Bo‘stonliqda militsiya xodimlari do‘konlarni soat 22 dan keyin majburan yoptirmoqda (VIDEO)

Militsiya xodimlari "Diyora asal" do‘konini yopishni talab qilmoqda

Toshkent viloyat, Bo‘stonliq tuman markazi – G‘azalkent shahrida soat 22 dan keyin barcha turdagi do‘konlar militsiya xodimlari tomonidan majburan yoptirilayotgani haqida Ozodlikka tadbirkorlar shikoyat qilib, bu jarayon aks etgan audio va video fayllar taqdim qildi.

Tadbirkorlarning aytishicha, tuman hokimining do‘konlar soat 22.00 gacha ishlashi haqidagi 2017 yilgi qarori bekor qilingan, lekin militsiya xodimlari buni inobatga olmayapti.

Bo‘stonliq tuman IIB soat 22.00 dan keyin savdo do‘konlari yoptirilayotganini tasdiqladi va bu tuman hokimining ko‘rsatmasi bilan amalga oshirilayotganini aytdi.

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi mulozimi, Ozodlik muxbiridan Bo‘stonliqdagi vaziyat haqida eshitgach, uni o‘z nazoratiga oldi.

Tadbirkor Go‘zal Qirbaeva Ozodlikka jo‘natgan audio, video va suratlarda militsiya xodimlarining 26 iyul kuni kechqurun soat 11 larda uning “Diyora asal” xususiy do‘konini yoptirishga kelgani va xaridorlarni do‘konga kirgizmaslikka harakat qilayotgani aks etgan.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Бўстонлиқда милиция тадбиркорни соат 22дан кейин дўконини ëпишга мажбурламоқда

Go‘zal Qirbaeva videoda militsiya xodimlaridan do‘konni soat 22 dan keyin ishlamasligi lozimligini tasdiqlovchi hujjat ko‘rsatishini talab qiladi.

Militsiya xodimlari hech qanday hujjat ko‘rsatmasdan, faqat do‘konni tezda yopishni talab qiladi.

Ism-familiyasini Ozodlik aniqlay olmagan bir militsiya xodimi, “bu tuman hokimining qarori”, deydi.

Go‘zal Qirbaeva o‘sha qarorni ko‘rsatishni talab qiladi, ammo militsiya xodimlari bu qarorni ko‘rsata olmaydi.

Militsiya xodimlari do‘kon eshigining oldiga turib olib, kelgan xaridorlarni do‘konga kirgani qo‘ymaydi.

Do‘kon sotuvchilari va militsiya xodimlari o‘rtasida og‘zaki janjal bo‘lib o‘tadi.

Militsiya xodimlari "Diyora asal" do‘konini yopishni talab qilmoqda. Kuzatuv kamerasidan olingan surat.

Go‘zal Qirbaevaning 27 iyul kuni Ozodlikka aytishicha, militsiya xodimlari juda qo‘pol munosabat qilib do‘konni yopishga majbur qilgan:

- Bu birinchi kun emas, sakkiz oydan buyon tinchlik yo‘q. Bankdan kredit olib, savdo qilyapmiz. To‘rtta farzandim bor. Ikkitasiga kontrakt to‘layman, zo‘rg‘a uchma-uch qilib ishlayapmiz. Lekin bular erkin ishlagani qo‘ymayapti. Biz spirtli ichimlik sotmaymiz, oziq-ovqat, bolalarga pampers va shu kabilar. Militsiya xodimlari esa, kecha bostirib kirib, yopinglar deb turib oldi. O‘zini tanishtirish yo‘q, biror xil hujjat ko‘rsatish yo‘q, muomala yo‘q. Xuddi, zo‘ravonlarday do‘konni yoping, deb buyruq beradi. Nima emish, jinoyatning oldini olarmish. Do‘konni yopish bilan jinoyatni oldini olish mumkinmi? - deydi tadbirkor.

Go‘zal Qirbaevaning aytishicha, militsiya xodimlari xaridorlarga ham qo‘pol muomala qilgan:

- Eshikka turib olishgan, kelganlarni itarib-itarib tashlashyapti, qani bir kishi kirsin, olib borib otpechatkalaringni olamiz, qamaymiz, deb xaridorlarni ham qaytarib yuboryapti. Kechasi zarurat bor ekanki, odamlar bir narsa olgani keladi. Nima olishi mumkin, bolasiga pampers olishi mumkin, shampun, sovun yoki non olishi mumkin. Nega prezidentimiz tadbirkorlarga erkinlik bering deb turganda, bular bizni bo‘g‘ishga harakat qilishadi, - deydi Go‘zal Qirbaeva.

Tadbirkorning aytishicha, Bo‘stonliq tuman hokimining 2017 yil 9 dekabridagi 202-f sonli farmoyishiga ko‘ra, tuman hududidagi barcha do‘konlarning ish vaqti 08.00dan 22.00gacha qilib belgilangan edi.

Lekin tadbirkor bu farmoyish yuzasidan O‘zbekiston prezidenti portaliga shikoyat qilganidan so‘ng, Prezident huzuridagi tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakili D. Qosimov Toshkent viloyat hokimiga taqdimnoma kiritgan edi.

Prezident huzuridagi tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlarini himoya qiluvchi vakil taqdimnomasi

Bu taqdimnomada, davlat korxonasi chakana savdo ob’ektlaridan tashqari savdo ob’ektlarining ish rejimi mulkdor tomonidan belgilanishi ko‘rsatilgan.

Bo‘stonliq tuman hokimi G‘.Madaminov taqdimnomani ijro eta turib, o‘zining 2017 yil 9 dekabridagi 202-f sonli farmoyishini bekor qiladi va “taqdimnomada ko‘rsatilgan holatlarni kelgusida yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan tegishli choralar ko‘rilsin”, degan qaror chiqaradi.

Bo‘stonliq tuman hokimining avvalgi qarorini bekor qilgani haqidagi qarori

Go‘zal Qirbaevaning aytishicha, "Prezident vakili va tuman hokimligining bu qarori do‘kon eshiklariga yopishtirib qo‘yilgan, lekin militsiya xodimlari buni ko‘rib, o‘qigan bo‘lsa ham do‘konni yopishni talab qilgan".

Ozodlik 27 iyul kuni Bo‘stonliq tuman ichki ishlar bo‘limi bilan bog‘lanib, ushbu holat yuzasidan munosabat so‘radi.

O‘zini tanishtirmgan ichki ishlar mulozimi, haqiqatan ham soat 22 dan keyin ishlayotgan do‘konlarga reyd o‘tkazilayotganini tasdiqlar ekan, militsiya xodimlari hokimning topshirig‘ini bajarayotganini aytdi:

- Tuman hokimining ko‘rsatmasi bor, kelsangiz, shu yerda sizga tegishli ko‘rsatmani beramiz, - dedi ichki ishlar mulozimi.

Ozodlik O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasiga murojaat qilib, soat 22 dan keyin tadbirkorlar do‘konlarining majburan yopilishi qanchalik qonuniyligiga oid javob olmoqchi bo‘ldi.

Ozodlik bilan suhbatlashgan palata mulozimi G‘ulom Allaev, tadbirkorlarning nimadan norozi bo‘layotganini batafsil yozib olgach, buni matbuot xizmatiga yetkazishni va matbuot xizmati rahbari Ozodlik bilan o‘zi bog‘lanishini aytdi.

Bir soatdan so‘ng O‘zbekiston savdo-sanoat palatasining matbuot xizmati rahbari Dilfuza Ro‘zimetova Ozodlik bilan bog‘lanib, Bo‘stonliqda bo‘lgan holat nazoratga olingani va tadbirkor Go‘zal Qirbaeva 30 iyul kuni palata raisining birinchi o‘rinbosari Islom Jasimov qabuliga taklif qilinganini aytdi:

"Mazkur masala bo‘yicha adolatli qaror qabul qilish va tadbirkorga yordam berish maqsadida uni rais o‘rinbosari qabuliga taklif qildik. Bu kabi muammolarni hal qilish uchun palata mutaxassislari harakat qilmoqda. Natijasini albatta sizlarga xabar qilamiz", dedi Dilfuza Ro‘zimatova.