pul ketgan. Jami 3 million so‘mdan ziyod pul ketgan. Endi qolgan hosilini ham olib ketishidan qo‘rqib o‘tiribdi”, dedi dehqonning qarindoshi.

Сариосиёлик деҳқонлари ҳосилини мажбуран олиб кетишаяпти

Suhbatdash so‘zlaridan ma’lum bo‘lishicha, Majburiy ijro byurosi xodimlari fermer xo‘jaligining qarzini qoplash uchun, fermerdan yer olgan dehqonlarning hosilini tortib olmoqda.

Sariosiyo tumanidagi dehqonlardan birining aytishicha, 22 oktabr kuni uning ham 20 qop yeryong‘og‘ini majburiy ijro byurosi xodimlari olib ketgan.

O‘zini Sariosiyo tuman hokimining yordamchisi Amirillo deb tanishtirgan yigit dehqonlar yeryong‘og‘ining olib qo‘yilayotgani sababini so‘raganimizda “Vaziyatni o‘rganib keyin javob beramiz” deya telefon go‘shagini qo‘yib qo‘ydi.

“Yeryong‘oq uchun pul so‘rayapti”

Sariosiyo tumaniga qo‘shni Denovda keyingi kunlarda dehqonlarning hosillarini olib ketish holatlari to‘xtagan. Biroq dehqonlar iddaosiga ko‘ra, endilikda Majburiy ijro byurosi hodimlari yig‘ishtirib olingan hosil uchun pul talab qilmoqda:

“Mendan 1 million so‘m pul so‘rashdi. Hali berganim yo‘q. Qo‘shnimizdan yeryong‘og‘i uchun 500 ming so‘m olishgan. Lekin pulni olib, qo‘liga hech qanday qog‘oz berishmagan: “Pul to‘landi” degan. Qizig‘i qancha aytsa ham savdolashib, summani ozaytirish mumkin. Agar davlat uchun bo‘lsa, nimaga savdolashish mumkinligiga tushunmayapmiz”, deydi o‘zini oshkor qilmaslikni so‘ragan denovlik dehqon.

Denovning O‘zbekiston qishlog‘i Chambil mahallasida yashovchi boshqa bir dehqon ham yeryong‘og‘ining ancha qismini tortib olishgani va hozirda qolgan hosili uchun pul so‘rashganini aytadi:

“2 gektarga yeryong‘oq ekkandim. 15 qop yeryong‘oqni yig‘ishtirib qo‘ygan joyimizdan olib ketishdi. Keyin yana bir mashina yeryong‘og‘imni olib ketishdi. Qolgan yeryong‘oqni yarim kechasi, yashirincha uyga olib keldim. O‘zimning hosilimni o‘zim o‘g‘rilarcha, 3 kun yarim tunda tashidim. Bir marta militsiya ushlagandi, unga pul berib qutildim. Uyga olib kelgan yeryong‘og‘imni olib ketishlaridan qo‘rqib, uchta joyga yashirib qo‘ydim. Keyin so‘nggi 2-3 kundan beri, majburiy ijro byurosi xodimlari yeryong‘oq ekkan dehqonlarning uylariga borib, hosil uchun pul so‘rayapti. Menga ham kelishdi. 2 million so‘m so‘rashdi. Nima qilishni bilmayapman. Yashirgan joyimdan topib, olib ketishmasa bo‘ldi”, deydi chambillik fermer.

Denov tuman hokimligi vakili dehqonlarning hosillari fermer qarzi uchun olib qo‘yilayotgani borligini aytib, pul so‘rash bilan bog‘liq holatlarni inkor qildi.

Tanqiddan so‘ng yeryong‘oq tortib olish to‘xtagan edi

Surxondaryoda davlatdan qarzdor bo‘lgan fermerning yeriga takroriy ekin sifatida ekilgan yeryong‘oq hosilining tortib olinayotgani haqida Ozodlik radiosi va surxondaryolik bloger maqolalari ortidan Denovda davlatdan qarzi bo‘lgan fermerlar qo‘lida ishlagan dehqonlarning hosilini tortib olish o‘tgan hafta oxirida to‘xtagandi.

Feysbukchi - bloger Muhammad Shakurning Ozodlikka aytishicha, dehqonlar fermerdan ijaraga olgan yerdagi yeryong‘og‘ini qariyb yig‘ishtirib bo‘lgan. 16-18 oktyabr kunlari bu hosilni hokimiyat tortib olgani kuzatilgan edi.

Surxondaryo viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari To‘ra Bobolov 18 oktabr kuni Ozodlik bilan suhbatda dehqonlarning yeryong‘og‘i olib qo‘yilayotganini tasdiqlagandi:

“Yeryong‘oq bilan mosh fermer xo‘jaliklari tomonidan har yilgiga nisbatan bu yil ko‘p ekilgan. Biz yeryong‘oq bilan mosh hosilining talon-taroj bo‘lishiga yo‘l qo‘ymayapmiz. Har bir fermer xo‘jaligining debitorlik, kreditorlik qarzi bor. O‘zaro muvofiqlashtirish maqsadida hamma mablag‘ni fermerning hisob raqami orqali aylantirayapmiz“.

Muhimi, yeryong‘oq yetishtirgan surxondaryolik dehqonlarning shu kundagi tashvishlari to‘g‘risida yozgan feysbukchi-bloger Muhammad Shakurga viloyat hokimi Erkinjon Turdimov Feysbuk orqali javob berdi.

Bloggerga ko‘ra, Surxondaryoda fermerdan yerni ijaraga olib, ikkinchi ekin ekish ana’anasi doim bo‘lgan. Dehqonlar, odatan, piyoz, kartoshka va yeryong‘oq ekadilar. Ozodlik bilan suhbatda hokimiyat vakili aytganidek, bu yil Surxondaryoda rekord miqdorda yeryong‘oq yetishtirilgan.

Ikkinchi ekinlar, aksar hollarda, vohalik dehqonlarning bir yillik mehnati evaziga topiladigan asosiy va hatto, yagona daromad manbaidir.