Toshkentlik 69 yoshli Nig‘matulla Saidoxunov prezident Shavkat Mirziyoev huquq –tartibot tuzilmalarini bir necha marotaba tanqid qilib, xalq bilan muloqotni yaxshilash ko‘rsatmasini berganiga qaramay, Bosh prokuratura hamon uning arizalariga befarq bo‘lib qolayotganidan shikoyat qildi.
Bosh prokuraturaning 16-Bosh boshqarmasi rahbari o‘rinbosari Baxtiyor Bobojnov Nig‘matulla Saidoxunovning shikoyati yuzasidan izoh berdi.
Ushbu maqola tayyorlanish jarayonida Saidoxunov Bosh prokuraturaga chaqirtirilgani va prokuratura xodimlari uchrashuvda uning talablari yuzasidan so‘z bo‘lishi haqida bildirgani ma’lum bo‘ldi.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Nig‘matulla Saidoxunovning iddao qilishicha, 1994 yilda uning qo‘shnisi Fayzulla Jo‘rabekov undan 10850 dollarlik tovarni olgan, lekin hanuzgacha qarzini to‘lamay kelmoqda.
Saidoxunovning iddaosicha, 2016 yilda u nihoyat Fayzulla Jo‘rabekovga nisbatan jinoyat ishi ochilishiga muvaffaq bo‘lgan. Tergov jarayonida Jo‘rabekovning haqiqatan ham tovlamachilik qilgani va Saidoxunovdan 10850 dollar qarz ekani aniqlangan. Biroq jazo belgilash muddati o‘tib ketgani sababli jinoyat ishi to‘xtatilgan.
Shundan so‘ng Nig‘matillo Saidoxunov Bosh prokuraturaga Jo‘rabekovga nisbatan fuqarolik sudiga moddiy zararni undirish uchun murojaat qilish huquqiga ega ekani to‘g‘risida ma’lumotnoma berish iltimosi bilan murojaat qilgan.
Saidoxunovga ko‘ra, bir necha yildan beri Bosh prokuratura bu murojaatga javob bermay kelayotir. Saidoxunov Bosh prokuraturaning 16-bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Baxtiyor Bobojnov Jo‘rabekovning do‘sti ekani, shuning uchun ham Bobojonov bosimi ostida bu masala ijobiy hal etilmayotganini iddao qildi:
-Jo‘rabekov shu kungacha menga 10850 dollarni bermay kelayapti. Chunki uni himoya qilib kelayotgan Baxtiyor Bobojonov nazorat prokurorlariga Saidoxunovga fuqarolik sudlariga murojaat qilish uchun Fayzulla Jo‘rabekov yetkazgan moddiy-ma’anviy zarar to‘g‘risidagi ma’lumotnomani bermaslik to‘g‘risida ko‘rsatma bergan, -deydi Nig‘matilla Saidoxunov.
Unga ko‘ra, 2018 yilning 3 mayida bu masalada prezident davlat maslahatchisi yordamchisi Alisher Usmonov qabulida ham bo‘lgan.
-Men 3 may kuni prezidentimizning davlat maslahatchisi o‘rinbosari Alisher Usmonov qabulida bo‘lib, ikkita arizamni topshirdim. Bu arizalar Bosh prokuraturaning 16-Bosh boshqarmasiga jo‘natildi. Lekin mana oradan 50 kundan ko‘proq vaqt o‘tgan bo‘lsa hamki, bu arizalarimga javob olmadim,- deydi Saidoxunov.
Bosh prokuraturaning 16-Bosh boshqarmasi rahbarining o‘rinbosari Baxtiyor Bobojnov Ozodlik muxbirining bu masaladagi savoliga javob berar ekan, mana bularni aytdi:
-Bu odamga biz bir necha marta javob berganmiz. Bir necha marta shaxsan o‘zi bilan muloqotda bo‘lganmiz.Men hozir sizga aniq javob bera olmayman, lekin ayrim masalalarni biz qonuniy ravishda hal qilib berganmiz. Lekin ayrim-ayrim masalalarni noqonuniy ko‘tarayotgan bo‘lsa bu masalani biz hal qilib bera olmaymiz. Ming bor uzr, lekin telefon orqali sizga batafsil ma’lumot bera olmayman, -dedi Baxtiyor Bobojonov.
Nig‘matilla Saidoxunov esa Bosh prokuraturadan fuqarolik sudiga murojaat qilish huquqiga ega ekani to‘g‘risida ma’lumotnoma berishni talab qilish qay tarzda noqonuniy harakat sifatida baholanishini tushuna olmayotganini aytdi:
-Qonun ularning qo‘lida. Agar talablarim noqonuniy bo‘lsa, nega ular meni javobgarlikka tortisha olmayapti? Dastlab ma’muriy javobgarlikka, keyin jinoiy javobgarlikka tortishlari mumkin edi. Ular shunday qilsalar, ota-bola Jo‘rabekovlarning jinoyatini yashirayotganlari, ularni himoya qilayotganlari fosh etilib qoladi, -deydi Saidoxunov.
Ushbu maqola tayyorlanayotgan paytda Toshkentdan Nig‘matilla Saidoxunov telefon qilib, Ozodlik radiosi Bosh prokuratura rasmiysi Baxtiyor Bobojonov bilan suhbatlashganidan so‘ng Bosh prokuraturaga chaqirtirilgani va prokuratura xodimlari uchrashuvda uning talablari yuzasidan so‘z bo‘lishi haqida bildirishgani haqida aytib berdi.
Hozircha uchrashuvning qachon bo‘lishi va unda qanday natijalarga erishilishi noma’lum.