O‘zbekistonda eng uzoq vaqt panjara ortida saqlangan jurnalistlardan biri 54 yashar Yusuf Ro‘zimurodov 19 yillik qamoqdan so‘ng 22 fevral kuni muddatidan oldin ozodlikka chiqarildi. Ro‘zimurodov 1999 yili Toshkent portlashlarida ayblanib qamalgan edi.
2 mart kuni Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha¸ Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati Bo‘stonliq tuman sudi ajrimi bilan Chirchiqdagi 64/6-sonli koloniyada jazo muddatini o‘tayotgan “Erk” demokratik partiyasi faoli, 54 yashar jurnalist Yusuf Ro‘zimurodov 22 fevral kuni ozodlikka chiqarilgan.
-1999 yilda qamalgan jurnalist muddatidan avval shartli ozod qilish bilan chiqarilgan. Yaqinlariga ko‘ra¸ ahvoli yaxshi ¸ dedi bu haqda Ozodlikka xabar bergan huquq faoli Ismoil Adilov.
Yusuf Ro‘zimurodov hamda u bilan birga qamalgan “Erk” gazetasi muharriri Muhammad Bekjon, Chegara bilmas muxbirlar, Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar e’tiroficha, nafaqat O‘zbekistonda, balki butun dunyoda qamoqda eng uzoq vaqt qolayotgan jurnalistlar hisoblanadi.
- Yusuf Ro‘zimurod ozodlikka chiqqqani haqida aytishganida hayajonlanib ketdim. Yig‘lab ham oldim ozgina. Men uni yaxshi bilaman. Biz 94-yildan beri birga ishlab kelganmiz. "Erk"da ham ishlagan. Kievdan ham bizni birga olib kelishgan. Birga sudlandik. Birga qamaldik. Hatto u ham men kabi qiynoqqa tutildi. Ichki ishlar vazirligida o‘tirganimizda meni sudrab olib kelib, Yusufni ko‘rsatishgan. "Sening jinoiy sherigingning ahvolini ko‘r" deyishdi. O‘shanda Yusuf boshini devorga to‘xtovsiz urib o‘tirgandi. U bizni kirganimizga e’tibor ham qilmadi. O‘zimning ahvolim ham og‘ir edi. Lekin Yusufni ko‘rib yig‘laganman, deydi sobiq mahkum Muhammad Bekjon
Ozodlik Yusuf Ro‘zimurodovning o‘zi bilan bog‘lana olmadi, uning qarindoshlariga ko‘ra, u ayni vaqtda Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumani “Jeynov” qishlog‘ida akasining uyida yashamoqda.
"U hech kim bilan gaplashmoqchi emas. Shuning uchun telefon ham ishlatmayapti" dedi Yusuf Ro‘zimurodovning yaqinlaridan biri.
Muhammad Bekjon Ro‘zimurodovning matbuotdan "qochayotgani" sababi "qamoqxona nozirlari tomonidan qo‘yilgan shart" bo‘lishi mumkinligi haqida gapirdi:
- Menimcha qo‘rqitishgan bo‘lishsa kerak. Menga ham chiqayotganimda "Matbuotga intervyu berasizmi" deb so‘ragan, men beraman dedim. Menimcha Yusufni qo‘rqitishgan, deydi Muhammad Bekjon.
Muhammad Bekjon bilan suhbatni quyida to‘liq tinglashingiz mumkin:
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
1999 yilning 16 fevralidagi Toshkent portlashlaridan ko‘p o‘tmay qo‘lga olingan Yusuf Ro‘zimurodov Toshkent viloyati sudi hukmi bilan Jinoyat Kodeksining 158-moddasi (O‘zbekiston Respublikasi prezidentiga tajovuz qilish), 159-moddasi (O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz), 216-moddasi (Jamoat birlashmalari yoki diniy tashkilotlarni qonunga xilof ravishda tuzish), 242-moddasi (Jinoiy uyushma tashkil etish) bilan 15 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, mahkama chog‘ida Yusuf Ro‘zimurodov o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni batamom rad etgan.
Uning qamoq muddati keyinchalik bir necha bor uzaytirilgan.
Jurnalist Muhammad Bekjon, yozuvchi Evril Turon (Mamadali Mahmudov)lar bilan birgalikda sudlangan Ro‘zimurodov o‘z paytida Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumanidagi o‘rta maktabda rus tili va adabiyoti fanidan saboq bergan va “Erk” gazetasining muxbiri sifatida faoliyat olib borgan.