Samarqand viloyati Paxtachi tumanida bir guruh shaxslarning Navoiy kon metallurgiya kombinatiga qarashli “Qoraqo‘ton” konidan o‘g‘irlangani gumon qilingan oltin toshlarni qo‘lbola tegirmonda maydalayotganiga guvoh bo‘lgan uchastka noziri do‘pposlandi. Hodisa 31 may kuni Paxtachi tumanining Toma mahallasida ro‘y berdi.
Toma mahallasida uchastka noziri Sardor Mamatqulov majburiy ijro bo‘limi xodimlari bilan birga elektr tarmoqlaridan noqonuniy foydalanayotganlarni aniqlash bo‘yicha uyma-uy yurishganida xovlilardan birida noma’lum odamlar oltin toshlarni tegirmonda maydalayotgani ustidan tushib qolishgan.
Bu haqda do‘pposlangan uchastka noziri Ozodlikka shularni aytdi.
- Majburiy ijrochilarga eshigini ochmayapti. Qarasak tegirmonni elektr tarmog‘iga ulab olib shu ish bilan shug‘ullanishyapti. Keyin qo‘liga temir narsalarni olib tashlanishyapti, keyin qochib ketishdi, - deydi uchastka noziri.
Voqea guvohi bo‘lgan 40 yoshli Akbarjon Shomurodov uchastka noziriga tashlanganlar “Qoraqo‘ton” konidagi oltin toshlarni o‘g‘irlovchilar bo‘lishini, bir kun avval ular uni o‘ziga ham o‘lim tahdidi qilishganini aytdi.
- Menga ham ta’did qilishdi, bularni o‘g‘irliklariga guvoh bo‘lganim uchun o‘ldirmoqchi bo‘lishdi. Paxtachi tumani militsiyaga aytsam, ishi yo‘q. Militsiyani ham bular bilan og‘zi bir. Uchastka noziriga borsam, uni qo‘li gipsda, tillochilar do‘poslashibdi, - deydi Shomurodov.
Samarqand viloyatining Paxtachi tumanida davlat konidan ruda toshlarni o‘g‘irlovchilar ko‘paygani haqida Ozodlik ilgari xabar bergan edi.
Ozodlik uchastka nozirining do‘pposlanishi, yana bir shaxsga o‘lim taxdidi qilingani yuzasidan Samarqand viloyati Paxtachi tumani Ichki ishlar bo‘limiga bog‘langanida ular bu xolat tekshirilayotgani va izoh berolmasliklarini aytishdi.
Uch yil avval Samarqand viloyati Paxtachi tumanidagi Navoiy kon metallurgiya kombinatiga qarashli oltin konini qo‘riqlayotgan militsiya xodimi bosqinchilar tomonidan do‘pposlab o‘ldirilgani haqida Ozodlik xabar bergan edi.
Yetti nafar yigit Qoraqo‘ton koniga “UAZ” mashinasida bostirib kirgan va kondagi tarkibida qimmatbaho metall bo‘lgan 10 qop toshni o‘g‘irlab ortga qaytgan.
Yo‘lda ularni militsiya xodimi to‘xtatgan. Oltin tosh o‘g‘rilari esa militsiya xodimini urib o‘ldirib, voqea joyidan g‘oyib bo‘lishgandi.
Ishsizlik yuqori bo‘lgan Paxtachi tumanidaoltin rudasi o‘g‘irligi tizimli yo‘lga qo‘yilgan, deydi Akbarjon Shomurodov.
- Odamlarni to‘qson foizi shu bilan shug‘ullanadi. Ayrim xonadonlarda qo‘lbola tegirmonlar bor, shu tegirmonda rudani maydalab, o‘zlari yasagan yuvish uskunalari orqali tillasini ajratib olishadi. Grammini 45 dollardan sotishadi. Militsiya ham biladi buni, hokimiyatdagilar ham. Lekin, militsiyaga aytib borsangiz o‘zingiz baloga qolasiz, - deydi Akbarjon Shomurodov.
Qoraqo‘tan oltin koni maxsus qo‘riqchilar tomonidan qo‘riqlanadi. Konchilarning Ozodlikka aytishicha, garchi bu hudud "rejimli zona" hisoblansada, biroq mahalliy va yollanma ishchilardan iborat g‘ayriqonuniy guruhlar bemalol kon hududiga kirib, oltin qaziydi.
Navoiy kon metallurgiya kombinati oltin rudasi o‘g‘irliklari haqidagi da’volar yuzasidan Ozodlikka izoh bermadi.