O‘zbek meva eksportyorlari shubhali sxemalar qo‘llashga majbur bo‘lmoqdami?

“O‘zagroeksport” ma’lumotiga ko‘ra, bu yil O‘zbekistonda 140 ming tonnadan ziyod gilos hosili kutilmoqda.

Ozodlik radiosiga kelib tushgan hujjatlar, ularni tekshirish asnosida suhbatdoshlarimiz qilgan iddaolar O‘zbekiston bojxonasida ho‘l meva eksportini amalga oshirishda shubhali sxemalar qo‘llanilayotganidan darak bo‘lishi mumkin.

Ozodlik suhbatlashgan tahlilchilar fikricha, O‘zbekistonda bu yil gilos va boshqa ho‘l mevalar eksport narxlarining ikki baravar oshirilishi eksportyorlarni hukumat qarorini chetlab o‘tuvchi sxemalar yordamida ish qo‘rishga majburlamoqda.​

Ozodlik radiosi tahririyatiga gilos eksport qilgan “Genesis Trade Group” shirkatiga tegishli ayni mahsulotga ikki xil rasmiylashtirilgan invoyslar kelib tushdi.

Hujjatlar tahlili shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekistonning Farg‘ona viloyatidan kilosi 4.24 dollardanga eksport qilingan qilib hujjatlashtirilgan gilos Qirg‘iziston bojxonasidan o‘tayotganda kilosi 1.5 dollar qilib rasmiylashtirilgan.

Ozodlikka yuborilgan invoyslarda “Genesis Trade Group” shirkati 10 may kuni 16646 tonna gilosni Qirg‘izistonga 70579 AQSh dollariga eksport qildi, deb yozilgan.

Farg‘onadagi “Genesis Trade Group” shirkati 10 may kuni 16646 tonna gilosni Qirg‘izistonga 70579 AQSh dollariga eksport qildi, deb yozilgan.

Qirg‘iziston bojxonasiga taqdim etilgan yana bir invoysda esa, to‘rt baravar past narx, ya’ni 25069 AQSh dollari keltirilgan.

Qirg‘iziston bojxonasiga taqdim etilgan yana bir invoys.

(Invoys sotuvchi tomonidan xaridorga beriladigan hujjat bo‘lib, unda tovarlar miqdori va bahosi, xususiyatlari (rangi, vazni kabilar) jo‘natuvchi va qabul qiluvchi to‘g‘risida informatsiya kabi ma’lumotlar bo‘ladi - tahr.)

Farg‘onadagi “Genesis Trade Group” shirkati gilosni ikki invoysda import qilganini keskin rad qildi.

Gilos eksportiga oid hujjatlardagi nomutanosiblik yuzasidan Ozodlik Farg‘onadagi “Genesis Trade Group” shirkatiga bog‘landi.

O‘zini "shirkat rahbarlaridan biri", deb tanishtirgan tadbirkor gilos Qirg‘izistonga “O‘zagroeksport” belgilagan me’yorda sotilganini qayta-qayta takrorlash bilan cheklandi.

- Bizdan mahsulot qonun bo‘yicha chiqib ketayapti.“O‘zagroeksport” belgilagan minimum narx bor. Bizdan shu narxda eksport qilinayapti. Men O‘zbekistondan chiqib ketayotgan gilosga javob beraman, hamma hujjatlar bor menda. Qirg‘izistonda nima qilindi, bu savol menga emas, - dedi “Genesis Trade Group” shirkati vakili.

O‘zbekiston Respublikasi Bojxona qo‘mitasi Axborot xizmati mulozimi Ozodlik savollarini eshitgach, bu savollarga javob berishga vakolatli emasligini aytish bilan cheklandi.

Ozodlik O‘zbekistondan Qirg‘izistonga gilos ikki xil invoysda olib o‘tilgani iddaolari yuzasidan Qirg‘iziston Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmatidan izoh so‘radi.

Matbuot xizmati rahbari Jamanaq Murzaqanov bu holatni o‘rganib, keyinroq izoh berishini aytdi.

Ozodlikning aniqlashicha, gilos shubhali sxemalar bilan Qirg‘izistonning Qizilqiya bojxona punkti orqali Botken tumaniga olib o‘tilgan.

Ozodlik Qirg‘izistonning Qizilqiya bojxona punktiga bog‘langanida, bojxona mulozimi o‘zbekistonlik tadbirkorlar tarafidan ikki xil invoysda qishloq xo‘jaligi maxsulotini olib o‘tishga urinishlar bo‘lishini inkor etmadi:

- Biz gilosning kilosini 4,24 dollar narxda rasmiylashtirib o‘tkazamiz. Soxtalashtirilgan har xil invoyslarda olib kelishadi, to‘g‘ri, lekin biz "O‘zagrosanoat" belgilagan me’yorlarga amal qilamiz, - dedi Qirg‘iziston bojxona mulozimi.

O‘zbekiston bojxonachilari aralashgan bunday sxema O‘zbekistondan meva-cheva eksporti uchun xos umumiy holatmi?

Shaxsini ochiqlamaslik sharti bilan Ozodlikka gapirgan meva eksportyorlaridan biri bunday holat odatiy tus olganini aytdi.

Hukumat qaroridagi bu tuynukdan bojxonachilar manfaatdor ekanini iddao qiladi.

‘O‘zagroeksport” rasmiy veb saytida gilos mevasining 18+, 24+, 26+ kalibrli toifalari kilosinining eskport narxi 4,45 dollardan 5.12 dollargacha qilib belgilangan.

“O‘zagroeksport” AJning Ozodlik suhbatlashgan vakili mahalliy iste’mol bozorini himoyalash uchun gilosning qo‘shni davlatlarga eksport narxi bu yil shunday belgilanganini aytdi.

- Shundan past narxga gilos chetga eksport qilinmasligi kerak, chunki o‘zimizning iste’mol bozorimiz ham bor. Hozir gilosning eskport narxi 4,45 dollardan 5.12 dollargacha qilib belgilangan. Hech kim shundan past narxda gilosni chetga sotolmaydi, - dedi "O‘zagroeksport" vakili.

O‘tgan yili bu me’yor 2 dollar atrofida edi.

- Dunyo bozori konyukturasidan kelib chiqib, eksport narxi belgilanyapti, - deya qo‘shimcha qildi "O‘zagroeksport" vakili.

O‘zbekistonda gilosning eskport narxi har kilosiga 4,45 dollardan 5.12 dollargacha qilib belgilangan.

Chet davlatlarga ho‘l meva eksport qilish bilan shug‘ullanuvchi o‘zbekistonlik boshqa bir tadbirkorning Ozodlikka aytishicha, ‘O‘zagroeksport” belgilagan me’yorni chetlab o‘tish va qo‘shni davlatlarga olib kirilganda kamroq boj to‘lash uchun eksportyorlar mahsulotni ikki xil invoysda chetga sotishi avvaldan mavjud.

- “O‘zagroeksport” belgilagan narxlar eksport bozorlarida qayd etilgan narxlardan keskin baland. Qadoqlash va bojxona to‘lovi xarajatlari bilan hisoblaganda 4 dollarlik gilos Rossiya bozoriga 10-14 dollargacha narxlarda kirib boradi. Qirg‘izistonga sotilgan gilos Rossiya yoki Xitoyga ketadigan gilosdir aslida. Xorijdagi boj to‘lovlarini pasaytirish uchun ikki xil invoys qilinadi. Bir invoysda, aytaylik, gilos 4 dollar, bu O‘zbekiston uchun, gilosni “O‘zagroeksport” me’yori asosida sotayapmiz, deyish uchun. 15 dollar qilib belgilasa ham bundan eksportyor O‘zbekistonga boj to‘lamaydi. Yana bir invoysda gilos 1 yarim dollar, bu qo‘shni davlat bojxonasi uchun. Kamroq boj to‘lash uchun, boj shu 1 dollardan to‘lanadi. Bu bojni eksportyor to‘laydi. Bu jihatlar eksportyor tomonidan importyor va bojxonadagilar bilan oldindan kelishib qilinadi. O‘zbekiston qo‘shni davlatlar bilan invoys ma’lumotlar bilan almashish haqidagi bitimni imzolamagan. Shuning uchun buni aniqlash qiyin, - deydi o‘zbekistonlik tadbirkor.

Qirg‘izistonlik iqtisodiy ekspert Erkin Turg‘unboev Bishkek bozorida kilosi 1 yarim dollar turadigan gilosning Qirg‘izistonga 4 dollardan ziyodroq narxda import qilishni o‘zi mantiqsizlik ekanini aytadi.

- Birinchidan, Qirg‘izistonda 4 dollardan gilosni hech kim olmaydi. Bishkekning eng qimmat bozorida kilosi 1 yarim dollar. Demak bu gilosning oxirgi manzili Qirg‘iziston emas. Shimoliy Qozog‘iston yoki Rossiya bo‘lishi mumkin. Bilasiz, Qirg‘iziston Rossiya va Qozog‘iston birga yagona bojxona ittifoqining a’zosi hisoblanadi. Qirg‘izistondan Qozog‘iston va Rossiyaga olib kiriladigan mol uchun boj olinmaydi. O‘zbekistondan Qirg‘iistonga kirganda 12 foizlik boj to‘lanadi. Shu 12 foizlik bojni kamroq to‘lash uchun ham bojxonaga kamroq narx yozilgan invoyslar ko‘rsatilib, olib o‘tilayotgan bo‘lishi mumkin, - deydi qirg‘izistonlik ekspert.

Bu sxemadan kim zarar ko‘radi?

Meva savdosi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorga ko‘ra, O‘zbekistondan belgilangan tartibda bir invoys bilan xorijga eksport qiluvchilar yuqori bojlar sababli mahsulotlarining raqobatbardoshligini yo‘qotadi.

O‘zbekistondan Rossiyaga gilos eksport qiluvchi tadbirkor Ozodlik bilan suhbatda bu masalaga Toshkent hukumati jiddiy e’tibor karatishi kerakligini aytadi.

- Biz Rossiyaga 10 ming dollarlik boj to‘lab gilos olib kelsak, kimlardir bu me’yorlarni chetlab, qonunlarni buzib Qirg‘iziston orqali Rossiyaga olib o‘tib, mahsulot narxini tushirib, bizni kasod yoqasiga olib kelayaptiku, hukumat shu masalaga e’tibor bersa, shuni nazorat qilsa bo‘lar edi, - dedi o‘zbekistonlik gilos eksportyori.

Telegram tarmog‘idagi "Eksportga amaliy ko‘mak" guruhida bir guruh qirg‘izistonlik importyorlarning O‘zbekiston Bojxona qo‘mitasi rahbariyatiga murojaati e’lon qilindi.

"Biz O‘zbekistondan chiqib kelayotgan qishloq xo‘jalik mahsulotlari har bir eksportyor tomonida har-xil narxlarda chiqayotganidan tashvishdamiz. Masalan¸ gilos bizning eksportyor orqali tonnasi 4260$, o‘rik 1325$ dan chiqayapti Lekin ayrim firibgar eksportyorlar orqali chiqsa gilos 920$, o‘rik 600$ chiqayapti. Biz O‘zbekiston davlatiga ishonamiz. Yo hamma uchun narxlar arzonlashsin yoki o‘sha bir-ikkita kriminallarga O‘zbekiston chora ko‘rsin", - deyiladi murojaatda.

Tadbirkorga ko‘ra, ho‘l mevalarga qo‘yilgan minimal eksport narxlar go‘yo ichki bozorni himoya qilish uchun joriy qilingan esa-da, aslida o‘zbek bojxonachilari uchun "oxur" bo‘lib qolmoqda.

"Bu me’yor bekor qilinsa ham ichki bozor gilossiz qolmaydi", - deydi Ozodlik bilan suhbatlashgan tadbirkor.

"Mamlakatga valyuta olib keladigan eksport tufayli o‘zimizning iste’molchilarimizga gilos yetishmay qolsa¸ dehqonlar kelasi yillari ko‘proq yetishtira boshlashi bozor iqtisodiyotining oddiy qonuniku!" deydi bu tadbirkor.

“O‘zagroeksport” ma’lumotiga ko‘ra, bu yil O‘zbekistonda 140 ming tonnadan ziyod gilos hosili kutilmoqda.

Asosan¸ Rossiya va Xitoy o‘zbek gilosining xaridori hisoblanadi.

Rasmiy statistikaga ko‘ra¸ 2018 yilning 20 mayigacha O‘zbekistondan qiymati 30 million dollarlik 7 ming tonnadan ziyod gilos eksport qilingan.

O‘tgan yili O‘zbekiston 7,5 million dollarlik 2 ming 516 tonna gilos eksport qilgan.

O‘zbekiston yil oxirigacha 1 yarim milliard dollarlik meva-sabzavot eksport qilish niyatida.

“O‘zagroeksport” ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston shu yilning may oyida umumiy narxi 150 millionlik 120 ming tonnadan ziyod qishloq-xo‘jaligi mahsulotini chetga chiqargan.

2018 yilning yanvar-aprel oylarida O‘zbekistondan 115,9 million dollarlik meva-sabzavot eksport qilingan va bu o‘tgan yildagiga qaraganda qariyb ikki baravar ko‘pdir.

O‘zbekiston meva-sabzavotining asosiy xaridori Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Xitoy, Turkiya, Pokiston va Erondir.