Nazarboev lotin alifbosidan bahslarga sabab bo‘layotgan apostroflarni olib tashladi

Nazarboev yangi farmon bilan tasdiqlagan lotin yozuviga asoslangan qozoq alifbosi.

Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboev 20 fevralda lotin yozuviga asoslangan qozoq alifbosidan apostroflar, ya’ni tutuq belgilarini olib tashlash va ularni diakritik belgilar – akutlar bilan almashtirish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

Prezident o‘tgan yilning oktabrida 2025 yilgacha qozoq alifbosini lotin yozuviga bosqichma – bosqich o‘tkazish to‘g‘risidagi farmonni e’lon qilgandi. Biroq qozoq tilshunoslari o‘sha paytda taklif qilingan alifbodagi apostroflar qozoq tili qoidalariga to‘g‘ri kelmayotgani, jumladan, apostroflar bir so‘zni uch yoki to‘rtga bo‘lib yuborayotgani ortidan matnlarni o‘qish og‘irlashayotganini, bu esa matnlarni tushunishni ham qiyinlashtirayotganini tanqid qilib chiqqan edilar.

Nazarboevning yangi farmonini sharhlagan axborot va kommunikatsiyalar vaziri Dauren Abaev prezident IT-mutaxasislar va olimlarning e’tirozlarini hisobga olgan holda apostroflardan holi bo‘lgan yangi alifboni taqdim etganini bildirdi.

“Lotin yozuviga asoslangan yangi qozoq alifbosi qozoq tilida yozish va o‘qishni ancha osonlashtiradi”, dedi vazir.

Nazarboev farmoni bilan tasdiqlangan yangi alifboda belgi (apostrof) harfdan keyin emas, bevosita harfning ustiga (akut) qo‘yiladi.

Markaziy Osiyo davlatlari orasida birinchilardan bo‘lib O‘zbekiston kirill alifbosidan voz kechib, lotin yozuviga o‘tgan edi.

O‘zbekistonda lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risidagi qonun 1993 yilning 2 sentabrida qabul qilingan bo‘lsa-da, shu kungacha lotin yozuvga o‘tish jarayoni o‘z yakuniga yetgan emas.

O‘zbekistonlik mutaxasislar bunga lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida muammolar, noaniqliklar bisyor ekani sabab bo‘layotganini aytib keladilar.

Jumladan, lotin yozuvidagi o‘zbek alifbosida eng katta noqulayliklarni «o‘» va «g‘» harflari hamda tutuq belgisi keltirib chiqarayotgani, hozirgi kunda ushbu harflarni yozishda qabul qilingan belgilar o‘rniga turli-tuman belgilar ishlatilayotgani to‘g‘risida Ozodlik radiosi 2017 yilning 15 avgustida maqola e’lon qilgan edi.

Bundan avval o‘zbekistonlik adabiyotshunos Shuhrat Rizaev ham mamlakat rahbariga murojaat etib, lotin alifbosi o‘zbek tili tabiatiga unchalik muvofiq emasligi, uchinchi o‘n yillik to‘lib boryaptiki, ko‘pchilik hanuz bu yozuvga moslasha olmayotganini aytgan va kirillni – asosiy, lotinni ikkinchi alifbo sifatida qonunlashtirishni taklif etgan edi.