OzodTa’sir: Maktab direktori o‘qituvchilarga ko‘cha supirtirgani uchun ishdan olindi

Samarqand viloyatidagi 62-sonli maxsus maktab-internatga 18 may kuni direktor etib tayinlangan Azamat Umarov o‘qituvchilarni shanba va yakshanba kunlari majburiy mehnatga jalb qilgani uchun ishdan bo‘shatildi. Bu haqda Ozodlikka Samarqand Xalq ta’limi boshqarmasi mulozimi ma’lum qildi. Umarovning ishdan olinishi uning o‘qituvchilarni ko‘cha tozalashga majburlagani haqdagi 22 may kungi Ozodlik xabari ortidan ro‘y berdi.

Prezident Mirziyoevning Samarqand safari arafasida ko‘cha tozalashga majburlangan 23 yashar kattaqo‘rg‘onlik o‘qituvchining 14 mart kungi fojiali o‘limi ortidan Azamat Umarov viloyat Xalq ta’limi boshqarmasi rahbari lavozimidan bo‘shatilgan edi.

18 may kuni Samarqanddagi 62-sonli maxsus maktab-internatiga direktor etib tayinlan Umarov yana majburiy mehnat mojarosi sabab lavozimidan olindi..

62-sonli maxsus maktab-internatining o‘quv ishlari bo‘yicha mulozimi Osiyat Hamdamovaning Ozodlikka aytishicha, Umarov maktab pedagoglarini obodonlashtirish, ko‘cha tozalash ishlariga jalb qilgani uchun vazifasidan olingan va maktabning eski direktori yana lavozimiga qaytarilgan.

- Sizlar xabar berganinglardan keyin bo‘lyapti bu. 23 may kuni bu masala majlisda muhokama bo‘lib, Umarov ishdan olindi, o‘rniga eski direktorimiz Nurali Ro‘zievni olib kelib qo‘yishdi, - dedi Osiyat Hamdamova.

5 kunlik direktor

Uch kun avval Ozodlik Umarovning 18 may kuni Samarqand shahridagi 62-sonli maktab-internatga direktor etib tayinlangani va darhol o‘qituvchilarni yana obodonlashtirishga haydagani haqda xabar bergan edi.

62-sonli maktab-internatining o‘qituvchilari Azamat Umarovning xatti-harakatlari haqida Ozodlikka shikoyat qilishgandi.

Samarqand viloyati Xalq ta’limi boshqarmasi mulozimining Ozodlikka aytishicha, maktab-internati direktori o‘qituvchilarni dam olish kuni majburlab ishlatgani uchun u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinib, egallab turgan lavozimidan ozod etilgan.

Eslatib o‘tamiz, 10 may kuni Vazirlar Mahkamasining "O‘zbekiston Respublikasida majburiy mehnatga barham berishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi 349-sonli qarori qabul qilingan bo‘lib, unga ko‘ra, ixtiyoriy-majburiy hashar tashkil qilish taqiqlangandi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev ham aprel oyida Jizzaxga safari davomida samarqandlik o‘qituvchi Diana Yenikeevaning o‘limida o‘zini ham aybdor his qilishini, bundan buyon o‘qituvchini majburiy mehnatga jalb qilgan hokimlar, katta xizmatlari bo‘lishidan qat’iy nazar, ishdan ketishini ta’kidlagandi.

O‘qituvchini ko‘cha supirtirish menga ham, siyosatga ham xiyonat!”, - degan edi o‘tgan oyda prezident Mirziyoev.