Yil sayin jahon davlatlaridagi iqtisodiy erkinlik reytingini tuzib boruvchi Heritage Foundation tashkiloti 2018 yil uchun yoyinlangan hisobotida O‘zbekistonni 180 davlat orasida 152 -pog‘onada taqdim etdi.
O‘zbekiston hamon orqada, biroq siljish bor
Reytingda O‘zbekiston iqtisodiy erkinlik sohasida 51,5 ball oldi. Bu esa o‘tgan yilgidagi bahodan 0,8 ballga pastdir.
Biroq 2016 yildagi reytingga nisbatan O‘zbekistonning pozitsiyasi 14 pog‘onaga yaxshilangan. 2016 yil reytingida O‘zbekiston 166 -o‘rinni egallab, “iqtisodi repressiv” mamlakat sifatida Kiribati (165), Chad (164), Kongo (163) va Ukraina (162) kabi mamlakatlardan keyingi pog‘onaga qo‘yilgan edi.
Reytingga kiritilgan Osiyo –Tinch okeani mintaqasidagi 43 davlat orasida yangi hisobotda O‘zbekiston 37-o‘ringa, Markaziy Osiyodagi 5 davlat orasida esa 4 o‘ringa qo‘yilgan.
Mazkur reytingda Qozog‘iston 41-o‘rinni, Qirg‘iziston 78-o‘rinni, Tojikiston 106-o‘rinni va Turkmaniston 169-o‘rinni egallamoqda.
Davlatning iqtisodga aralashuvi va korrupsiya taraqqiyotni ortga surmoqda
“O‘zbekiston rivojlanishga to‘sqinlik qilayotgan korrupsiya, proteksionizm va davlatning iqtisodiyotning turli aspektlarga aralashuvi borasida uzoq tarixga ega. Yangi hukumat sarmoya muhitini yaxshilash shartligini tushunib etmoqda va tadbirkorlik sektorini isloh qilishga, ayriborshlash kursini to‘laqonli darajaga yetkazishga, potensial xorijiy investorlarga moliyaviy va soliq imtiyozlari berishga hamda kapital ustidan ayrim nazorat choralarini bekor qilishga qaratilgan qo‘shimcha qadamlani tashlamoqda. Biroq qonun ustivorligi juda zaif darajada qolmoqda”, deyiladi hisobotning O‘zbekistonga bag‘ishlangan qismida.
Hisobot davomida qonun ustivorligi masalasiga to‘xtalar ekan, mualliflar: “Sud hokimiyati sezilarli darajada ijroiya hokimiyatiga qaramdir. Politsiya, xavfsizlik xizmati va sudlar qonunni o‘z xohishlariga ko‘ra yoki siyosiy nuqti nazardan kelib chiqib talqin qiladilar. Korrupsiya keng tarqalgan”, deb yozadilar.
Mirziyoev harakat qilmoqda, biroq soliq yuki hamon og‘ir
Hisobotda “O‘zbekistonni qattiqko‘llik bilan boshqargan Islom Karimovdan so‘ng hokimiyatga kelgan” prezident Shavkat Mirziyoevning iqtisodiy islohotlar o‘tkazishga harakat qilayotgani ham ta’kidlab o‘tilgan.
“O‘zbekistonda iqtisodiyot sezilarli darajada hukumat tomonidan nazorat qilinadi, holbuki so‘nggi yillarda o‘tkazilayotgan qator islohotlar sekin-asta biznes muhitni yaxshilamoqda. Og‘ir soliq yuki va tinka-madorni quritadigan savdo cheklovlari ko‘plab ish beruvchilarni tnorasmiy iqtisoddan foydalanishga majbur qilmoqda”, deyiladi hisobotda.
Qonun ustivorligi bo‘yicha O‘zbekiston so‘nggi 2 yilda 10 pog‘onaga pastlagan
Avvalroq Xalqaro World Justice Project (“Jahondagi adolat loyihasi”) tashkilotining qonun ustivorligi yuzasidan tuzgan reytingida O‘zbekiston 113 davlat orasida 91-o‘rinni egallagani xabar qilingan edi.
Mazkur reyting so‘nggi ikki yil ichida qonun ustivorligi bo‘yicha O‘zbekiston 10 pog‘onaga pastlaganini ko‘rsatmoqda.
O‘zbekiston 2015 yilgi qonun ustivorligi jahon reytingida 81- o‘rinda edi. 2014 yilgi reytingda esa O‘zbekiston 73- pog‘onada bo‘lgan.
Biroq joriy reytingda O‘zbekiston 2016 yilga nisbatan 2 pog‘ona yuqoriga - 93 - o‘rindan 91-o‘ringa ko‘tarilgan.
Mazkur reytingda Qozog‘iston 64 - o‘rinni,Qirg‘iziston 82-o‘rinni, Rossiya 89- o‘rinni egallagan.
Huquq ustivorligi reytingi 2010 yildan beri tuzib kelinadi. Reytingda mamlakatlar davlat hokimiyati institutlari vakolatlarining cheklanganligi, korrupsiya darajasi, tartib va xavfsizlik, asosiy huquqlarning himoyalanishi, hokimiyat institutlarining shaffofligi, qonunlarning ijro etilishi, fuqarolik va jinoyat ishlari bo‘yicha adolatli sudlov sohasidagi muvaffaqiyatlarga qarab baholanadi.