Moskva oblastida "Saratovskie avialinii" shirkatiga qarashli An-148 samolyoti qulab tushdi. Rossiya matbuotining xabar qilishicha, samolyot bortidagi 71 kishining hammasi nobud bo‘lgan. Halokat sabablari hozircha noma’lum.
"Omon qolganlar yo‘q"
"Interfaks" agentligining xabar qilishicha, samolyot 11 fevral kuni Domodedovo aeroportidan havoga ko‘tarilishidan biroz o‘tib qulagan.
Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, samolyot bortida 65 yo‘lovchi va ekipajning 6 a’zosi bo‘lgan.
"Interfaks" agentligi manbasiga ko‘ra, "ekipaj a’zolari va yo‘lovchilarning omon qolish imkoni bo‘lmagan".
O‘lganlar ro‘yxati
Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligi o‘lgan yo‘lovchilar va ekipaj a’zolarining ro‘yxatini e’lon qildi.
Ro‘yxatdagi yo‘lovchilarning fuqaroligi haqida ma’lumot berilmadi. Hozircha, e’lon qilingan ro‘yxatda o‘zbekcha ism-familiyalar kuzatilmadi.
Ammo, Rossiya-24 telekanali esa o‘lganlarning qariyb hammasi Orenburg oblastidan ekanini xabar qildi.
"Samolyot 2 daqiqa so‘ngra qulagan"
Moskva oblastining Ramenskiy tumani hududida samolyot qoldiqlari topildi. Qutqaruvchilar samolyot qoldiqlarining bir kilometr masofa bo‘ylab sochilganini aytmoqda.
Bortida 71 odam bo‘lgan bu samolyot Moskvaning Domodedovo aeroportidan mahalliy vaqt bilan kunduzgi soat 14:00da Orsk tomon yo‘lga chiqqan edi. RIA-Novosti agentligining xabar qilishicha, uchoq havoga chiqqanidan ikki daqiqa o‘tib, radarlardan g‘oyib bo‘lgan.
Ammo, FlightRadar24 saytida qayd etilishicha, samolyot havoga chiqqanidan qariyb 26 daqiqat o‘tib, birdan pastlagan.
Ayni paytda Moskva oblastida yashovchi hodisa guvohlari uchoqning yonayotgan holda qulayotganini ko‘rganini aytmoqda.
Jinoyat ishi ochildi
Rossiya Tergov qo‘mitasi hodisa bo‘yicha jinoyat ishi ochilganini ma’lum qildi.
Jinoyat ishi Rossiya JKning 263-moddasining 3-qismi bilan "yo‘l harakati qoidasi va havo transporti vositasidan foydalanish tartibining buzilishi, ikki yoki undan ko‘p kishining o‘limiga sabab bo‘lgan ehtiyotsizlik" bo‘yicha ochilgan.
Putin hamdardlik bildirdi
Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov prezident Putin qurbonlarning yaqinlariga o‘z hamdardligini bildirganini ma’lum qildi.
Rossiya-24 telekanali hodisa joyidan olingan videokadrlarni namoyish qildi. Unda qor bosgan dala bo‘ylab samolyot qoldiqlarining sochilgani aks etgan.
Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Transport vazirligi va Moskva oblasti gubernatorligi ob-havo noqulay bo‘lgani bois, qutqaruv-qidiruv ishlari sekinlashishi mumkinligini bildirdi.
Qutqaruv-qidiruvga 400 odam jalb qilindi
Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligi qidiruv ishlari uchun 400 kishi, 60dan ortiq texnik vosita jalb qilinganini bildirdi.
Qutqaruvchilar guruhi halokat joyidan 50 kishining tana qoldiqlarini topganini bildirdi.
Ayni paytda halokat sabablari haqida aniq ma’lumot yo‘q.
"Samolyot havoda portlagan bo‘lishi mumkin"
Svoboda radiosi (Ozod Evropa/Ozodlik radiosi rus xizmati) "Saratovskie avialinii" shirkatidan olgan ma’lumotga ko‘ra, shirkatdagilar qoldiqlarning sochilishidan samolyotning havodayoq parchalana boshlagani, aftidan, uchoq kabinasini parchalaydigan darajadagi kuchsiz portlash havodayoq sodir bo‘lganini taxmin qilmoqda.
Ozodlik hodisa tafsilotlarini o‘rganmoqda, yangiliklarni saytimizda kuzating!