Ikki nafar sobiq bosh vaziri qamoqqa olingan Qirg‘iziston hukumati xalqdan pul yig‘moqchi

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Ikki nafar sobiq bosh vaziri qamoqqa olingan Qirg‘iziston hukumati xalqdan pul yig‘moqchi

Bankda ikkita hisob ochiladi

Qirg‘iziston hukumati “mamlakatga yordam bermoqchi bo‘lgan fuqarolar”dan pul yig‘ish uchun bankda hisob raqami ochilishini e’lon qildi.

-Ikkita hisob ochiladi. Ayrim deputatlar: "O‘z xohishi bilan davlatga yordam beramiz degan odamlar pul o‘tkaza olishi uchun bankdan hisob ochib beringlar", - deb iltimos qilayapti. Birinchisi shu bo‘ladi. Ikkinchi hisobga esa korrupsiya jinoyatlarining fosh etilishi oqibatida musodara qilingan mablag‘lar o‘tkaziladi, - dedi bosh vazir Muhammedkaliy Abilgazev parlamentda so‘zlagan nutqida.

Tashabbus muallifi hukumatga 1 million so‘m berishini aytdi

Tashqi qarzdan uzilish maqsadida fuqarolardan mamlakatga yordam sifatida pul yig‘ish tashabbusini deputat Kamchibek Jo‘ldo‘shbaev ko‘targan edi. U hisob ochiladigan bo‘lsa o‘zi 1 million so‘m, ya’ni taqriban 15 ming dollar miqdorida pul o‘tkazishini bildirdi:

​- Qirg‘iz eli o‘zimiz pul yig‘ib tashqi qarzdan qutilaylik, degan tashabbus bu. Men bir million so‘m beraman. Yordam beraman degan boshqa deputatlar, tadbirkorlar va xatto pensionerlar ham bor. Bilishimcha, “Men dollarda pul o‘tkazaman”, degan deputatlar ham bor,-dedi Kamchibek Jo‘ldo‘shbaev.

Biroq hukumat rasmiysi Chingiz Esengulov agar bu hisob ochilib, pul yig‘iladigan o‘lsa, u tashqi qarzni to‘lashga emas, mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirishga sarflanishini aytdi.

"Xalqdan pul yig‘ish noqonuniy harakat bo‘ladi"

Konstitutsiyaviy palataning sobiq sudyasi Klara So‘o‘ro‘nqulova hukumatining bu harakatini noqonuniy deb hisoblaydi.

-Hisob ochib xalqdan pul yig‘ish noqonuniy harakat bo‘ladi. Birorta qonunda bu narza nazarda tutilgan emas. Hukumat tuzilmalari xalqdan pul yig‘ishiga yo‘l qo‘yilmaydi,- dedi sobiq sudya.

"Xalqdan pul yig‘ishdan oldin hukumat xazinadan o‘g‘irlangan pullarni davlatga qaytarsin"

“Erkin el” siyosiy partiyasi raisi Mavlyan Askarbekov esa hukumat xalqdan pul so‘rashdan oldin davlat xazinasini quritgan amaldorlarning barchasini jazolashi shart, deb hisoblaydi.

-27 yil ichida davlat xazinasini o‘margan odamlarning barchasini topib, jazolash kerak. Shundagina hukumat xalqning ishonchini qaytarib olishi mumkin. Hukumatga ishonchsizlik hukm surayotgan ayni paytda bu harakatdan natija bo‘lmaydi,- dedi Mavlyan Askarbekov.

Qirg‘izistonning tashqi qarzi 4,5 milliard dollarni tashkil qiladi. Uning asosiy qismi energetika va infratuzilma uchun Xitoydan olingan qarzdir. Jumladan, Bishkek issiqlik markazini modernizatsiyalash uchun ham Xitoydan 386 million dollar qarz olingan.

Bu pulni o‘zlashtirishda korrupsiyaga yo‘l qo‘yganlikda ayblanib 5 iyunda Qirg‘iziston sobiq bosh vaziri Sapar Isaqov, Bishkekning sobiq meri Qubanichbek Qulmatov va deputat O‘smo‘nbay Artiqbaev qamoqqa olingan.

18 iyunda esa mana shunday ayblov bilan 2012-2014 yillarda bosh vazir lavozimida ishlagan Janto‘ro‘ Satibaldiev ham qamoqqa olingan.