Termiz shaharida 4 yoshli qizchani jinsiy zo‘rlashga uringanlikda gumonlanayotgan erkak qo‘lga olingan. Surxondaryo huquq-tartibot idoralaridagi Ozodlik manbasiga ko‘ra, o‘ttiz yoshlar atrofidagi gumonlanuvchi Termizning Eski shahrida yakshanba kuni ushlangan.
16 iyun kuni Termiz shahri Bog‘zor mahallasidagi 7-sonli sanatoriy tipidagi bog‘cha yaqinida noma’lum erkak to‘rt yoshli qizchani zo‘rlashga urinish bo‘lgani haqida guvohlar Ozodlikka xabar bergan edi.
Bu bo‘yicha Termiz shahar IIBsiga ariza bilan qizning ota-onasi ham murojaat qilgan.
Termiz shahar militsiyasi qizchani jinsiy zo‘rlashga urinishda gumonlanayotgan o‘ttiz yoshlar atrofidagi erkakni qo‘lga olgan.
Bu ma’lumotni Termizning Bog‘zor mahallasi uchastka noziri Qamariddin Sharipov ham Ozodlikka tasdiqladi.
Lekin, Sharipov tergov davom etayotgani bois gumonlanuvchining shaxsi haqida ma’lumot berolmasligini aytdi.
Bog‘zor mahalla faollaridan birining Ozodlikka aytishicha, o‘ttiz yoshlardagi erkak Termiz chekkasidagi qamoqxona yonida ushlangan.
- Eski shahar tomonda Narimanovka degan mahalla bor, qamoqxona yonida, o‘sha erdagi uylardan birida ushlangan. Qo‘lga olinganidan juda hursand bo‘ldik, - dedi mahalla faoli.
Surxondaryo huquq-tartibot idoralaridagi Ozodlik manbasiga ko‘ra, qizcha ekspertiza qilingan. Ekspertiza qizchaning tana a’zosiga shikast yetmaganini ko‘rsatgan.
Militsiya gumonlanuvchini Termizdagi 7-sonli bog‘chaning xavfsizlik kamerasiga tushib qolgan tasvir asosida qidirayotgandi.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Termiz shahridagi 9-sonli bog‘chaning ismi sir qolishini istagan xodimasiga ko‘ra, militsiya tergovchilari sanatoriy tipidagi bu bog‘chaning xavfsizlik kamerasini tekshirgan.
O‘zbekistonda voyaga yetmagan qizlarning zo‘rlangani haqida Ozodlik avval ham xabar bergan.
Shu yilning fevral oyida Farg‘onada noma’lum erkak 6 yoshli Kibriyo ismli qiz o‘lik holda topilgan edi.
2015 yil Farg‘ona viloyati Beshariq tumanida esa 7 yashar qizaloqni zo‘rlagan 15 yashar o‘smir to‘rt yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingandi.