Islomobod chetidagi Fayzobod tumanida namoyishga yig‘ilgan islomiy partiyalar faollari va xavfsizlik kuchlari o‘rtasidagi to‘qnashuvlar ikkinchi kun ham tinmadi. Xabarlarga ko‘ra, 25 noyabr kuni yuzaga chiqqan to‘qnashuvlarda 6 odam o‘lgan, 200 dan ortig‘i jarohatlangan.
To‘qnashuvlarda kamida bir nafar politsiya xodimi o‘lgan, 80 dan oshiq zobit jarohat olgan.
Pokiston Ichki ishlar vazirligi 25 noyabr kuni shaharda tartib o‘rnatish uchun “zarur miqdorda” safarbar qilishga majbur bo‘ldi.
Xabarlarga ko‘ra, armiya qo‘shinlariga diplomatik mahallalarni va parlament, prezident, bosh vazir hamda tashqi ishlar vazirligi idoralarini himoya qilish buyurilgan.
Politsiya va harbiylashtirilgan kuchlar namoyishchilarning Fayzobod tumanidagi lagerini qurshab olgan bo‘lsa-da, 26 noyabr kuni namoyish bo‘lib o‘tayotgan joyning o‘zida harbiylar ko‘rinmadi.
26 noyabr kuni politsiya katta ofitseri Amir Niyoziy: "Buyruq olganimizdan keyin, chora ko‘ramiz. Namoyishchilar kecha qilgan ish qonunga zid. Ular kuchlarimizga hujum qilishdi", dedi.
26 noyabr kuni shahar ko‘chalarining birida namoyishchilar o‘t qo‘ygan avtomobil va uch mototsikl qoldiqlarini ko‘rish mumkin edi.
Taqriban 2 ming namoyishchi 6 noyabrdan beri lagerni tark etmayapti. Namoyishchilar Islomobod va Ravalpindi shaharlarini bog‘lab turuvchi asosiy yo‘lni to‘sib qo‘yishgan.
26 noyabr kuni namoyishchilar soni yanada ko‘paydi. Ularning safiga “Tehrik-e Labaik” hamda “Yo Rasullulloh” partiyalarining minglab a’zosi qo‘shilgan.
Namoyishlar Pokistonning boshqa shaharlariga ham, jumladan, Karochi shahriga ham tarqaldi.
Ozodlik radiosining Mash’al radiosi 26 noyabr kuni Islomobodning Ravalpindi bilan chegaradosh I-8 sektoriga ham yetib borishgani haqida xabar berdi.
2014 yilda hukumatga qarshi namoyishlarga yetakchilik qilgan diniy ulamo Tohirul Qodriyning 26 noyabr kuni Pokistonga kelishi kutilmoqda. 25 noyabr kuni Qodriy Lahor shahrida namoyishchilar oldida chiqish qilishni rejalashtirayotganini bildirgan edi.
Bu orada jurnalistlar namoyishlarni efirga uzatishni man etuvchi hukumat qarori bekor qilinishini talab qilmoqda.
Peshavar jurnalistlar ittifoqi etakchisi Sayful Islom Sayfiy Pokiston ramsiylarining mazkur qarori so‘z erkinligini cheklashini ta’kidladi.
26 noyabr kuni Mash’al radiosi bilan suhbatda Sayfiy hukumatdan matbuotga erkin xabar berishga yo‘l ochib berishni talab qildi.
Bu orada Pokistonni telekomi mamlakat aholisi to‘qnashuvlar haqida ma’lumot olishiga to‘sqinlik qilish uchun Twitter, YouTube, Daliymotion kabi saytlarni bloklagan.
Namoyishchilar mamlakat Adliya vaziri Zohid Hamid iste’fo berishini talab qilmoqda. Radikal musulmonlar Hamidni mamlakat saylov qonunlarini o‘zgartirish bo‘yicha "shakkoklarcha parlament loyihasi"ni hozirlashda ayblab keladilar.
25 noyabr kuni Pokiston hukumati 8,5 ming politsiya va harbiylashtirilgan qo‘shinlarni safarbar qilishiga qaramasdan, namoyishchilarni tarqatishga muvaffaq bo‘lmadi.