O‘zbekiston prezidenti qiynoq va noqonuniy yo‘llar bilan olingan ko‘rsatmalardan dalil sifatida foydalanishni taqiqlovchi farmonni imzoladi. 30 noyabr kuni imzolangan “Sud-tergov faoliyatida fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” deb nomlangan farmonda uch oy muddat ichida hibsxonalarda videokuzatuv kameralarini o‘rnatishga ko‘rsatma berildi.
Prezident farmoniga asosan, bundan buyon qiynoq va noqonuniy yo‘llar bilan olingan ko‘rsatmalardan dalil sifatida foydalanish taqiqlanadi.
“Jinoyat protsessi ishtirokchilari yoki ularning yaqin qarindoshlariga nisbatan qiynoqqa solish, psixologik va jismoniy tazyiq va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoxud qadr-qimmatni kamsituvchi muomala turlarini qo‘llagan holda” olingan ko‘rsatmalardan “dalil sifatida foydalanishga yo‘l qo‘yilmasin”, deyiladi farmonda.
Bundan buyon ruxsat berilmagan uslublar qo‘llanilganligi to‘g‘risidagi murojaatlar prokuratura organlari yoki sud tomonidan belgilangan tartibda tibbiy ekspertiza o‘tkazish orqali majburiy tekshirilishi shart bo‘ladi.
Farmonda Ichki ishlar vazirligiga Moliya vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda tergov hibsxonalari, vaqtincha saqlash hibsxonalari, maxsus qabulxonalar va ma’muriy qamoqni o‘tash joylarini videokuzatuv vositalari bilan jihozlashni ta’minlash ko‘rsatmasi berildi.
Shuningdek, farmonda jinoyat ishi bo‘yicha faktlarni soxtalashtirish va haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ko‘rsatmalarni berishga majburlash holatlari uchun jinoiy javobgarlik belgilash nazarda tutilgan.
“Shaxsni noqonuniy ushlab turish, qamoqqa olish, jinoiy javobgarlikka tortish yoki hukm qilishga sabab bo‘lgan, hujjatlar yoki ashyolarga bila turib yolg‘on ma’lumotlar va boshqa buzib ko‘rsatilgan faktlarni kiritish, haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ko‘rsatuv berishga majburlash, ish bo‘yicha haqiqiy holatlarni buzib ko‘rsatish orqali dalillarni qalbakilashtirganlik uchun, yolg‘on guvohlik va yolg‘on xabar berganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishni nazarda tutgan holda, jinoiy javobgarlik kiritilsin”, deyiladi farmonda.
Prezident o‘z farmonida advokatlar huquqlariga ham e’tibor qaratgan. Hujjatda ta’kidlanishicha, “himoyachi jinoyat ishi bo‘yicha dalillarni to‘plash va taqdim etish huquqiga ega bo‘lib, ular jinoyat ishi materiallariga qo‘shib qo‘yilishi, shuningdek, surishtiruv, dastlabki tergov o‘tkazish va jinoyat ishini sudda ko‘rib chiqish vaqtida majburiy tekshirilishi va baholanishi shart”.
Farmonning kirish qismida ta’kidlanishicha, “sudlar tomonidan jinoyat ishlarini qo‘shimcha tergov yuritishga qaytarish tartibining bekor qilinganligi sud va tergov organlarining haqiqatni va ishni to‘g‘ri hal qilish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan boshqa holatlarni aniqlash, shuningdek, qonuniy, asoslantirilgan va adolatli qaror qabul qilish borasidagi mas’uliyatini oshirish imkonini berdi”.
O‘zbekiston sudlari joriy yilning 10 oyi mobaynida o‘tgan 5 yilga nisbatan 27 marotaba ko‘proq oqlov hukmlarini chiqardi.
Farmonda ta’kidlanishicha, so‘nggi 5 yilda sudlar 7 shaxsni oqlagan bo‘lsa, joriy yil yil boshidan beri 191 shaxs sudda oqlangan. Bundan tashqari 10 oy ichida reabilitatsiya va boshqa asoslarga ko‘ra 3511ta jinoyat ishi to‘xtatilgan.