Qorasuvda o‘quvchilar ishtirokida terrorchilikka qarshi tadbir o‘tkazildi

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

O‘sh viloyatining Qorasuv shahrida 5 aprel kuni maktab o‘quvchilari “Biz terrorchilikka qarshimiz” shiori ostida yurishga chiqdi. Tadbir shahar hokimligi, tuman Ichki ishlar bo‘limi va milliy xavfsizlik xizmati bilan hamkorlikda uyushtirilgan.

Yurishda Qorasuvdagi olti maktabdan bir necha yuz nafar o‘quvchi ishtirok etdi. Rasmiylarga ko‘ra, tadbirdan maqsad yoshlarning turli radikal diniy oqimlarga qo‘shilishining oldini olishdir.

- Yoshlar tashabbusi bilan “Biz terrorchilikka qarshimiz” degan shior ostida aksiya o‘tkazayapmiz. Undan maqsad yoshlarning turmushda, uyda bo‘layotgan zo‘ravonlik, o‘z joniga qasd qilish kabi ko‘rinishlarga qarshi ekanini ko‘rsatishdir, - dedi Qorasuv shahri meri Qutug‘ali Qo‘zubaev.

Aksiya ishtirokchilari qo‘llarida qirg‘iz hamda rus tillarida “Kelajak iymonli yoshlar qo‘lida”, “Bizga tinchlik kerak”, “Biz terrorchilikka qarshimiz” deb yozilgan plakatlarni ko‘tarib olgandi. O‘quvchilar vaqti-vaqti bilan ayni shiorlarni qirg‘iz va o‘zbek tillarida hayqirib o‘tdilar.

Qorasuv tuman Ichki ishlar bo‘limi rasmiysi Ruslan O‘mo‘shev so‘nggi yillarda o‘z idorasi yoshlar orasida terrorchilikka qarshi tashviqotni kuchaytirganini aytadi.

- Biz mahalliy o‘z-o‘zini boshqarish organlari, Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi va qoziyot vakillari bilan birgalikda tushuntirish ishlarini olib borib, 2016 yil sentabridan Suriyaga ketganlar sonini keskin qisqartirishga erishdik. Ishontirib ayta olamizki, 2016 yildan beri tumanimizdan Suriyaga ketgan odamlar ro‘yxatga olinmadi, - dedi Ruslan O‘mo‘shev.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Qorasuvdan jihod maqsadida Suriyaga ketganlar soni 242 kishini tashkil qiladi. Ularning 48 nafari o‘smir, 42 nafari ayollardir. Ketganlarning 90 foizini 30 yoshgacha bo‘lganlar tashkil etadi.