Tojikiston - Qirg‘iziston chegarasida 3 aprel kuni sodir etilgan nizoda 17 nafar qirg‘izistonlik tan jarohati oldi, ularning ikki nafari kasalxonaga yotqizildi, qolganlari birinchi tez tibbiy ko‘mak ko‘rsatilgach, uylariga qaytarildi.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Hozircha Tojikiston tomonidan nizoda qatnashganlar orasida jarohat olganlar to‘g‘risida ma’lumot yo‘q. Avvalroq toshbo‘ron paytida bir nafar tojik chegarachisi jarohatlangani xabar qilingan edi.
Rasmiylar ikki davlat aholisi ishtirokidagi nizo yuz bergan hududdagi vaziyat barqaror ekanini bildirmoqda.
Rasmiy xabarga qaraganda 3 aprel kuni yuz bergan nizoga Qirg‘izistonning Botken tumani Uchdo‘bo‘ qishlog‘idan o‘tuvchi chegara chizig‘iga qirg‘iz fuqarosi devor qura boshlagani sabab bo‘lgan.
Tojikistonning So‘g‘d viloyati Isfara tumaniga qarashli Xo‘jali qishlog‘i aholisi ikki davlat o‘rtasida aniqlanmagan va bahsli bo‘lib turgan hududga devor qurilayotganiga qarshi norozilik bildirishgan.
Shundan so‘ng vaziyat taranglashib, voqeaga joyiga har ikki tomonadan 50 nafarga yaqin odam yig‘ilgan va tomonlar bir-birini toshbo‘ron qilgan.
Ozodlik radiosi qirg‘iz xizmati Kanibek Aliev ismli foydalanuvchining "Feysbuk"dagi sahifasidan nizo paytida olingan videoni ko‘chirib e’lon qildi.
Toshbo‘ron paytida odamlardan tashqari uylar va avtomashinalarga ham zarar yetkazilgani aytilmoqda. Lekin ularning soni aniq emas. Nizo oqibatida keltirilgan zarar miqdorini maxsus ishchi guruhi o‘rganmoqda.
Mazkur nizo qirg‘iz va tojik rasmiylari tomonidan yarim soatda bartaraf etilgani aytilmoqda.