Qashqadaryo viloyat, Yakkabog‘ tuman Majburiy ijro byurosi boshlig‘i Bahrom Jo‘raev 2 avgust kuni kasalxonada vafot etdi.
Yakkabog‘lik vrachning Ozodlikka aytishicha, MIB boshlig‘i bundan 3 oy muqaddam olgan jarohatlaridan halok bo‘lgan.
Bahrom Jo‘raev joriy yilning 3 may kuni ish kabinetida o‘zining sobiq xodimi tomonidan pichoqlangan edi.
Ozodlik bu voqea to‘g‘risida 5 may kuni xabar bergan edi.
Yakkabog‘ tuman Majburiy ijro byurosi xodimlaridan birining ismi sir qolish sharti bilan Ozodlikka xabar berishicha, uning sobiq boshlig‘i Bahrom Jo‘raev Toshkentdagi kasalxonalardan birida 2 avgust kuni vafot etgan:
"Bizning hamkasbimiz Shavkat Ibratovni boshliq ishdan bo‘shatganidan keyin, u ichib kelib Bahrom akani ish kabinetida to‘rt joyiga pichoq sanchgan edi. Bahrom aka avval Yakkabog‘da operatsiya qilindi, keyin Qarshidagi kasalxonaga olib ketishdi. U yerdan Toshkentga olib borishgan ekan, baribir bo‘lmadi shekilli, kecha olamdan o‘tibdi. Yaxshi odam edi, rahmatli", dedi MIB xodimi.
Bahrom Jo‘raev pichoqlanganidan so‘ng, u operatsiya qilingan Yakkabog‘ tuman Tez tibbiy yordam kasalxonasining ismi sir qolishini so‘ragan vrachining Ozodlikka aytishicha, uning jarohati og‘ir bo‘lgan:
"Oshqozon jarohat olgan, jigar, oshqozon osti bezi, tomirlari kesilib ketgan, ko‘p qon yo‘qotgan edi. Bizda operatsiya qilindi, uch-to‘rt kun reanimatsiyada yotganidan so‘ng, yaqinlari Qarshiga olib ketishdi. U yerda ham bo‘lmagan shekilli, Toshkentga olib borishgan ekan. Menga ham bugun aytishdi, kecha olamdan o‘tdi, deb", - dedi vrachlardan biri.
Bahrom Jo‘raev o‘zi yashagan G‘uzor tumanida 2 avgust kuni dafn etilgan.
Qashqadaryo viloyat ichki ishlar boshqarmasining o‘zini tanishtirmagan mulozimining Ozodlikka aytishicha, Bahrom Jo‘raevga og‘ir tan jarohati yetkazgan Shavkat Ibratovga nisbatan jinoyat ishi ochilgan:
"Shavkat Ibratov O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 104- moddasi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) 1- bandi bilan ayblanayotgan edi. Endi, bu shikast jabrlanuvchining vafotiga sabab bo‘lsa, bu moddaning 3- bandi qo‘llaniladi. Bu bandga ko‘ra, ayblanuvchi 8 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin", - dedi ichki ishlar boshqarmasi mulozimi.
O‘zbekistonda aholining kommunal xizmatlardan qarzini undirish ishlari bilan shug‘ullanadigan MIB xodimlarining turli xil hujumlarga uchrashi ba’zan kuzatilib turadi.
Jumladan, Andijon viloyat, Andijon tumanida yashaydigan fuqaro 19 iyul kuni uyiga qarz undirishga kelgan Majburiy ijro byuro xodimini pichoqlagan edi.