"Prezident sovg‘asi" deb berilgan uyi tortib olinayotgan ayol o‘z joniga qasd qildi (VIDEO)

O‘z joniga qasd qilgan 42 yashar Dilorom Ma’mirova hayotini qo‘shnilari arang qutqarib qoldi.

Ma’mirova Marg‘ilon shahri ma’muriyatining xatti - harakati o‘zini bunday keskin qadamga majbur qilganini aytdi.

Mulozimlar Ma’mirova va uning o‘nlab qo‘shnisidan “prezident sovg‘asi” deya tekinga berilgan uy uchun ijara puli talab qilishgan.

"Qutqarib qoldik"

Suiqasd urinishi 12 fevral kuni kechki soat oltilarda Dilorom Ma’mirovaga kvartira ajratilgan sobiq kollej binosida sodir bo‘lgan. Ozodlik bilan suhbatlashgan Dilorom Ma’mirovaning yon qo‘shnisi voqeani shunda tasvirlaydi.

“Koridorda qo‘shnilar bilan karta o‘ynab o‘tirgandik. Bu ayol sigaret sotadi, sigaret olish uchun uning eshigini qoqdim. Lekin javob bermadi. Sal qattiqroq itargandim, eshik ochilib ketdi. Qarasam, Dilorom opa trubaga osilgan holda, tipirchilab turibdi. Yugurib borib, oyog‘ini ko‘tardim va boshqalarni yordamga chaqirdim. Arqonni kesib, qutqarib qoldik, keyin “Tez yordam” chaqirdik. Keyin uni shifoxonaga olib ketishdi”, deydi ismini ochiqlamaslikni so‘ragan yigit.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Марғилонлик аёл ўзини осди

"Ko‘chada qolganimdan ko‘ra, o‘lgan yaxshi emasmi?"

13 fevral kuni Ozodlik Dilorom Ma’mirovaning o‘zi bilan bog‘lanishga muvaffaq bo‘ldi. Diloromning aytishicha, Marg‘ilondagi sobiq Iqtisodiyot kolleji binosi bir oy avval 88 ta kam ta’minlangan oilaga “prezident sovg‘asi” sifatida bepul berilgan. Biroq¸ Diloromga ko‘ra, kuni kecha Marg‘ilon shahar hokimligidan kelib, ijara haqi talab qilib, to‘lamaganlarni uydan haydash bilan tahdid qilishgan va u bunga norozi bo‘lib o‘zini osgan:

- Agar 3 oylik pulni to‘lamasang, uyni olib qo‘yaman, dedi. Ishlamayman, farzandim yo‘q, boquvchim yo‘q, haligini gaplari menga og‘ir botdi. Yana ko‘chada qolamanmi, dedimda o‘zimni osib qo‘ydim. O‘zimni uyimda, menga berilgan xonadonda, spalniyda paravoy otopleniening trubasi tortilgan. O‘sha trubaga arqonni to‘rt qavat qilib, boylab osdim o‘zimni. Ko‘chada qolganimdan ko‘ra, o‘lganim yaxshi emasmi? Kunda qiynalib yashaganimdan ko‘ra, u dunyoning azobini tortganim yaxshida. Nimaga bizni aldaydi, bu “prezident sovg‘asi” deb. Shuncha odamni aldadi. Hamma kam ta’minlangan bechoralarni,- deydi Dilorom Ma’mirova.

Marg‘ilon shahar Ichki ishlar bo‘limidan olingan ma’lumotga ko‘ra, Dilorom Ma’mirova bilan bog‘liq voqea bo‘yicha jinoyat alomatlari yo‘qligi bois hech qanday ish ochilmagan.

- Hamma shokka tushib qoldi. To‘g‘ri qutqarib oldik. Uchastkovoy kelib, “Rahmat sizlarga, unaqa-bunaqa” dedi. Shu hokimiyatdan kelib, pul talab qildi,- deydi Diloromning qo‘shnisi Oydinoy Sobirova.

"Prokatga olingan televizorlar"

“Prezident sovg‘asi” sifatida berilgan sobiq Iqtisodiyot kolleji binosida 20 nafar nogironlar oilasi va 68ta kam ta’minlangan oila yashaydi.

Ozodlik suhbatdoshlariga ko‘ra, binoni “prezident sovg‘asi” sifatida topshirish tadbiri 2017 yilning 26 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan, hokimlik vakillari ishtirok etgan tadbir payti binoning birinchi qavatidagi xonalarning barchasi televizor, divan-kreslo, gilam, parda bilan bezatilib, video reportaj qilingan. Biroq suhbatdoshlarning aytishicha, tadbir tugashi bilan xonalardagi jihozlar olib ketilgan.

O‘sha kuni “prezident sovg‘asi” sifatida uy bilan ta’minlangan ikkinchi guruh nogironi, 30 yashar Saidakbar Komilovga ko‘ra, uning xonasi tadbirdan so‘ng bo‘m-bo‘sh bo‘lgan:

- 26 dekabr kuni bayram qilib berdi. Viloyat hokimlari bor edi, G‘aniev. Bitta ayol kelgan ekan Toshkentdan. Videoga oldi. 32 lik televizor borku, yangi chiqqan o‘sha bor edi. Parda, gilam bor edi. Kelganimizda hammayoq bezatilgan edi. Keyin kelsak yo‘q bo‘lgan. To biz ko‘chib, kelgunimizcha, haligi narsalar yo‘q bo‘lgan. Televizor, gilamni olib chiqib ketishgan. Prezident tomonidan sizlarga bepul berildi, degan narsalar yo‘q bo‘lgan. Pardalar bor edi, pardalarni olib chiqib ketishgan. Xonalarni qup-quruq qilib qo‘yishgan. Videoga olguncha, vaqtincha qo‘yib turgan ekan. Shu yarim soat, bir soatda olib chiqib ketishgan. So‘rasak, prokatga olib turganmiz deyishdi,- deydi Saidakbar Komilov.

"Och qoladigan kunlarimiz bor"

4 farzandning onasi 45 yashar Oydinoy Sobirovaga ko‘ra, o‘zi va uning qo‘shnilari moddiy jihatdan juda qiynalgan oilalardir:

- Hammasining kichkina bolasi bor, xotinlar ikkiqat, erkaklarimizga ish bor, ish yo‘q. Hozir nihoyatda qiynalgan. Bir-birimizdan non olib yeyapmiz. Agar birorta odam ham ovqat qilmasa, och qolamiz. Qaysi biri ovqat qilsa, kelinglar deydi. O‘shani kirib ichayapmiz. Kechki payt kelinglar, bitta kvartirada hammamiz bola-chaqamiz bilan o‘tirgan bo‘lamiz. Nimaga desangiz, o‘sha yerda ovqat qilingan bo‘ladi. Bizni “prezident sovg‘asi” deb bu yerga olib kelishdi. Kelsak, na sveti bor, na gazi bor, hech nimasi yo‘q uyni berib, endi biz svet uchun schyotchik oldik, hamma kam-ko‘stini to‘g‘rilagandan keyin kechagi kuni kelib, hokimiyatdan 300mingdan ijara haqi so‘radi, -deydi Oydinoy Sobirova.

Bu uyda yashovchilarga ko‘ra, binodagi sharoit sanitariya qoidalariga javob bermaydi. Ular so‘zlariga ilova qilib, bino suratlarini Ozodlikka yo‘llashdi.

Марғилондаги "Президент совғаси" сифатида берилган уй

13 fevral kuni Marg‘ilon shahar hokimligidan mazkur shikoyat yuzasidan biror ma’lumot olishning imkoni bo‘lmadi. Hokimlikning uy-joylar bo‘limi boshlig‘i Muxtor (Ozodlikka uning familiyasi ma’lum emas -tahr.) ismli shaxs Ozodlikdan ekanligimizni aytishimiz bilan telefon go‘shagini qo‘yib qo‘ydi.