Qozog‘istonning Mangistau viloyatida avtomobil halokati oqibatida O‘zbekistonning 6 nafar fuqarosi halok bo‘ldi.
Halokatda jami 7 kishi nobud bo‘ldi
O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligiga ko‘ra halokat mahalliy vaqt bilan soat 6 da yuz bergan. TengriNews agentligi esa halokat soat 4:40larda sodir bo‘lgani bildirmoqda.
Rasmiy xabarda aytilishicha, 1 mart kuni “Aktau-Beyneu” yo‘lining Mangistau viloyati Shetpe qishlog‘idan o‘tuvchi qismida Shacman rusumidagi yuk mashinasi va Lada Largus universal yengil avtomashinasi to‘qnashib ketgan.
Avtoto‘qnashuv oqibatida Lada Largus avtomashinasida ketayotgan 7 kishi voqea joyida halok bo‘lgan, ulardan 6 nafari O‘zbekiston fuqarosidir. To‘qnashuvdan so‘ng engil avtomashina yonib ketgan.
Ayni paytda halok bo‘lganlarning shaxsi o‘rganilmoqda. Qozog‘istonda “Yo‘l harakati qoidasini va transport vositasidan foydalanish tartibini buzganlik” moddasi asosida tergov olib borilmoqda.
Halok bo‘lganlarning ro‘yxati
O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi avtohalokatda halok bo‘lganlarning dastlabki ro‘yxatini e’lon qildi. Vazirlikning bildirishicha, ro‘yxatdagi odamlar yonib ketgan Lada Largus avtomashinasiningg yo‘lovchilari bo‘lgani taxmin qilinayotir.
1. Allayarov Rasulbek Qo‘ziboevich, 23.02.1981 yil — Xorazm viloyati, Shovot tumani, Gulchi ko‘chasi 19 uy (avtomobil haydovchisi).
2. Dushamov Zokir Quranboevich, 11.04.1977 yil — Xorazm viloyati, Shovot tumani, “Tukmangit” MFY (yo‘lovchi).
3. Rahimov Sherzod Saparboevich, 12.07.1980 yil — Xorazm viloyati, Shovot tumani,“Guliston” shaharchasi (yo‘lovchi).
4. Begnazarov Mardonbek Xushnud o‘g‘li, 27.10.1995 yil — Xorazm viloyati, Bog‘ot tumani,“Nayman” QFY (yo‘lovchi).
5. Madaminov G‘ayrat Rozmatovich, 13.10.1985 yil — Xorazm viloyati,Gurlan tumani, Gurlan shaharchasi, Maxtumquli ko‘chasi, 34 uy (yo‘lovchi).
6. Boltaev Mahmudjon Saburjon o‘g‘li, 21.09.1995 yil— Xorazm viloyati, Yangiariq tumani, “Ostono” QFY (yo‘lovchi).
Favqulodda vaziyatlar vazirligi voqea yuzasidan qo‘shimcha ma’lumotlarni olishni istaganlar (+998 71) 147−10−50 telefoniga qo‘ng‘iroq qilishi mumkinligini bildirdi.
Qozog‘istonda o‘zbekistonliklar o‘lgan avvalgi avariyalar
Qozog‘istonda so‘nggi ikki oy ichida bir necha marta o‘zbekistonliklarni olib ketayotgan avtobuslar halokatga uchragani xabar qilindi.
18 yanvar kuni ana shunday hodisalarning eng dahshatlisi yuz berdi. Qozog‘istonning Aqto‘be viloyati Irgiz tumanidan o‘tuvchi "Samara-Chimkent" avtomobil yo‘lida avtobus yonib ketishi oqibatida 52 o‘zbekistonlik nobud bo‘ldi.
23 yanvarga o‘tar kechasi Chimkent-Petropovlosk- Nijnevartovsk yo‘nalishida yo‘lga chiqqan avtobsuning muzlab buzilib qolishi oqibatida sovuqda qolib ketgan 47 o‘zbekistonlik qutqarildi.
26 fevralь kuni “Samara-Chimkent” yo‘lining Aqto‘bo‘ viloyatidan o‘tuvchi qismida “Krasnodar-Chimkent” yo‘nalishi bo‘yicha 25 nafar o‘zbekistonlikni olib ketayotgan Mercedes avtobusi ag‘darilib ketgan edi. Voqeada 7 o‘zbekistonlik jarohatlangan.