Huquq-tartibot tuzilmalari bosimi ostida uch yildan beri Qirg‘izistonda yashashga majbur bo‘layotganini iddao qilgan 65 yoshli Arg‘inboy Tursunbekov prezident Shavkat Mirziyoevdan vataniga qaytishga ko‘maklashish uchun yordam so‘rab Ozodlik radiosiga murojaat qildi.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
-Men gapirgan gaplar prezident Shavkat Mirziyoevga yetishini xohlar edim. Uch yildan beri o‘zga yurtda yurib, qamoqda o‘tirgandan ham yomon bo‘ldim. Sog‘lig‘imni yo‘qotdim, -dedi Arg‘inboy Tursunbekov
Suhbatdoshning aytishicha, u Namangan viloyatining Uychi tumanidagi Qizil Rovot qishlog‘ida yashagan. Uning barcha muammolari Qirg‘izistonga turmushga chiqqan qizi Barchinoy Bakaevaning betob bo‘lib qolganidan boshlangan.
-Qizim Barchinoy Baqaeva Qirg‘izistonning To‘qmoq shahriga turmushga chiqqan. Islom Karimov davrida qizim bilan aloqalarimiz bir necha yilga uzilib qoldi. Chegaradan faqat telegramma orqali o‘tishga ruxsat berilar edi, o‘shanda ham faqat familyasi chaqiruvchi odamning familiyasiga to‘g‘ri kelsa, - degan Arg‘inboy Tursunbekov gapni uzoqdan boshladi.
Unga ko‘ra, 2014 yilda xomiladaor qizi Barchinoy To‘qmoq shahridan O‘zbekistonga chegaradan qonuniy tarzda o‘tish mumkin bo‘lgan O‘sh shahriga qarab yo‘lga chiqqan. To‘qmoqdan O‘shgacha bo‘lgan masofa deyarli bir ming kilometrni tashkil qiladi.To‘qmoqdan O‘shga faqat avtomobilda borish mumkin.
O‘shaga tahminan 250 kilometr qolganida Shamoldisoy degan hudud keladi. O‘sha joyga yaqinlashganda homilador ayol betob bo‘lib qoladi va otasidan uni Shamoldisoyda kutib olishni iltimos qiladi. Arg‘inboy Tursunbekov yashagan Qizil Rovot qishlog‘i Shamoldisoydan 3-4 kilometr masofada joylashgani uchun ota chegarani buzib qizini kutib olishga chiqadi va qizi bilan chegarani buzgan holda ortga qaytayotganlarida O‘zbekiston chegarachilari tomonidan qo‘lga olinadi.
Ularga nisbatan jinoyat ishi ochilib. Barchinoy Baqaeva 1 million so‘m jarimga tortilgan. Sud Arg‘inboy Tursunbekovga 3 yil davomida har oyda davlat hisobiga eng oz ish haqqining 30 foizi miqdorida haq to‘lash va har 15 kunda Uychi tuman militsiyasidan ro‘yxatdan o‘tish jazosini belgilagan.
Arg‘inboy Tursunbekovning aytishicha, 2014 yilda Uychi tuman militsiyasiga navbatdagi tartibda ro‘yxatdan o‘tish uchun borganida unga O‘zbekistondan chiqib mehnat muhojirligiga ketgan 30 yoshdagi o‘g‘li Ulug‘bek chegarani buzib o‘tishda gumonlanayotganini aytishgan va unga o‘g‘lini topib kelish majburiyatini yuklab, Qirg‘izistonga chiqarib yuborishgan.
-O‘g‘limni chegara buzishda gumonlashayapti, lekin bu haqda hech qanday hujjat yo‘q. O‘g‘ligni topib kelasan, deb menga 200 ming so‘m o‘zbek so‘mi berishdi. Shu pul bilan chiqib ketib, o‘g‘limni topolmay, shu kungacha sarson bo‘lib, mardikor bo‘lib ishladim. O‘zbekistonga boray desam, shuncha yildan beri sen 15 kunda bir marta ro‘yxatga o‘tish uchun kelmading deb qamab yuborishlari mumkin, - dedi 65 yoshli Arg‘inboy Tursunbekov.
Arg‘inboy Tursunbekov o‘z arzi nusxasini O‘zbekistonning Qirg‘izistondagi konsulxonasiga ham topshirdi.
Konsulxona Tursunbekov arzini qabul qilib, yaqin kunlarda unga rasmiy javob berilishini aytgan.
Biroq konsulxona rasmiylari bu borada Ozodlik radiosiga izoh berishdan tiyildilar.