Senatorlar ro‘yxatida ozodlikda yurgan Rustam Inoyatov yo‘q, qamoqdagi Turob Jo‘raev esa bor

MXXning sobiq rahbari Rustam Inoyatov.

MXXning sobiq rahbari, ishdan olinganidan so‘ng prezident maslahatchisi va Oliy Majlis Senati a’zoligiga tayinlangan Rustam Inoyatovning ismi-sharifi senatorlar ro‘yxatida mavjud emas.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

MXXning sobiq boshlig‘i Rustam Inoyatov senatorlar ro‘yxatida nega yo‘q?

Bu farqni birinchi bo‘lib aniqlagan Uzmetronom.com nashri “Uning familiyasi o‘chirib tashlanganmi yoki avval boshdanoq ro‘yxatda bo‘lmaganmi - aytish qiyin, chunki buni qo‘qisdan bilib qoldik”, deb yozdi.

Ozodlik Senat saytini diqqat bilan o‘rganib chiqdi va haqiqatan ham Rustam Inoyatovning ismi-sharifi senatorlar ro‘yxatida yo‘q ekaniga guvoh bo‘ldi.

Qolaversa, Samarqand viloyatining sobiq hokimi, iyul oyi boshida qamoqqa olingan Turob Jo‘raevning hamon bu ro‘yxatda qolayotganini aniqladi.

Camarqand viloyati sobiq hokimi Turob Jo‘raev

Senat matbuot xizmati xodimi Komila Ziyoeva Ozodlikning bu boradagi savoliga javob berar ekan, “bu anglashilmoqchilik bo‘lsa kerak”, deb aytdi:

-Bizda hozir ayrim o‘zgarishlar bo‘layotgandi. Hozir men tekshirib ko‘raman, xato bo‘lsa to‘g‘rilaymiz. Aytib qo‘yganingizga raxmat. Biz doimo senatorlarga oid o‘zgarishlarni kuzatib turamiz va saytimizda ular to‘g‘risida yangi ma’lumotlar bo‘lsa o‘zgartirib turamiz.

Ozodlik muxbirining “Rustam Inoyatov senator sifatida amalda faoliyat ko‘rsatayaptimi?” degan savoliga matbuot xizmati xodimi:

-Albatta, u kishi senatorlar. U senator sifatida faoliyat ko‘rsatayapti,- deb bildirdi

Ammo Senat saytidan joy olgan Senat rahbariyati, Kengashi, qo‘mitalar va komissiyalar a’zolari ro‘yxatida Rustam Inoyatov nomi qayd etilmagan.

Bu O‘zbekistonda 20 yildan ko‘proq vaqt qudratli shaxslardan biri bo‘lgan Rustam Inoyatov nomi "unitilib qolgani" bilan bog‘liq birinchi holat emas.

Prezident Shavkat Mirziyoev tomonidan 1 avgust kuni imzolangan “O‘zbekiston Respublikasida investitsiya muhitini tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmon ijrosini nazorat qilish vazifasi Davlat maslahatchisi Rustam Inoyatovga emas, balki uning o‘rinbosari B.M. Mavlonov zimmasiga yuklatilgan.

MXXni qariyb 23 yil davomida boshqarib kelgan va 2018 yilning 31 yanvar kuni iste’foga chiqarilgan Rustam Inoyatov prezident Mirziyoev farmoni bilan o‘sha kunning o‘zidayoq Oliy Majlis Senatining a’zosi etib tayinlangan edi.

31 yanvarda prezidentning yana bir farmoni bilan Inoyatov O‘zbekiston Prezidentining siyosiy-huquqiy masalalar bo‘yicha Davlat maslahatchisi etib tayinlangandi.

2017 yilning 22 dekabrda O‘zbekiston hukumati va parlamentining qo‘shma yig‘ilishida ilk bor ma’ruza qilgan prezident Shavkat Mirziyoev mamlakatdagi huquq-tartibot organlari, jumladan Milliy xavfsizlik xizmatini tanqid qilgan edi.

2018 yil 31 yanvar kuni Milliy xavfsizlik xizmatining kengaytirilgan hay’at yig‘ilishida esa Milliy xavfsizlik xizmati isloh qilinishi ma’lum qilingan.