Mamlakat ichkarisi va tashqarisidagi mardikorlar haqqini himoya qilish bilan shug‘ullangan muxolifatdagi O‘zbekiston Xalq harakati faoli Faxriddin Tillaev 12 may kuni muddatidan avval ozodlikka chiqarildi. Tillaev 2014 yil martida odam savdosida ayblanib, 11 yillik qamoqqa hukm qilingan edi.
"Muddatidan avval chiqarishdi"
12 may kuni tonggi 7:30da ozodlikka chiqqan Faxriddin Tillaevning Ozodlik bilan suhbatda aytishicha, u Oliy sudning ajrimiga ko‘ra, muddatidan avval qamoqdan chiqarilgan:
- “Siz endi ozodlikka chiqarildingiz” deb, menga tanishtirib, o‘qitib, qo‘l qo‘ydirib, keyin ko‘chaga chiqarib yuborishdi, deydi Tillaev.
2014 yilning 6 mart kuni Toshkent shahrining Shayxontohur tuman jinoiy ishlar bo‘yicha sudi hukmiga ko‘ra, Faxriddin Tillaev 10 yilu 8 oyga va u bilan birga sudlangan Nuriddin Jumaniyozov esa 8 yilu 3 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.
Mahkama ikki muxolifatchini odam savdosida aybdor deb topgan.
Tillaev bilan birga qamalgan Nuriddin Jumaniyozov 2016 yilning 31 dekabrida 68 yoshida qamoqda vafot etgan.
Qiynoqlar: oyoqqa tiqilgan igna, elektr tok...
Tillaevning safdoshlari una qo‘yilgan ayblov soxta ekanini, qamoq esa uning siyosiy faoliyati uchun jazo ekanini ta’kidlab keldi.
Xalqaro tashkilotlar esa Tillaevga qamoqda qo‘llanilgan qiynoqlar haqida yozdi.
- Menga qiynoqlar bo‘ldi. Sudgacha qiynoqlar bo‘ldi. Suddan keyin zonaga borgandan keyin ham qiynoqlar bo‘ldi. Ancha azob-uqubat, davlenielar bo‘ldi menga nisbatan. Masalan, meni barmoqlarimga, oyoqlarimning orasiga ignalar sanchishdi. Sovuq havoda tashqariga chiqarib, qip-yalang‘och qilib, ustimdan sovuq suvlar quyishdi. Badanlarimga elektr tok qo‘llashdi. Oyoqlarimning ostiga troslar bilan urishdi. Oltita loxmachining oldiga qo‘yib azoblashdi. Xohlagan ishlarini qildi. Qamoqda o‘tgan kunlarimga afsuslanaman. Chunki men hurriyatdan ham, erkdan ham, hamma narsadan benasib inson edim, deya eslaydi ozodlikka chiqqan Tillaev.
"Faoliyatimni davom ettiraman"
Faxriddin Tillaev qamalishidan oldin Nuriddin Jumaniyozov bilan birgalikda “O‘zbekiston mardikorlar kasaba uyushmasi”ni tashkil qilib, mardikorlar huquqlarini himoya qilish bilan shug‘ullanib kelgan.
Ozodlikka chiqqan ilk kunida Ozodlik bilan suhbatlashgan Tillaev huquq himoyachisi sifatidagi faoliyatini davom ettirish niyatida ekanini bildirdi.
- Xudo xohlasa, men o‘sha tuzgan tashkilotim faoliyatini davom ettirmoqchiman. Sudlarda qatnashib, ayniqsa diniy ayblov bilan qamalgan insonlarni, nohaq o‘tirgan insonlarni huquqini himoya qilib, huquq himoyachisi sifatidagi faoliyatimni davom ettirish niyatim bor, dedi Faxriddin Tillaev.
Sobiq mahkum bilan suhbatni quyida to‘liq tinglashingiz mumkin:
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
2013 yilning sentabr oyida Faxriddin Tillaev Toshkent shahar Chilonzor tuman sudi tomonidan "mayda bezorilik", "tuhmat" va "internetda noto‘g‘ri faktlarga asoslangan maqolalar" chop qilishda aybdor deb topilib, 15 sutkaga qamalgan edi.
Bundan avval, 2013 yilning avgustida mardikorlar himoyasiga otlangan Faxriddin Tillaev mahkamaga tortilib, har biri 7 million so‘mlik jarimaga tortilgan edi.