Maktab direktorlari armiyaga chaqiriluvchilar uchun pul o‘tkazishga majburlanyapti 

Andijon viloyatining Bo‘z tumani va Andijon shahridan Ozodlikka murojaat qilgan o‘qituvchi va direktorlarning iddao qilishicha, hokimlar buyrug‘i bilan Safarbarlik chaqiruv rezerviga chaqirilganlar davlatga to‘lashi lozim pulni topib berish har bir maktab direktoriga yuklatilgan.

O‘qituvchi va direktorlarning aytishicha, har bir maktab kamida bittadan chaqiriluvchining pulini to‘lab berishi lozim.

O‘qituvchilar iddaosicha, maktab direktorlari bu pulni topish uchun o‘qituvchilar nomiga mukofot va yordam puli yozishga va bu pulni konkret bir chaqiriluvchining nomidan bankka to‘lashga majburlanyapti.

Bo‘z tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri, SChR uchun 17 ta maktab direktoriga mukofot puli yozdirilganini tan oldi.

O‘zbekiston armiyasida Muddatli harbiy xizmatdan tashqari Safarbarlik chaqiruv rezervidagi - SChR (xalq tilida ruscha qisqartmasi -MPR ko‘proq ishlatiladi) xizmat turi ham mavjud. SChRga xizmatga chaqirilganlar bir oylik harbiy yig‘inda bo‘lish bilan birga davlatga 3 444 800 so‘m to‘lashi lozim.

Bo‘z tumanidagi maktablardan birida ishlaydigan, ismi sir qolishini so‘ragan o‘qituvchining Ozodlikka aytishicha, maktab direktori o‘qituvchilar nomiga mukofot va yordam puli yozdirishga majbur bo‘lgan:

“Direktorimiz bizdan iltimos qildi. Ba’zilaringga mukofot puli va yordam puli yozaman. Lekin bu pulni olib, qaytarib berasizlar. Hokim har bir maktabga bittadan MPRga pul topib berishni buyurgan ekan. Shuning uchun har kuni ertalab soat 4 yarimda hokimning qabuliga borib, otchet berishimiz kerak ekan. Shunga, kechirasizlar, boshqa ilojim yo‘q, dedi. Direktor, biz ishonqiramay turganimiz uchun telefoniga XTB mudiridan kelgan SMSlarni ham ko‘rsatdi. Nega biz yillar davomida bolalarga ta’lim berib va mehnatimiz evaziga oladigan mukofot pulimizni begonalar uchun to‘lashimiz kerak ekan”, deydi o‘qituvchi.

Ozodlik tasarrufida direktorlarning SChRga pul o‘tkazishga majburlangani, bu haqda tuman hokimiga hisobot berishi haqida hujjat bor. Lekin, bu hujjatlarda direktorlarning shaxsi aniqlanib qolish ehtimoli borligi uchun, uni oshkor qilmaydi.

Ismi sir qolishini so‘ragan boshqa bir bo‘zlik o‘qituvchining aytishicha, ularga mukofot sifatida berilgan pul kimning nomiga o‘tishini ham hech kim bilmaydi:

“Direktorimizning aytishicha, ularga noma’lum bir shaxsning ism-familiyasi va bank raqamlarini berishar ekan. Pulni o‘sha odamning nomiga o‘tkazish kerak ekan. Direktorimiz shu ishni qilyaptiyu, o‘zi ham juda qo‘rqyapti. Ertaga bir tekshiruvchi kelib, mukofot pulini go‘yoki olganlardan “shu pulni siz haqiqatan olganmidingiz” deb so‘rasa, u yo‘q deb tursa, yomon bo‘ladi. Aslida bu jinoyatku. Direktorlar shu ishni qilmasa hokim qabuliga chaqirib qattiq haqorat qilyapti, ishdan bo‘shatish bilan tahdid qilyapti”, deydi o‘qituvchi.

Ozodlik Bo‘z tumani xalq ta’limi bo‘limi mudiri Shavkat Mamarizaev bilan bog‘langanda, u maktab direktorlari bilan yig‘ilish qilib turgan ekan.

Suhbat boshida Shavkat Mamarizaevning o‘zi SChR uchun maktab direktorlariga mukofot puli yozdirganini tan oldi:

- Eshitib oling, maktab direktorlarining farzandlarini MPRga to‘lovi uchun, men o‘sha maktab direktorlariga hozir mehnat ta’tili bilan bir okladdan mukofot yozib berganimni bilaman. Lekin, biror maktabda MPR uchun o‘qituvchilarga pul yozib yoki o‘qituvchilardan pul yig‘ish holati bo‘lmagan. Hech kim topshiriq bergani yo‘q bu haqda, degan mudir nima deysizlar shu gap rostmi deb, telefonni 1-maktab direktoriga uzatdi:

- Men 1-maktab direktori Azimova Yulduzxonman. Hozir hamma gaplarni eshitdik. Bizda hech qanaqa MPR uchun yig‘im bo‘lgani yo‘q. Mana shu gaplarning hammasi yolg‘on.

Ozodlik: - Mudirning o‘zlari aytyaptiku, direktorlarga MPR uchun mukofot puli yozdim deb?

Yulduzxon Azimova: - Tushunmabsiz, masalan mening xodimim MPRga voenkomat bilan shartnoma tuzgan bo‘lsa, vatanga sadoqatli farzandini bir oyga xizmatga jo‘natishi uchun, men uni mukofotlayman, u shu pulni voenkomatga o‘tkazadi. Masalan, meni Madrahimova degan xodimim o‘g‘lini harbiyga jo‘natish uchun shartnoma tuzgan. U mukofotiga qo‘shib oylik ish haqidan o‘tkazdi, bir million 200 ming so‘m, qolgan qarzini.

Bundan so‘ng yana go‘shakni olgan Shavkat Mamarizaev 17 nafar o‘qituvchi va texnik xodimlarga SChR uchun maktablar mukofot puli yozganini aytdi:

- Menda tuman bo‘yicha 17ta o‘qituvchi va texnik xodimlarning ro‘yxati bor. Shularga o‘qituvchilariga ham, texnik xodimlarga ham, kelinglar bir okladdan mukofot beramiz, shu bola borib armiyamizda xizmat qilib kelsin, dedik. Bizning ro‘yxatda faqat bizda ishlovchi xodimlarimizning ro‘yxati bor, qolganini bilmaymiz, - dedi Bo‘z tumani XTB mudiri Shavkat Mamarizaev.

Bo‘z tumani hokimi Abdurashid Mamirov Ozodlik bilan suhbatda SChR uchun maktablarga pul topshirish topshirig‘i berilganini inkor qildi:

- Yo‘q, ijtimoiy sohalarning birortasiga hech qanaqa jamoatchilik topshirig‘i berilmaydi. Bunaqa holat bo‘lmagan,- dedi tuman hokimi Abdurashid Mamirov.

Andijon shahar hokimi SChRga pul topib bermagani uchun tashkilot rahbarini ishdan oldi

Ozodlik olgan ma’lumotga ko‘ra, Andijon shahar hokimi Dilmurod Rahmatullaev ham barcha tashkilotlarga SChR uchun 1-2 tadan bolaga pul o‘tkazish haqida og‘zaki topshiriq bergan.

12 iyun kuni shahar hokimligida o‘tkazilgan yig‘ilishda shahar hokimi Dilmurod Rahmatullaev iste’molchilar huquqlarini himoya qilish Andijon shahar jamiyati raisi Ma’rufjon Qodirovni SChRga chaqirilgan ikki nafar bolaning to‘lovini qilib berolmagani uchun ishdan olgan.

Ishdan bo‘shatilgan jamiyatning sobiq raisi Ma’rufjon Qodirov bu haqda Ozodlikka shunday dedi:

- Ikkitaga yordam qilasiz, hokimiyatni topshirig‘i, dedi. Ikkita fuqaroni ro‘yxatini bergan edi. Ular bir marta 300 ming, bir marta 500 ming to‘lab berdi. Kecha shahar hokimi bugun bu to‘lovni to‘ldirishingiz kerak edi, dedi. Men aytdimki, ularning imkoniyati yo‘q ekan, sekin-asta to‘laydi, desam, siz bilan gaplasholmaymiz ekan, ishdan bo‘shatdim, dedi. Shartta, teskari qarab chiqib ketdim, - deydi Ma’rufjon Qodirov.

Andijon shahar hokimining 11 iyun kuni o‘tkazgan majlisida qatnashgan maktab direktorlaridan birining aytishicha, hokim Dilmurod Rahmatullaev 30, 4, 18, 13 umumta’lim maktablarining direktorlarini SChRga pul o‘tkazgani uchun maqtagan.

Andijon shahar hokimi Dilmurod Rahmatullaevdan bu masalaga munosabat olishning imkoni bo‘lmadi.