Dunyoda qochqinlar soni 68,5 milliondan oshdi

Dunyo bo‘ylab 68,5 million odam turli sabablarga ko‘ra vatanini tashlab chiqishga majbur bo‘lgan. BMTning Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissariati bergan ma’lumotga ko‘ra, bu rekord ko‘rsatkich.
2016-yil iyunida boshqarma "Qochqinlar bilan" xeshtegi (#WithRefugees) ostida yangi tashabbus boshlab, hukumatlarni qochqinlar bilan ishlashga chaqirgan edi. Ammo tashabbusdan ikki yil o‘tib ham bu borada katta o‘zgarish bo‘lmadi.

Komissariat so‘zlovchisi Kristofer Boyanning aytishicha, qochqinlar bilan bog‘liq vaziyat juda ayanchli.

“Har ikki soniyada bir odam qochishga majbur. O‘z xohishlariga qarab emas, chunki boshqa ilojisi yo‘q, jon saqlash uchun qochishga majbur”, - deydi Boyan.

Unga ko‘ra, odamlar urush, mojarolar, ta’qiblardan qochmoqda.

“Dunyo bo‘ylab yangidan yangi mojarolarga guvoh bo‘lyapmiz. Natijada ko‘plab odamlar uylarini tashlab chiqmoqda", - deydi BMT rasmiysi.

Boyanning aytishicha, hech kim qochqin bo‘lishni istamaydi.

“Qochqinlar ham siz va menga o‘xshagan odamlar. Farq shundaki, ular o‘ta og‘ir vaziyatga tushib qolgan”, - deydi u.

Qochqinlar masalasi bilan shug‘ullanayotganda insoniylikning eng asosiy tamoyillarini unutib qo‘ymaslik kerak, deydi AQShning Qochqinlar va muhojirlar bo‘yicha qo‘mitasi prezidenti Iskandar Negash. Unga ko‘ra, ayrim hukumatlar qochqinlar muammosini gumanitar masala emas, milliy xavfsizlikka tahdid sifatida ko‘radi.

“Ularni odam o‘rnida ko‘rishmaydi. Ularga jamiyatga ortiqcha yukdek muomala qilishadi. Hukumatlar qochqinlardan qo‘rqadi. Qo‘rqsangiz, yordam bergingiz kelmaydi”, - deydi Negash.

Uning aytishicha, qochqinlar muammosi dunyoda 60 yil oldin xalqaro hamjamiyat ularni ommaviy tarzda saqlashga harakat qilishidan boshlangan.

"Qochqinlarni 20, 30, 50, 60 yil bir joyda saqlab tursangiz, muammo muammoligicha qolaveradi”, - deydi Negash.

Biroq Boyanning aytishicha, bu muayyan bir mamlakatga xos bo‘lmagan global muammo.

"Bu har bir insonga taalluqli muammo. Biz barcha mamlakatlarni kollektiv muammoga kollektiv yechim topishga, birga harakat qilishga chaqirib kelamiz”, - deydi BMT xodimi.

U Ispaniyani namuna sifatida keltiradi.

“O‘tgan hafta dengizda halokatga uchray degan kemada tushkunlikka tushgan odamlarni qabul qilib, Ispaniya insoniylik, muruvvat namoyish etdi”, - deydi Boyan.

“Dunyomizning qanday bo‘lishini istaymiz? Farzandlarimiz, nabiralarimizga kelajakda qanday dunyoni qoldirmoqchimiz? Eng muhim tamoyillardan voz kechmaslik kerak”, - deydi BMT rasmiysi.

Kristofer Boyanning aytishicha, qochqinlar muammosi butun dunyoni qamrab olgani bilan uni hal qilsa bo‘ladi. Buning uchun davlat rahbarlariga liderlik, mardlik va siyosiy iroda kerak.