Solsberi yaqinidagi shaharda yana ikki britaniyalik “Novichok” moddasi bilan zaharlandi

Britaniya politsiyasi ikki odam zaharlangan hududni o‘rab oldi.

Britaniya politsiyasi yana ikki shaxsning asabni falajlovchi “Novichok” gazidan zaharlanib, kasalxonaga yotqizilganini bildirdi. Joriy yilning mart oyida Solsberi shaharchasida Rossiya razvedkasining sobiq xodimi Sergey Skripal va uniing qizi Yuliya ayni gaz bilan zaharlangan edi.

4 iyul kuni Skotlend-Yardning terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi yetakchisi Nil Basu Eymsberi shahrida istiqomat qiluvchi 45 yashar erkak va 44 yoshli ajlning “Novichok”dan zaharlangani aniqlanganini bildirdi.

Ular 30 iyun Solsberi shahridan 11 km masofada joylashgan Eymsberi shahrida behush holatda topilgan.

- Tergov guruhi oldida turgan asosiy vazifa bu ikki odam qay yo‘sinda asabni falajlovchi modda bilan zaharlanganini aniqlashdir, - dedi Basu.

Britaniya Ichki ishlar vaziri Sajid Javid Britaniya Favqulodda vaziyatlarni boshqarish qo‘mitasi 5 iyul kuni ushbu holat bo‘yicha navbatdan tashqari yig‘in o‘tkazishini bildirdi. Vazirning aytishicha, dastlabki taxminga ko‘ra, Eymsberida yashovchi bu ikki shaxs atayin hujum qurboni bo‘lmagan, balki tasodifan zaharlangan.

30 iyun kuni 44 yoshdagi Don Sterjess hushidan ketgan. Oradan ko‘p o‘tmay uning do‘sti Charlz Rouli ham o‘zini yomon his qila boshlagan va u ham shifoxonaga yotqizilgan.

Sterjess bilan Rouli Skripallar davolangan Solsberi tuman shifoxonasiga yotqizilgan.

- Menda ularga atayin hujum qilinganini ko‘rsatuvchi ma’lumot yoki dalil yo‘q. Ularning o‘tmishi ham bunday fikrga kelishga asos bo‘la olmaydi. Shunday ekan, hozir bizda faqat taxminlar bor xolos, - dedi Basu.

Rasmiylarning aytishicha, Sterjess yoki Rouli Skripallar zaharlanishi ortidan tozalangan joylarga borganini ko‘rsatuvchi dalil yo‘q.

Britaniya rasmiylari Skripallar sovet olimlari tomonidan ishlab chiqilgan asabni falajlovchi “Novichok” moddasi bilan zaharlanganini ta’kidlab keladi. Britaniya maxsus xizmatlari zaharli gazning Rossiya hududida ishlab chiqarilganini aytmoqda¸ Moskva esa bu iddaoni rad etmoqda.

Skripal va uning qizi Yuliya 4 mart kuni Solsberida hushsiz holda topilgan edi.

Shifokorlar boshida Skripallar giyohvand modda tufayli shunday ahvolga tushgan, deb taxmin qilishgan, ammo tez orada ular asabni falaj qiluvchi zahar tufayli bunday ahvolga tushgani aniqlangan.

4 iyul kuni Britaniya politsiyasi Eymsberi shahrida ayrim joylarni, jumladan, mahalliy dorixona va cherkovni qurshab oldi.

Eymsberida yashovchi 29 yashar Sem Hobson jabrlanuvchilarni tanishini hamda Roulining hushdan ketishiga shaxsan guvoh bo‘lganini aytadi.

- U qattiq terlay boshladi, so‘lagi oqa boshladi, u bilan gaplashib bo‘lmadi. G‘alati ovozlarni chiqarib, chayqala boshladi. Xuddi boshqa dunyoga tushib qolgandek bo‘ldi, - deydi Hobson Britaniya matbuotiga.

Skripallar zaharlanishi ortidan Britaniya, AQSh hamda yigirmadan ortiq boshqa davlat va NATO 150 dan oshiq rus diplomatini o‘z hududidan chiqarib yubordi. Rossiya ham bunga javoban ushbu davlatlar diplomatlaridan mamlakatni tark etishni so‘radi.

Josuslikka yoki Rossiyaga aloqasi bo‘lmagan ikki odam “Novichok”dan zaharlangani Britaniyada bunday holatlar ko‘payishi mumkinligi hamda Solsberi va Eymsberida zahar qoldiqlari hali ham qolgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi xavotirlarni oshirdi.