Ozodlik ijtimoiy tarmoqlarni larzaga solgan voqea - 4 yashar qizchaning o‘z otasi tomonidan kaltaklangani bo‘yicha yangi tafsilotlarni aniqladi: voqea Toshkent shahri Chilonzor tumanida sodir bo‘lgan; qizchaning otasi militsiya xodimi bo‘lib, hozirda ustidan bir necha modda bo‘yicha ish ochilgan; sud qizcha va uning akasini onasiga olib bergan.
Zo‘ravon otaga ish ochildi
4 yashar qizaloqning ismi Mo‘mina bo‘lib, uning otasi H.A.N. (Ozodlik ma’lum sabablarga ko‘ra, qizning otasi ismini ochiqlamayapti) Mirobod tuman Ichki ishlar bo‘limida ishlagan. Qizini urgani oshkor bo‘lgach, u ishdan haydalib, ustidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan:
“1986 yilda tug‘ilgan H.A.N. hozirda militsiya bo‘limidan ishdan bo‘shatilgan. Unga nisbatan O‘zbekiston jinoyat kodeksining kamida 4 ta moddasi bilan jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Jumladan, 104-modda (Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) va 110- modda (Qiynash) moddalari bor. Hozirda undan tilxat olinib, uyiga qo‘yib yuborilgan. Lekin uni ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olish bo‘yicha sanksiya berish masalasi ham o‘rganilmoqda”, dedi huquq-tartibot idoralaridagi Ozodlik manbasi.
Mo‘minaning otasi ustidan ochilgan ishni Chilonzor tuman prokuraturasi o‘rganmoqda.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Bolalar onasiga olib berildi
9 noyabr kuni Chilonzor tumanining “Nafosat” mahallasida o‘tgan sayyor sud Mo‘mina va uning 8 yashar akasini otasidan olib onasiga bergan. Bu haqda mahalla faollaridan biri Ozodlikka ma’lum qildi.
Mo‘minaning otasi otalik huquqidan mahrum qilingan yoki qilinmagani Ozodlikka ma’lum emas. Mahalla faoli sudga oid boshqa tafsilotlardan bexabarligini ta’kidladi.
Mahalla faoliga ko‘ra, Mo‘minaning otasi bilan onasi rasman ajrashmagan bo‘lib, hali ham ularning nikohi saqlanib turibdi.
Tarmoq foydlanuvchilarini yig‘latgan voqea
Mo‘minaning o‘z otasi tomonidan vahshiyona ravishda kaltaklanganiga oid video o‘tgan haftada “O‘zbekiston” telekanalining “Uchburchak” ko‘rsatuvi orqali namoyish qilindi.
Videotasvirda Mo‘minaning o‘z otasi tomonidan bir necha daqiqa davomida ayovsiz kaltaklangani aks etgan.
Ota qizini urish davomida uni haqoratlab uydan haydaydi:
“He, isqirt. Menga kerakmassan. Onang ikki yildan beri Turkiyada yuribdi. Endi itning kunini solaman senlarga. Qachon ketasan? Yig‘ishtir narsalaringni? Ket uyimdan”, deya uradi ota qizini.
Mo‘mina otasiga iltijo qilib, "urmang" deya yig‘laydi, ammo ota uni yanada qattiqroq kaltaklaydi.
Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, ushbu videodagi voqea joriy yilning aprel oyida sodir bo‘lgan.
Bolalarini ikki yilga tashlab ketgan ona
“Nafosat” mahallasida yashovchi, Mo‘minaning oilasiga yaqin bo‘lgan manbaning aytishicha, qizchaning onasi G.Sh.A. (Ozodlik ma’lum sabablarga ko‘ra, ayolning ismini ochiqlamayapti) ikki yil davomida Turkiyada yashab, joriy yil oktabr oyida Toshkentga qaytib kelgan va bolalarini eridan tortib olish borasida sudga murojaat qilgan:
“Bu ayol Turkiyaga ishlashga ketib, ikki yil davomida dom-daraksiz ketdi. Oktabr oyida kelib, bolalarini eridan tortib olish harakatlarini boshladi. Eshitishimizcha, Mo‘minaning otasi xotini yillab kelmagani uchun undan o‘ch olish uchun qizini urib, o‘zi videoga olib, keyin xotiniga jo‘natgan. Xotini Toshkentga kelgach, bu videoni tegishli idoralarga bergan. Videoni ko‘rib, hammamiz hayratga tushdik, chunki Mo‘minaning otasi yaxshi oiladan chiqqan. Ota-onasi, yaqinlari barchasi yaxshi odamlar”, deydi suhbatdosh.
O‘zbek oilalarida bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari uchrab turadi. Bu holatlar oshkor bo‘lgan taqdirda ota-onalar jazoga tortilishi kuzatilgan.
Turkiyaga turmushga chiqqan o‘zbekistonlik 36 yashar Gulchehra Isoqulovaning o‘z bolasini tepib, kaltaklagani voqeasi katta shov-shuvga sabab bo‘lgandi.
Video tarqalgach, Isaqulova hibsga olinib, turk mahkamasi unga 11 oylik shartli jazo tayinlagan.