Jeenbekov: O‘zbekiston Qirg‘iziston orqali Yevropa bozoriga chiqishi mumkin

Qirg‘izistonning 5-prezidenti So‘o‘ro‘nbay Jeenbekov.

Lavozimiga kirishganiga yuz kun to‘lgani munosabati bilan 6 mart kuni ommaviy axborot vositalari rahbarlari bilan uchrashgan Qirg‘izistonning 5-prezidenti So‘o‘ro‘nbay Jeenbekov uchrashuv davomida O‘zbekiston bilan munosabatlar masalasiga ham to‘xtaldi.

Jeenbekov 2017 yilda O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegarasidagi nazorat o‘tkazish punktlari ochilgani va chegaraning 85 foizi aniqlangani to‘g‘risidagi hujjatlar imzolanganini tilga olar ekan, ayni paytda ikki davlat ishchi guruhlari chegaraning qolgan 15 foizi bo‘yicha kelishuvga erishish masalasida tig‘iz ishlayotganini tilga oldi.

-Bizning asosiy yo‘nalishimiz uzoqdagi qarindoshdan yaqindagi qo‘shni yaxshi degan prinsipga amal qilishdir, -degan So‘o‘ro‘nbay Jeenbekov O‘zbekiston bilan yaqin kelajakda amalga oshiriladigan iqtisodiy munosabatlarga alohida to‘xtaldi.

-Eksportga chiqish masalasida so‘zlashuvlarni olib bordik. Yevropa Ittifoqi Qirg‘izistonga Yevropa hududiga mahsulotlarni olib kirishga juda katta imtiyozlarni bergan. Mana shu imtiyozdan O‘zbekiston bilan hamkorlikda foydalanmoqchimiz,- dedi prezident.

2016 yilning yanvarida Yevropa Ittifoqi Qirg‘izistonga 6 ming mahsulot turini ittifoq hududiga boj to‘lovlarisiz olib kirish huquqini bergan edi. Prezident “imtiyoz” deganda mana shu holatni nazarda tutdi.

Jeenbekovning aytishicha, yaqin kunlarda O‘zbekiston Qirg‘izistondan olib qirilgan go‘sht va sut mahsulotlariga aksiz solig‘ini kamaytirishi yoki bekor qilishi mumkin.

-Qirg‘iziston qishloq xo‘jalik mahsulotlariga O‘zbekistonda juda katta aksiz solig‘i belgilangan. O‘zbekistonda Qirg‘izistonda ishlab chiqarligan go‘sht va sut mahsulotlariga aksizni kamaytirish yoki olib tashlash masalasi kun tartibiga qo‘yildi. Bu masalada ham olg‘a siljishlar kuzatilmoqda, -dedi prezident.

So‘o‘ro‘nbay Jeenbekov uchrashuvda boshqa masalalarga ham to‘xtaldi. Jumladan, u Qirg‘izistonning eng katta yutug‘i so‘z erkinligi ekanini aytib, prezident sifatida bu erkinlikni barcha imkoniyatlarni ishga solgan holda ta’minlashini bildirdi. Shuningdek, Jeenbekov korrupsiyaga qarshi kurashda dahlsizlar bo‘lmasligini, kimligidan qat’iy nazar korrupsiyaga aralashgan odam jazolanishini ta’kidladi.

So‘zi so‘nggida So‘o‘ro‘nbay Jeenbekov hokimiyatga qarindoshlarini aralashtirmaslik fikrida qat’iy ekanini aytib, 6 yillik muddati yakunlanganidan so‘ng hokimiyatni topshirishiga shama qildi:

-Men Bakiev bilan Akaevning taqdiriga o‘zim guvoh bo‘ldim. Men ularning taqdirini takrorlamoqchi emasman. Olti yildan keyin yorug‘ yuz bilan odamlar orasida yurishni xohlayman. “Bir joyga kirishdan oldin qanday chiqishni o‘yla”, degan maqolni unutganim yo‘q, -dedi Jeenbekov.