O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegaralaridan o‘tish tartibi engillashtirilganidan beri Botken viloyati aholisining bir qismi Farg‘ona viloyati kasalxonalariga borib davolanishni afzal ko‘rmoqda. O‘zbekistonda davolanib qaytgan qirg‘izistonliklarning aytishicha, o‘zbek shifokorlarining shirinso‘zligi, davolanish haqining arzonligi qo‘shni davlat fuqarolarini o‘ziga jalb etmoqda.
Qirg‘izistonning Botken viloyatidagi Ko‘prikboshi qishlog‘ida yashovchi Ismoil Japarov sariq kasali bilan og‘rib qolgan ikki nevarasini Farg‘ona viloyatining So‘x tuman kasalxonasida davolatdi.
Ismoil Japarov 10 kunlik davolanishga qirg‘iz so‘mida 200 so‘m mablag‘ sarflaganini aytdi. Bu pul taxminan 25 ming o‘zbek so‘miga to‘g‘ri keladi.
-Botkenda hech qanday foydasi bo‘lmagan tekshiruvlarga qirg‘iz pulida 900 so‘m sarfladim. Tekshirganlar, hatto, mana bunday dorilarni ichinglar, mana bunday davolanglar, deb aytib ham qo‘ymadi. Keyin 900 so‘m pulimga kuyib, qaytib keldik va So‘xning kasalxonasiga bordik. So‘xning kasalxonasida qirg‘izlar juda ko‘p. Sababi, tashhisni aniq qo‘yib davolar ekan, davolanish haqqi ham arzon ekan. Mana shu narsa xalqqa yoqayapti, deb o‘ylayman, -dedi Ismoil Japarov.
Unga ko‘ra, o‘zbek shifokorlari shirinsuxanligi bilan ham botkenlik shifokorlardan ajralib turadi.
-“Xush kelibsiz, qaeringiz og‘riyapti”, deb nihoyatda shirinsuxanlik bilan kutib olishadi. Ularningg shirin so‘zligidan og‘riyotgan bo‘lsang shifo topib ketasan, -deb qo‘shimcha qildi Ismoil Japarov.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Botken viloyati aholisi O‘zbekiston kasalxonalariga ular yaqin hududlarda joylashgani uchun ham murojaat qilmoqda. O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegaralari yopiq bo‘lgan paytda viloyat aholisi 50-60 kilometr olislikda joylashgan tuman kasalxonasiga murojaat qilishga majbur bo‘lar edi. Chegaralar ochilganidan so‘ng esa qishloqdan o‘n kilometr uzoqlikdagi o‘zbek kasalxonalarida davolanish imkoniyati paydo bo‘lgan.
-Birinchidan, Botkenga borish uchun juda uzoq yo‘l yurish kerak. Ikkinchidan, Botkenda shifokorning qabuliga kirish ham oson emas, ularning muomalasi ham qo‘polroq. O‘zbekiston kasalxonalariga borsak, juda yaxshi kutib olishadi, yaxshi davolashadi, - deydi Botken viloyatidagi qishloqlardan birida yashovchi Mirbolot Imarali.
Botken viloyati kasalxonalaridagi shifokorlarning qo‘pol muomilasidan shikoyat qilayotgan bemorlar soni ko‘pligini viloyat bosh shifokori Abdulakim Abdullaev ham tan oldi.
-Albatta besh qo‘l barobar emas. Qo‘pol muomala qiluvchilar ham bor. Biz ular bilan tushuntirish ishlarini olib borayapmiz. Bugungi kunda qo‘pol muomalada bo‘layotgan shifokorlar soni ozayib borayapti, -dedi Abdulakim Abdullaev.
O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi chegaralar 2017 yilning sentabrida prezident Shavkat Mirziyoev Bishkekka davlat tashrifi bilan kelgani ortidan ochilgan edi.
Ayni paytda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev iqtidorga kelganidan boshlab o‘nlarcha marta tibbiyot sohasidagi jiddiy muammolar va yetishmovchiliklar haqida gapirdi. Soha rahbarlarini almashtirdi.
Mirziyoevning selektor yig‘ilishlarida “tibbiy xizmatlar sifati pastligi tufayli har yili 30 mingga yaqin fuqaro chet elga davolanishga borishga majbur bo‘layotganini” xavotirli omil sifatida ta’kidlab aytgan.
Prezident O‘zbekistonning sog‘liqni saqlash tizimini “kasal”deb baholagan edi.