Farg‘ona viloyatining O‘zbekiston tumanida 14 yildan beri o‘qituvchilik qilayotgan matematik Isroil Tillaboev ayrim kollejlarning ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatga aylantirilishini olqishladi. Ozodlik bilan suhbatda Isroil O‘zbekistonda ixtisoslashtirilgan maktablar tajribasi kuchli va muvaffaqiyatlidir, deb ta’kidladi.
14 yildan beri matematika fanidan dars berib kelayotgan Tillaboev Yaypan tumanidagi 65-ixtisoslashtirilgan maktabda ishlamoqda.
Ozodlik bilan suhbatda o‘qituvchi kollejlar tizimining hozirgi ko‘rinishidan voz kechilib, ularning bir qismi 11 yillik maxsus maktablarga aylantirilishini juda to‘g‘ri qaror, deb baholadi.
- Bizda ixtisoslashtirilgan maktablar tajribasi juda muvaffaqiyatli, deb hisoblayman men. Buni prezidentimiz bilgani uchun shunday qaror berdilar, deb o‘ylayman. Ko‘ring, xalqaro olimpiadalarda, musobaqalarda g‘olib chiqayotgan bolalarning hammasi maxsus maktablarni bitirgan. Shuning uchun, buni ota-onalar uchun ham juda to‘g‘ri qaror bo‘ldi, deyman men. Bu tizimga o‘tilgandan keyin ko‘rasiz - ota-onalar bolalarini maxsus maktablarga talashib-tortishib bera boshlashadi, - deydi Tillaboev.
Ayni paytda bu o‘qituvchi bu sohadagi ayrim takliflarini ham tilga oldi. Jumladan, 9-sinfgacha bo‘lgan maktablarni bitirgan o‘qituvchilarga o‘zlari yashab turgan hududlarda qolish imkoni berilishi, ya’ni maxsus maktablarni shunga ko‘ra ochishni taklif qildi.
Quyida Isroil Tillaboev bilan suhbatni tinglang:
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
O‘tgan yili prezident Mirziyoev ta’lim tizimining "o‘zbek modeli", ya’ni umumiy ta’lim maktabida 9 yil + 3 yillik professional ta’lim formulasidan voz kechib, 11 yillik o‘rta ta’lim tizimini joriy etilishini ma’lum qilgandi.
O‘zA agentligi tarqatgan xabarda aytilishicha, 3 fevral kuni prezident Mirziyoev «O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida»gi qarorni imzolagan.
Prezident qarorida aytilishicha, O‘zbekiston O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi negizida Kasb-hunar ta’limi markazi ochiladi, o‘rta-maxsus kasb-hunar ta’lim tizimi esa qayta tashkil qilinadi.
Qarorga binoan, 2018-2019 o‘quv yilidan boshlab majburiy umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim umumta’lim maktablarida, shu jumladan, ixtisoslashtirilgan maktablarda, ixtisoslashtirilgan san’at va madaniyat maktab-internatlarida, ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internatlarida hamda akademik litseylarda uzluksiz va 11 yillik muddatda amalga oshiriladi.
Bundan tashqari, 2019-2020 o‘quv yilidan boshlab kasb-hunar kollejlariga maktablarning 11-sinflari bitirganlar ixtiyoriy asosda qabul qilinadi va tegishli mutaxassislikka (kasbga) ega bo‘lish uchun 6 oydan 2 yilgacha o‘qiydi.
Muhimi, kasb-hunar kollejlaridagi ta’lim kontrakt-to‘lov tizimida joriy etiladi. Ammo, hozir kollejda o‘qiyotgan talabalarga esa o‘qishining oxirigacha davlat byudjeti hisobidan o‘qish imkoni beriladi.
Prezident qarorida, shuningdek, kollejlar yo‘nalishlariga ko‘ra, vazirlik, boshqarma, bank, xo‘jalik birlashmalari tasarrufiga o‘tkazilishi, ularning moliyalashtirilishi esa kontrakt-to‘lov pullari, tashkilotlarning o‘z hisobidagi mablag‘lari va qonunda taqiqlanmagan boshqa manbalardan ta’minlanishi aytilgan.
2016-2017 o‘quv yilida butun O‘zbekiston bo‘ylab 144 akademik litsey, 1411 kasb-hunar kolleji bor edi va ularda jami 1 million 500 mingga yaqin o‘quvchi tahsil olgan.
Norma.uz axborot-huquqiy portali 5 fevral kuni ma’lum qilishicha, mamlakat bo‘yicha jami 39ta kollej ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlariga aylanadi.