Oliy Majlisning ba’zi deputatlari Vazirlar Mahkamasi qaroriga qarshi chiqdi

O‘zbekiston parlamenti deputatlari "Avtotest-Report" MChJ monopoliyasiga qarshi chiqib, yuridik shaxslar avtomobillari uchun aynan ushbu firmadan majburiy sertifikat olishi borasidagi hukumat qaroriga qarshi chiqdi. Deputatlar ushbu qarorni qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga so‘rov jo‘natishni rejalashtirmoqda. Ma’lumotlarga qaraganda, "Avtotest-Report" MChJga Prezident Mirziyoevning matbuot kotibi Komil Allamjonov asos solgan.

Norozi deputatlar

Oliy majlis deputatlari Rasul Kusherbaev va Qodir Jo‘raev yuridik shaxslarga tegishli avtomashinalar haydovchilari uchun majburiy test sinovlari o‘tkazish faqat bitta tashkilot - "Avtotest-Report" mas’uliyati cheklangan jamiyati (MChJ)ga berilganidan norozilik bildirdi.

Parlament deputatlari fikrini matbuotga olib chiqqan Dia.uz nashriga ko‘ra, deputatlar bu boradagi hukumat qarorini qayta o‘rganib chiqish lozimligini ta’kidlagan.

Deputat Rasul Kusherbaev ushbu nashrga bergan intervyusida majburiy test uchun belgilangan muddatni ham savol ostiga qo‘yadi:

“Nega aynan “Avtotest”? Nima uchun 5-6 yil emas, 2 yil? Nima uchun birgina MChJga bunday vakolat topshirilmoqda?”, deydi deputat Kusherboev.

Ozodlik 29 yanvar kuni deputat Kusherboev bilan bog‘langanida, u "Bu haqda fikrimni bildirganman. Bu fikrimdan qaytmayman", deya ta’kidladi.

Deputat Qodir Jo‘raevning Dia.uzga bildirishicha, majburiy test o‘tkazish jarayonining "Avtotest-Report" MChJga berilishi bilan bog‘liq hukumat qarori kamchiliklardan holi emas:

“Mening nazarimda “Avtotest-Report” malaka oshirish o‘quv kurslari to‘g‘risida o‘tgan yil 4 sentabrda qabul qilingan qaror haqiqatan ayrim kamchiliklardan holi emas. Eng asosiy kamchiligi - faqatgina bitta MChJga bunday huquqning (ya’ni mulkchilik shaklidan qat’iy nazar yuridik korxonalar xaydovchilarining malakasini oshirish xizmatlari ko‘rsatish huquqi) berilishidir. Bu yerda monopoliyaga qarshi qonunchilik talablari inobatga olinmaganligini ko‘rishimiz mumkin. Bu holat esa, o‘z navbatida bunday xizmatlarni ko‘rsatuvchi sub’ektlar o‘rtasida raqobat muxitini shakllanishi o‘rniga, aksincha, bitta MChJning monopoliyasining o‘rnatilishiga, raqobatchilarning bozordan siqib chiqarilishiga yo‘l ochib bergan. Hozirda ushbu holatni bartaraf etish, 2017 yil 4 sentabrdagi qarorni antimonopol qonunchilik nuqtai nazaridan qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga deputatlik so‘rovi yuborishga tayyorgarlik ko‘rilayotganini ma’lum qilmoqchiman”, deydi deputat Jo‘raev.

Ozodlik ushbu mavzu yuzasidan bir necha nafar parlament deputatiga bog‘landi. Ularning ayrimlari ushbu mavzudan mutlaqo bexabarligini aytdi. Deputat Shuhrat To‘xtabaev esa monopoliyaga qarshi, lekin u "Avtotest-Report" faoliyatini yaxshi baholaydi:

“Umuman olganda ta’lim olish, o‘qish hech kimga zarar keltirmagan, lekin aynan bir tadbirkorlik sub’ekti uchun monopoliya yaratib berish to‘g‘ri emas, menimcha. Yana bir jihatga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, O‘zbekistonda haydovchilarni tayyorlash bo‘yicha "Avtotest"ga yetadigani yo‘q hozircha. Chunki, ular innovatsion o‘qitish tizmini yarata olishgan. Bundan tashqari, avtomobil yo‘llarida ayrim shofyorlarning harakatiga hayron qolasan. Umuman o‘qimasdan haydovchilik guvohnomasini olganmikan, deb qolasan”, deydi deputat To‘xtabaev.

Norozilikka uchragan hukumat qarori

Vazirlar Mahkamasining o‘tgan yilning 4 sentabrdagi 693-sonli qaroriga ko‘ra, joriy yil 1 yanvardan boshlab yuridik shaxslarga tegishli avtotransport vositalarini boshqarayotgan shaxslar “Avtotest-Report” o‘quv markazlari orqali majburiy ravishda malaka oshirib, maxsus sertifikatga ega bo‘lishlari shart.

Qarorga ko‘ra, 1 iyuldan boshlab ushbu sertifikatga ega bo‘lmagan yuridik firmalarning haydovchilari ma’muriy javobgarlikka tortilishi yoki litsenziyasi bekor qilinishi belgilangan.

Haydovchilar uchun majburiy test har 2 yilda 1 marta o‘tkazilishi lozimligi qayd qilingan hujjatda.

“Innovatsion o‘qitish uslublarini joriy etish yo‘li bilan haydovchilarni tayyorlash va qayta tayyorlash, shuningdek, ularning malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida” deya nomlangan ushbu qaror Bosh vazir Abdulla Aripov tomonidan imzolanib, qaror bajarilishini nazorat qilish Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari — "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ boshqaruvi raisi A.J. Ramatov, Ichki ishlar vaziri P.R. Bobojonov zimmasiga yuklatilgan.

Ozodlik 29 yanvar kuni qaror nazoratchisi bo‘lgan ushbu ikki shaxs – Ramatov va Bobojonov ishlayotgan idoralar bilan bog‘landi, biroq ulardan qaror ijrosi borasida biror izoh ololmadi.

Mazkur qaror mamlakatda “haydovchilik madaniyatini va avtotransport vositalari haydovchilarining bilim darajasini oshirish”ni ko‘zlagan.

“Ketmoni uchayotgan "Avtotest”

Hukumat qarorida nima uchun yuridik firmalar haydovchilaridan majburiy test olish aynan "Avtotest-Report" MChJga topshirilgani sababi ochiqlanmagan.

"Avtotest-Report" firmasi asoschisi O‘zbekiston prezidentining ayni paytdagi matbuot kotibi Komil Allamjonov ekani aytiladi.

Keyingi bir yil mobaynida "Avtotest-Report" bir necha marta tanqidlar nishoniga aylangani kuzatildi.

Jumladan, Anhor.uz nashri “Avtotest: Shaxsiyat yo‘q, faqat biznes?” (“Avtotest. Tolko biznes, nichego lichnogo?”) maqolasi orqali “O‘zbekistonda bozor munosabatlari ishtirokchilari uchun tengsiz sharoit yaratilgani, “Avtotest Report” mavjud tartiblarni aylanib o‘tish yo‘li bilan raqobatda ustunlikka erishgani” tanqid qilingan.

“Avtotest Report” ushbu maqola uchun Anhor.uz sayti ustidan Bosh prokuraturaga shikoyat arizasi kiritib, keyinchalik o‘z arizasini qaytib olgani xabar qilindi.

Dia.uz esa “Abdullajon” filmidagi mashhur iborani “Avtotest-Report"ga nisbatan qo‘llab, hozirda ushbu firmaga keng imkoniyat berilganiniga sha’ma qilib, “Avtotest-Reportning ketmoni uchgan”ni haqida yozdi.

"Avtotest testi bois bankrotga uchrashim mumkin”

Ayni paytda yuridik firmalarning haydovchilari “Avtotest Report” o‘quv kurslarida malaka oshirishni boshlagan.

Toshkentdagi taksi xizmati ko‘rsatish firmalaridan birining rahbari Ozodlik bilan suhbatda ushbu test bois firmasi bankrotlikka uchrashi mumkinligidan xavotir bildirdi.

“Menda taksi korxonasi bor. Kreditga 20 mashina olganman. Lekin haydovchilarimiz tez-tez o‘zgarib turadi. Men hammasini qanday o‘qitaman ularni? Avtotestga borsam, pulini oldindan o‘tkazib berasiz dedi. Bitta haydovchiga 345 ming so‘m. 20ta haydovchim va o‘zim ham sertifikat oladigan bo‘lsam, 7 million so‘mdan ziyod pul ketayapti. 1 hafta o‘qish bo‘lib, keyin test topshirilar ekan. Keyin imtihondan o‘ta olmasangiz, to‘langan pul qaytarib berilmas ekan. Nima uchun bitta Avtotest monopolistlik qilayapti. Shuncha o‘quv firmalari borku? Bitta firmaga qarab o‘tiririshimiz shartmi? Ularda esa ochered olish kerak ekan. 3-4 oy kutish kerak ekan o‘qish uchun. Keyini mtihondan o‘ta olmay, yiqilayotganlar ancha ekan.1 iyungacha 20ta haydovchimning o‘qishiga pul to‘laganim yetmaganday, ulardan 10tasi yiqilib, faqat 10tasi sertifikat olsa, firmam 50 foiz ishchi kuchini yo‘qotadiku! Bunaqada olgan kreditimni qanday yopaman. Bankrot bo‘lishim aniq bunaqada. Bitta men emas, Toshkentdagi boshqa taksoparklar ham shu ahvolda”, deydi ismini ochiqlamaslikni so‘ragan suhbatdosh.

Ozodlik mavzu yuzasidan 29 aprel kuni kun davomida “Avtotest Report” MChJga bir necha marta bog‘landi. Dastlab rahbariyati bilan suhbatni va’da qilgan firma xodimasi, keyin suhbat vaqtini o‘zgartirdi. Keyin esa, umuman telefon qo‘ng‘iroqlarimizga javob bermadi.