Moskvada yil yakunlari bo‘yicha o‘tgan matbuot anjumanida jurnalistlarning savollariga deyarli ikki yarim soat mobaynida javob bergan Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov, jumladan, Markaziy Osiyo davlatlarining AQSh bilan S5+1 formati doirasidagi siyosiy muloqotiga ham baho berdi.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Dastlab, Sergey Lavrov Moskva Markaziy Osiyodagi hamkorlari ko‘p spektorli siyosiy munosabatlar shaklini tanlaganiga qarshi emasligini ta’kidladi, biroq so‘zi davomida:
-Biz Qo‘shma Shtatlar bu formatni suiiste’mol qilgan holda o‘z manfaati yo‘lida foydalanishni ko‘zlayotgani haqida eshitayapmiz. Bu avvalgi ma’muriyat tomonidan olg‘a surilgan “Katta Markaziy Osiyo” loyihasi g‘oyalarini davom ettirish istagi bilan ifodalanadi. Mazkur loyihaning g‘oyasi Markaziy Osiyo ishtirokidagi barcha dasturlarni janubga, jumladan, Afg‘onistonga yo‘naltirish va bu ishni Rossiya ishtirokisiz amalga oshirishdan iborat edi. Mening ishonchim komilki, agar AQSh ma’muriyati bu g‘oyani ilgarni suradigan bo‘lsa, Markaziy Osiyodagi do‘stlarimiz iqtisodiy manfaatlardan emas, geosiyosiy manfaatlardan kelib chiqqan bu urinishlarning halokatli ekanini ko‘rib, his qila oladilar, - dedi Sergey Lavrov.
Ozodlik radiosi 15 yanvar kuni AQSh Davlat kotibi yordamchisining birinchi o‘rinbosari, Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha elchi Elis Uells Vashington prezident Barak Obama hokimiyati paytida joriy etilgan S5+1 formati amaldagi prezident Donald Tramp tomonidan ham qiziqish bilan qabul qilinganini bildirgani haqida xabar bergan edi.
-S5+1 formatidagi hamkorlikni konstruktiv deb hisoblaymiz. Bu format avvalgi ma’muriyat tashabbusi ekaniga qaramay, amaldagi ma’muriyat, jumladan, janob Tramp tomonidan qo‘llab-quvvatlandi, -degan Elis Uells AQSh Kongrnessi bu loyihani davom etirish uchun 15 million dollar ajratganitni bildirgan edi.
2015 yilning 31 oktabridan 2 noyabrigacha prezident Barak Obama davrida AQSh Davlat kotibi bo‘lgan Jon Kerri Markaziy Osiyo davlatlariga safar qilgan. Mazkur safar doirasida mintaqa mamlakatlari tashqi ishlar vazirlari Jon Kerri bilan 1 noyabr kuni Samarqandda uchrashib, siyosiy dialog maydoni bo‘ladigan S5+1 formatini tashkil qilishga kelishib olgandi.Shu kungacha bu format doirasida bir necha marta uchrashuvlar o‘tkazilgan.
Rossiya tashqi ishlar vaziri matbuot anjumanida so‘nggi bir yil ichida O‘zbekistonning siyosiy jihatdan faollashuvi Rossiya tomonidan iliq olqishalanayotganini ham ta’kidladi.
-Biz qanoatlanish bilan shuni ta’kid etamizki, so‘nggi yilda O‘zbekiston ko‘p tomonlama tadbirlarda, jumladan.MDH, ShHT doirasida faolroq ishtirok eta boshladi. Biz bunday o‘zgarishlarni olqishlaymiz, -dedi Sergey Lavrov.