O‘zbekiston Markaziy banki 2018 yilda milliy valyuta - so‘mning keskin yoki sezilarli darajada qadrsizlanishi kutilmayotganini bildirdi.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
"Inflyatsiya 11,5-13,5 foiz bo‘ladi, pul massasi esa 12-15 foizga ko‘payadi"
Markaziy bankning 2018 yilga mo‘ljallangan monitar siyosati yuzasidan e’lon qilingan hisobotida ta’kidlanishicha, joriy xalqaro operatsiyalar bo‘yicha ijobiy saldo prognoz qilinayotgani ortidan so‘mning jiddiy qadrsizlanishiga sabab bo‘luvchi fundamental omillar kuzatilmayapti.
Bank 2018 yilda inflyatsiya darajasini 11,5-13,5 foiz darajasidan yuqori bo‘lmagan holatda saqlab qolishni rejalashtirayotganini ham bildirgan.
“2018 yildagi inflyatsiya prognozi va iqtisodiy o‘sish templaridan kelib chiqilgan holda pulga bo‘lgan talabni nazarda tutib, keyingi yilda pul massasining 12-15 foizga ko‘payishi kutilmoqda. O‘z navbatida iqtisodiyotni kreditlash qoldig‘ini ham ko‘paytirish kutilmoqda”, deyiladi bank hisobotida.
2018 yilda ham narx-navo o‘sadi
Markaziy bank 2018 yilda inflyatsiya bosimi kuchayshi ortidan narx-navoda ham o‘sish bo‘lishini nazarda tutmoqda.
Hisobotda ta’kidlanishicha, bu importga bo‘lgan talabning kutilganidan ko‘proq bo‘lishi, tashqi iqtisodiy siyosat liberalizatsiyasi, ish haqqining oshirilishi, energiya zahiralari narxining qimmatlashi bilan bog‘liq bo‘ladi.
“...Inflyatsiya bosimi foydasiga o‘ynaydigan bunday omillar 2018 yildagi pul-kredit siyosati samaradorligini pasaytiradi”, deyiladi hisobotda.
Amaldagi qat’iy pul-kredit siyosati saqlab qolinadi
Markaziy bank 2018 yilda o‘zbek so‘mi kursining keskin tushib ketishiga sabab bo‘luvchi ichki omillarni bartaraf etish maqsadida avvalgi yillarda bo‘lgani kabi qat’iy pul-kredit siyosatini saqlab qolishini ma’lum qildi.
Bu siyosat O‘zbekistonda bugungi kunda mavjud bo‘lgan bozorga naqd pul chiqishini nazorat qilish va banklarga majburiy tarzda naqd pul tushirish bo‘yicha bank nazorati tartibini saqlab qolishdan iborat bo‘ladi.
"2017 yilda pul massasi 20 foizgacha o‘sdi, inflyatsiya esa 12-14 foiz bo‘ldi"
Markaziy bank hisobotning 2017 yil yakunlariga bag‘ishlangan qismida, O‘zbekistonda qonuniy ravishda valyuta ayriboshlashga rasman ruxsat berilgan sentabr oyidan boshlab noyabr oyigacha bo‘lgan uch oylik muddatda tijorat banklari aholidan 750 million AQSh dollarini sotib olganini ma’lum qildi.
“Avvallari bu mablag‘ norasmiy bozor oborotida bo‘lganini nazarda tutgan holda aytish mumkinki, bugungi kunda bu pullar valyuta birjasidagi taklifning qo‘shimcha manbalari sifatida xizmat qilmoqda. Umuman olganda, 2017 yilning sentabr-noyabr oylari oralig‘ida valyuta birjasidagi operatsiyalarning o‘rtacha hajmi shu yilning birinchi yarim yilligiga nisbatan deyarli 1,5 barobarga, eksportyorlar tomonidan topshirilgan valyutani sotish hajmi 2 barobardan ko‘proqqa o‘sdi”, deyiladi hisobotda.
Markaziy bank 2017 yilda milliy valyutadagi so‘m massasi 17-20 foizga o‘sgani, inflyatsiya darajasi esa yil oxiriga kelib 12-14 foiz darajasida bo‘lishi prognoz qilinayotganini ham bildirdi.