Andijonda fermerning pilladan qarzini qoplash uchun ishchilar maoshidan ushlab qolinayapti

Andijon viloyatining Andijon tumanilik pilla rejasini bajara olmagan fermerlar jarimaga tortilayotgani, rejadagi pillaning topshirilmagan qismini qoplash uchun pul xo‘jalikning paxta chopig‘iga ajratilgan ish haqi hisobidan majburan undirib olinayotganidan shikoyat qildi.

Bank mutaxassisi fermerlarning jarimaga tortilayotganini tasdiqladi, lekin bu jarima ish haqidan emas, balki fermerlarning o‘z shaxsiy mablag‘lari hisobiga qoplanayotganini aytdi. Tuman hokimi Ozodlik muxbiri savoliga javob berishni istamadi.

Andijon tumanidagi ismi sir qolishini so‘ragan fermerlardan birining iddao qilishicha, tuman hokimi Ulug‘bek Isomiddinovning buyrug‘i bilan pilla rejasini bajara olmay qolgan fermerlar jarimaga tortila boshlandi:

“Agrobankning tuman filialiga hokim, prokuror, militsiya boshlig‘i kelib o‘tiribdi. Pilla planini bajarmagan fermerlarni chaqirtirib, ish haqi fondimizdan jarima to‘lashni talab qilyapti”, dedi fermer.

Fermer masalaning mohiyatini bunday tushuntirdi:

“Masala bunday. Bizda ko‘pchilik pilla planini bajara olmay qoldi. Chunki, pillani tutzorga qarab taqsimlamagan. Barg topish muammo bo‘lib qoldi. Kimda planni bajarishga 50 kilo, kimda 100 kilo etmay qoldi. Hokimning o‘zi bankka kelib topshiriq berdi. Yetmagan har bir kilo pilla uchun 30 ming so‘mdan jarima solindi. Masalan, menda 100 kilo yetmay qolgan bo‘lsa 3 million so‘m jarima to‘lashim kerak ekan. Bu pulni esa bank paxta chopiqchilariga kredit qilib ajratilgan ish haqidan ushlab qolib, o‘tkazib yuboryapti”, - dedi fermer.

Ismi sir qolishini so‘ragan boshqa bir fermerning iddao qilishicha, paxta chopig‘iga ajratilgan ish haqini ular jarima uchun to‘lashga majburlanyapti:

“Meni ham hokim chaqirtirdi. Bankka borib, hokimning aytganini qilishga majbur bo‘ldim. Masalan, mening 40 gektar yerim va 40 ta chopiqchim bo‘lsa, o‘shalarning nomini yozib ish haqi vedomosti tuzildi. Men bu pulni go‘yo olgandek bo‘lib, imzo chekib berdim. Aslida olganim yo‘q. Bu jarimaga ketdi. Bu chopiqchi ayollarga beriladigan ish haqi. Ish haqiga hech kim tegishi mumkin emas. Lekin bular shunga majburlashyapti. Endi men chopiqchilarimga yerning tagidan topib bo‘lsa ham o‘zim pul topib berishim kerak bo‘ladi”,- dedi fermer.

Ozodlik Agrobankning Andijon tumani bo‘limi bilan bog‘landi. O‘zini tanishtirmagan bank bo‘limi boshlig‘i fermerlarning pilla rejasini bajara olmagani uchun jarimaga tortilayotganini tasdiqladi, ammo bu jarimani fermerlar ixtiyoriy topshirayotganini aytdi:

- Fermerlarga ish haqini tarqatib yuborganmiz. Jarimalarini o‘zlari olib kelib topshiryapti. Hozir bug‘doy o‘rimi boshlandi, fermerlar bug‘doyini, somonini sotib jarimasini to‘layapti. Ish haqi fondidan ushlab qolganimiz yo‘q. Jarimani kredit hisobidan to‘lash mumkin emas,- dedi bank bo‘limi boshlig‘i.

Ozodlik bank mulozimining bu gaplaridan so‘ng, yana fermerlardan biri bilan bog‘landi. Fermer bank mulozimining mutlaqo yolg‘on gapirayotganini iddao qildi:

“Bu g‘irt yolg‘on gap. Har bitta pilla rejasi to‘lmagan fermerni bankka chaqirtirishib, porucheniyaga qo‘l qo‘ydirib, pechat urdirib, ish haqidan o‘tkazib berdi. Ish haqidan olindi bu. Mana marhamat, komissiya kelsin va tekshirsin. Hammasi yuzaga chiqadi. Bug‘doy – somonini sotib jarima to‘layapti, degani ham g‘irt yolg‘on. O‘rim endi boshlanyaptiku. Hali birov somon sotibdi, degan gapini eshitganim ham yo‘q”, deydi fermer.

Ozodlik Andijon tumani hokimi Ulug‘bek Isomiddinov bilan ham bog‘landi. Lekin hokim aloqada Ozodlik muxbiri ekanligini bilgach, aloqani uzib qo‘ydi.

Fermerlarning aytishlaricha, shartnoma bo‘yicha, pilla rejasini 60 foizdan kam bajargan fermerlargina jarimaga tortilishi mumkinligiga qaramasdan, tuman hokimi 5-10 foiz rejani bajarolmay qolgan fermerlarni ham jarimaga tortmoqda.

Andijon tumani pilla qabul qilish korxonasining o‘zini tanishtirmagan mutaxassisining aytishicha, jarima topshirilmagan pilla narxining 30 foizidan oshmasligi kerak:

“Shartnomaga ko‘ra, shartnomachi fermer yetkazib berolmagan pillaning o‘rtacha xarid narxining 30 foizi miqdorida jarima to‘laydi. Masalan, 50 kilo kam topshirgan bo‘lsa, 1 kilo pillaning o‘rtacha xarid narxi 13 ming so‘m bo‘ladigan bo‘lsa, demak 650 ming so‘m jarima to‘lashi kerak. Uni fermerning ish haqi fondidan ushlab qolish noto‘g‘ri. Fermer uni bug‘doy yoki paxta hosilini sotganidan keyin ham to‘lasa bo‘ladi. Keyin hozir pilla ham avvalgi pilladan ancha yengil. Avvalgi pillalarda pilla ham katta bo‘lib, ichidagi g‘umbagi ham katta-katta bo‘lardi, hozir esa ipakchanligi zo‘r, lekin qurti unaqa katta emas. Shu ham kiloga ta’sir qilyapti”, - dedi mutaxassis.