Xitoy raisi Si Tszinpin Hindiston bilan Pokiston Shanhay hamkorlik tashkiloti (ShHT) sammitida to‘laqonli a’zo sifatida qatnashayotganini e’lon qildi. Sammitda qatnashgan O‘zbekiston prezidenti esa, matbuot xizmatiga ko‘ra, a’zo davlatlar o‘rtasidagi savdo-transport aloqalarini rivojlantirish uchun "yashil yo‘laklar"ni kengaytirishni taklif qilgan.
O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati bergan xabarga ko‘ra, prezident Mirziyoev ushbu sammitda chiqish qilib, a’zo davlatlararo savdo-transport aloqalari, xavfsizlik masalasidagi tashabbuslarni ilgari surgan.
"Biz davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida agrosanoat klasterlarini shakllantirish hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib berishda «yashil yo‘laklar» tarmog‘ini kengaytirish tarafdorimiz", deya Mirziyoevdan iqtibos keltirdi matbuot xizmati.
Shuningdek, rasmiy xabarga ko‘ra, Mirziyoev O‘zbekiston – Qirg‘iziston – Xitoy, Mozori Sharif – Hirot temir yo‘llarini qurish, Markaziy Osiyo – Fors ko‘rfazi, Shimol – Janub va Sharq – G‘arb transmintaqaviy yo‘laklarni rivojlantirish tarafdori ekanini bildirgan.
Rasmiy Pekin bilan Moskva yetakchiligida asos solingan ushbu siyosiy va iqtisodiy tashkilot sammiti Sindao port shahrida bo‘lib o‘tdi.
Si 10 iyun kuni Pokiston prezidenti Mamnun Husayn va Hindiston bosh vaziri Narendra Modini anjumanga tashrifi bilan qutladi va ularning ishtirokini “buyuk tarixiy ahamiyatga ega”, deb aytdi.
− ShHTga a’zo mamlakatlar ko‘payayotgani uning nufuzi oshib borayotganini ko‘rsatadi, shu bilan birga unga mintaqa mamlakatlari va xalqaro hamjamiyatning e’tibori oshadi va ko‘p narsalarni kutadi, − dedi Si.
Pokiston bilan Hindiston ShHTga o‘tgan yili a’zo bo‘ldi. O‘shangacha unga Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistonga a’zo, Afg‘oniston, Belarus, Eron va Mongoliya kuzatuvchi maqomiga ega edi.
Sammitning ochilish marosimi 9 iyunda bo‘lib o‘tdi. Asosiy tadbirlar 10 iyunga belgilangan edi.
Si ShHT sammitini yakdilligi uchun maqtadi va Kanadaning Kvebek provinsiyasida bo‘lib o‘tgan yirik sanoatlashgan mamlakatlarning “G7” sammiti bir qarorga kela olmasdan tarqalganiga, go‘yoki, shama bo‘ldi.
Bu anjumanda Qo‘shma Shtatlar an’anaviy ittifoqchilari bilan aksariyat masalalarda tortishuvlarga bordi. Qo‘shma kommyunike e’lon qilingandan so‘ng prezident Donald Tramp uni ma’qullagani haqida gapini qaytarib oldi. Bu ham yetmaganday, sammit mezboni, Kanada Bosh vaziri Jastin Tryudo sha’niga achchiq-tiziq so‘zlar aytdi.
Ayni damda Si Tszinpin ShHT sammitidagi ma’ruzasida: “Biz mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni qo‘llab-quvvatlash, taraqqiyot va farovonlikka ko‘maklashish uchun mas’ulmiz”, deb aytdi.
Garchi, u ma’ruzasida bevosita AQShni tilga olmagan bo‘lsa-da, “Biz manmanlik, kaltabinlikka asoslangan yopiq va cheklangan siyosatni inqor qilamiz. Biz Jahon savdo tashkiloti qoidalarini, ko‘p tomonlama savdo tizimini va dunyoda ochiq iqtisodiyot barpo qilishni qo‘llab-quvvatlaymiz”, deb ta’kiladi.
Bu yilgi sammit natijalari bo‘yicha Tsindao deklaratsiyasi qabul qilindi.
Hozirda O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori bo‘lib ishlayotgan Vladimir Norov, prezident matbuot xizmatiga ko‘ra, ShHT Bosh kotibi, Tojikiston vakili Jumaxon G‘iyosov ShHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi ijroiya qo‘mitasi direktori etib tayinlangan.
Shanxay hamkorlik tashkilotiga raislik esa Qirg‘izistonga o‘tdi.
2001 yilda tuzilgan Shanxay hamkorlik tashkilotiga O‘zbekiston, Qozog‘iston, Rossiya, Xitoy, Tojikiston va Qirg‘iziston a’zo.
2017 yilda Hindiston va Pokiston tashkilotga a’zo bo‘lib kirdi.
Ayni paytda, Mo‘g‘iliston, Eron, Afg‘oniston va Belorus tashkilotda kuzatuvchilik maqomiga ega.