Bishkek Olmaota aeroportida qirg‘izstonliklar qattiq tekshirilayotganidan norozilik bildirdi

Olmaota aeroportidagi uchoq.

Qirg‘iziston fuqarolari hukumat tuzilmalariga Qozog‘istonning Olmaota aeroportida bir necha oydan beri qattiq tekshiruvlarga duchor bo‘layotganlaridan shikoyat qilmoqdalar.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Bishkek Olmaota aeroportida qirg‘izstonliklar qattiq tekshirilayotganidan norozilik bildirdi

-Meni bu tekshiruv juda hayratga soldi. Alohida bir xonaga olib kirib olib “Yigiting bormi?”, “Bishkekda qaerda yashaysan?” kabi savollarni berishdi. “Bularning sizga aloqasi yo‘q”, desam, “Shunchalik aqlli bo‘lsang seni reysga chiqarmay, sakkiz soat mana shu joyda saqlab turamiz”, deb ustimdan kulishdi. Telefonimning IMEI kodlari va shaxsiy ma’lumotlarimni yozib olishdi. Rostini aytsam, menga ekstremistik adabiyot yoki narkotik tashlab qo‘yishadi, deb juda qo‘rqdim, - dedi o‘zini Nurjamal deb tanishtirgan Qirg‘iziston fuqarosi.

Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi aholidan tushayotgan bu kabi shikoyatlarni hisobga olgan holda Qozog‘istonga tushuntirish so‘rab, norozilik notasi yubordi.

Qozog‘iston hukumati bu notaga tezlikda javob qaytarib, Olmaota aeroportidagi tekshiruv Qozog‘iston xavfsizligini ta’minlash, ekstremistik guruh a’zolarini aniqlash maqsadida kuchaytirilganini bildirgan. Biroq Qirg‘iziston tashqi ishlar vazirining sobiq o‘rinbosari Asqar Beshimov bu kabi tekshiruvlarni xalqaro shartnomalarga zid, deb hisoblaydi.

-Bu muammo nota jo‘natish bilangina hal etilmaydi. Davlatlarimiz o‘rtasida chegaradan o‘tish tartibi to‘g‘risida shartnoma imzolangan. Qirg‘iziston fuqarolari mana shu shartnomaga muvofiq muayyan shartlar asosidagina tekshirilishi lozim. Bu shartnoma qanday bajarilayotganini esa Qirng‘iziston chegara xizmati nazorat qilishi kerak. Bunday qattiq tekshiruvlar korrupsiya bilan ham bog‘liq bo‘lishi mumkin, -dedi Asqar Beshimov.

Bu masala 29 may kuni Qirg‘iziston parlamentining Xalqaro aloqalar, mudofaa va xavfsizlik qo‘mitasida ham muhokama qilindi.

- Deputat Janibek Bakchiev bu maslada hisobot berdi. U Olmaotaga uchib borib, o‘zi chegaradan o‘tdi. Vaziyat bilan joyida tanishdi. Qozoq chegarachilari Qirg‘iziston fuqarolarining pasportlarini to‘plab olib, ularni chegaradan o‘tkazmay qiyinchiliklarga duchor qilayotganiga guvoh bo‘libdi. Bunday holat korruptsiya bilan bog‘liq, deb o‘ylaymiz. Ularning xodimlari odamlardan pul olish maqsadida mana shunday vaziyatni keltirib chiqarmoqda. Bu kabi ishlar ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarga putr yetkazadi,- dedi parlament deputati Abduvahab Nurbaev.

Deputatning aytishicha, parlament Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligiga Olmaota aeroportida qirg‘izistonliklarning bu tarzda xo‘rlanishi sabablarini o‘rganish to‘g‘risida topshiriq berdi.